Koronavirus tarqalishi xavfi eng yuqori boʻlgan joylar maʼlum qilindi

Tungi klublar, pab va barlar koronavirus infeksiyasi tarqalishi uchun eng qulay nuqtalar ekan. Mashhur “The Telegraph” nashri tajribali ekspertlar ishtirokida oʻtkazgan soʻrov natijalari shunday xulosa chiqarishga asos boʻlgan.
Nottingem universiteti molekulyar biologiya professori Jonatan Bollning soʻzlariga qaraganda, yuqorida sanab oʻtilgan joylarga odamlar, asosan, muloqot maqsadida kelishadi. Buning ustiga sheriklar bir-biriga yaqin turishadi. Ayni holatda xavfsizlik uchun taqozo etiladigan oraliq masofani saqlash juda qiyin.
Lesterdagi Qirollik shifoxonasi virusologi Julian Tang taʼkidlashicha, spirtli ichimlik ichgan shaxslar, tabiiyki, hushyorlikni yoʻqotadilar va zarar qoidalarni unutib qoʻyadilar.
Maqola mualliflari, shuningdek misol tariqasida Janubiy Koreyadagi “super tarqatuvchi” yigit bilan kechgan voqeani ham keltirishgan. Maʼlum boʻlishicha oʻsha “qahramon” bir kechaning oʻzida 5 ta bar va tungi klubni kezib chiqqan. Keyinchalik COVID-19 tahlili musbat natija bergan ushbu virus tashuvchi yigit oʻsha tun dam olish maskanlari boʻylab sayr qilganda 100 dan ziyod fuqaroga koronavirus kasalligini yuqtirgani aniqlangan. Shundan soʻng Seul shahri meri bar va klublarni yopish toʻgʻrisida qaror chiqargan.

 

OʻzA