Nukusda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining oltinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, shahar va tumanlarga ulangan holda videokonferensiya shaklida oʻtgan sessiyada Oliy Majlis deputatlari, senatorlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hukumati aʼzolari, sektor rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, dunyo xalqlarini xavotirga solayotgan koronavirus pandemiyasi bizning mamlakatimizni ham chetlab oʻtmadi. Bu esa davlatimiz iqtisodiyotiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi bilan birga, insonlarni hayotdan olib ketish holatlari ham uchramoqda. Shu jumladan, taniqli davlat va jamoat arbobi, Oʻzbekiston Qahramoni, uzoq yillar mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari lavozimida samarali faoliyat yuritgan samimiy inson Musa Tajetdinovich Yerniyazovning vafoti xalqimizni chuqur qaygʻuga soldi. U mehnat faoliyati davomida oʻzining bilim va tajribasi, Vatanimizga beqiyos muhabbati va sadoqati bilan haqli ravishda xalqimizning qalbidan chuqur joy oldi.
Yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalqimizning baxtli va farovon turmushini taʼminlash borasida yuksak natijalarga erishdi. Muhtaram Prezidentimiz Musa Tajetdinovichning vafoti munosabati bilan boʻlib oʻtgan taʼziya marosimida: “Musa Yerniyazov qahramon xalqning qahramon rahbari edi» deb u kishining mehnatlariga yuksak baho berdi.
Sessiya ishtirokchilari taniqli davlat va jamoat arbobi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari Musa Tajetdinovich Yerniyazov xotirasi uchun bir daqiqa sukut saqladi.
Barchamizga maʼlum, Prezidentimiz rahbarligida joriy yilning 12-avgust kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy-sanitariya xizmatlari sifatini tubdan yaxshilash, bu borada olib borilayotgan ishlarga masʼuliyat va javobgarlik bilan qarash yuzasidan sogʻliqni saqlash tizimidagi masʼullarning aholiga murojaatini yoʻllash boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi. Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, pandemiya davrida ishlab chiqarishni davom ettirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, kam taʼminlangan oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, oʻtgan vaqt mobaynida mazkur yoʻnalishda qabul qilingan 20 dan ortiq farmon va qarorlar tadbirkorlar hamda ishbilarmonlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda, aholi turmush tarzini yaxshilashda, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, pandemiya sharoitida tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida soliq turlari boʻyicha jami 282,4 milliard soʻmlik imtiyoz berilib, ushbu mablagʻlarni tadbirkorlarning oʻzlarida qolishiga imkoniyat yaratildi. Shuningdek, barcha turdagi kreditlarga prolangatsiyalarning berilganligi natijasida 1 trillion 201 milliard soʻmlik kreditni toʻlash muddati uzaytirildi.
Bugungi kunda aholi bandligini taʼminlash hamda daromadini orttirish davlatimiz siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan yaqindagina qabul qilingan maxsus farmon asosida joriy yilning 1-sentyabridan boshlab pensiyalarning miqdori 10 foizga oshishi belgilandi. 2 yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi va 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqalar 6 oy muddatga choʻzildi. Bugungi kunda jami 2522 nafar tibbiyot xodimiga 10,2 milliard soʻmlik bir martalik moddiy yordam pul mukofoti berilmoqda.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining joriy yil 30-iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi farmoni asosida Qurbon Hayiti bayrami munosabati bilan “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida moddiy yordam va koʻmakka muhtoj 14 ming 596 oilaga jami 14 milliard 155,2 million soʻm miqdorida moddiy yordam pullari berildi. Pandemiya davrida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida yaratilgan yangi tizim asosida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida tashkil etilgan maxsus jamgʻarmaga homiylar hisobidan 6,8 milliard soʻm miqdorida mablagʻ kelib tushdi. Shundan yordamga muhtoj boʻlgan 26 ming 257 nafar oilaga 4,4 milliard soʻmdan ortiq boʻlgan moddiy va moliyaviy yordam koʻrsatildi.
Sessiya kun tartibida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining karantin talablari bosqichma-bosqich yumshatib borilishi munosabati bilan fuqarolar sanitariya talablariga qatʼiy rioya etishlari zarurligi, aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamning yuqori sifatli va oʻz vaqtida koʻrsatilishi yuzasidan murojaati toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi. Deputatlar tomonidan fikr va takliflar bildirildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Shuningdek, “Qoraqalpogʻiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qonuni loyihasi, “Qoraqalpogʻiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida” Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi idoralararo komissiyasi raisining hisoboti, 2020-yilning birinchi yarmida huquqiy targʻibot va maʼrifiy ishlarning holati toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirining axboroti, Joʻqorgʻi Kenges Prezidiumi tomonidan sessiyalar oraligʻida qabul qilingan tegishli qarorlarni tasdiqlash haqidagi masalalar koʻrib chiqildi.
Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri Nurdinjon Ismoilov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Qahramon Sariyev ishtirok etdi.
Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA