Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-avgust kuni Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻani bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari muqaddas Qurbon hayit ayyomi munosabati bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik va farovonlik tiladilar.
Keyingi yillarda mustahkam doʻstlik va anʼanaviy yaxshi qoʻshnichilik rishtalariga, tarix, anʼana va urf-odatlar mushtarakligiga asoslangan Oʻzbekiston-Afgʻoniston munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Muloqot chogʻida ikki tomonlama hamkorlik, avvalo, iqtisodiyot, energetika va transport-kommunikatsiya sohalaridagi amaliy sheriklikni kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi. Mintaqaviy ahamiyatga molik eng muhim masalalar yuzasidan ham batafsil fikr almashildi.
Davlat rahbarlari ikkala mamlakatda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va epidemiologik vaziyatni nazorat qilish borasida koʻrilayotgan qatʼiy chora-tadbirlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashlarini bildirdilar.
Pandemiyaning salbiy oqibatlarini kamaytirish hamda mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar surʼatini saqlab qolish muhimligi qayd etildi.
Prezidentlar Afgʻonistonning barqaror taraqqiyotiga, mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirok etishiga xizmat qiladigan ustuvor infratuzilma va investitsiya loyihalarini ilgari surish borasidagi saʼy-harakatlarni faollashtirishga muhim eʼtibor qaratdilar.
Bular chegaraoldi hududlarda zamonaviy savdo-logistika infratuzilmasini yaratish, “Surxon – Puli Xumri” elektr uzatish liniyasini barpo etishdek yirik loyihalarni amalga oshirish va Afgʻoniston hududida samarali transport yoʻlaklarini tashkil etish, jumladan, xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlar imkoniyatlarini faol jalb qilishni nazarda tutadi.
Taʼlim va madaniy-gumanitar almashinuv boʻyicha qoʻshma dasturlarni amalga oshirish davom ettiriladi.
Oʻzbekiston va Afgʻoniston rahbarlari afgʻon muammosini tinch yoʻl bilan yechish masalalarini koʻrib chiqdilar hamda afgʻonlar oʻrtasida oʻzaro muzokaralarni tez fursatda boshlash boʻyicha olib borilayotgan harakatlarni toʻliq qoʻllab-quvvatladilar.
Prezident Ashraf Gʻani 2018-yil mart oyida boʻlib oʻtgan hamda natijalari afgʻon inqirozini siyosiy yoʻl bilan hal etishda salmoqli siljishga erishish imkonini bergan Afgʻoniston boʻyicha Toshkent xalqaro konferensiyasining tarixiy rolini alohida qayd etdi.
Muloqot yakunida davlat rahbarlari ikki mamlakat va butun Markaziy Osiyo mintaqasi manfaatlari yoʻlida koʻp qirrali sheriklikni yana-da kengaytirish borasida qatʼiy ekanliklarini taʼkidladilar.
Suhbat har doimgidek ochiq va doʻstona ruhda oʻtdi.
O’zA