Toshkentda dunyodagi ijtimoiy tengsizliklar, tabaqalanishning salbiy oqibatlari muhokama etildi

Reproduktiv salomatlik va huquqlar sohasidagi tengsizliklar jahon hamjamiyatining rivojlanish maqsadlariga erishishga ta’sir ko‘rsatayotgan bir davrda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilinib, ushbu masalalar yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida islohotlar amalga oshirilmoqda.

Milliy matbuot markazida BMT Aholishunoslik jamg‘armasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan «Dunyodagi tengsizliklar: reproduktiv salomatlik va huquqlar» mavzuida tadbir tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari E.Bositxonova, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari M.Yabuta va boshqalar O‘zbekistonda fuqarolarning farovon umr kechirishini kafolatlash, sog‘lom oilani shakllantirish, ayollar va bolalar sog‘lig‘ini mustahkamlash hamda barkamol avlodni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladi.

Jamiyatda ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplarini ta’minlash Konstitutsiyamizning tegishli bandlari bilan mustahkamlab qo‘yilgan.

Reproduktiv salomatlik va huquqlar sohasidagi tengsizliklar jahon hamjamiyatining rivojlanish maqsadlariga erishishga ta’sir ko‘rsatayotgan bir davrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilinib, ushbu masalalar yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini taminlash maqsadida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu yil 12-dekabr kuni davlatimiz rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan mamlakatimiz tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, muhtoj fuqarolarni reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, homilador ayollarga perinatal xizmat ko‘rsatish, onalar, go‘daklar va bolalar o‘limini kamaytirish, tug‘ma nuqsonli va nasliy kasalliklar bilan tug‘ilishlarning oldini olish, tug‘ruq komplekslari va bolalar shifoxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlashga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.

Tadbirda xalqaro mutaxassislarning dunyodagi ijtimoiy tengsizliklar, tabaqalanishning salbiy oqibatlari va uning taraqqiyotga ta’siri singari mavzularda ma’ruzalari tinglandi. Ushbu muammolarning oldini olish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA