Nukusda ijodkor harbiylar oʻrtasida qoʻshiqlar tanlovi oʻtkazildi

Mustaqilligimizning 29 yilligi oldidan
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligi bayramiga bagʻishlab, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug miqyosida “Yagonasan, muqaddas Vatan!” anʼanaviy vatanparvarlik qoʻshiqlar koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtdi.
Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.
COVID-19 pandemiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha mamlakat boʻylab olib borilayotgan keskin kurash va jiddiy karantin qoidalari joriy etilgani bois bu yilgi koʻrik-tanlov oʻzgacha tartibda, yaʼni muxlislarsiz oʻtkazildi.
Harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi hamda Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassislari tomonidan tuzilgan hayʼat aʼzolari nizom talablariga muvofiq ishtirokchilarni baholab bordi.
Saf, estrada va lirik qoʻshiqlar yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazilgan koʻrik-tanlovda jami 9 nafar harbiy xizmatchi oʻzaro bellashdi. Eʼtiborlisi, bu yilgi chaqiruv mavsumida muddatli harbiy xizmatni oʻtash uchun yaqindagina kelgan 5 nafar askar ham tanlovda qatnashib, 4 nafar kontrak boʻyicha harbiy xizmatchiga munosib raqobat koʻrsata oldi.
Ishtirokchilarni baholash ijrochilik mahorati, qoʻshiq matni va badiiy saviyasi, musiqa va qoʻshiqning mazmuni tanlov maqsadiga mosligi, ijrochilarning sahnadagi madaniyati kabi mezonlar boʻyicha amalga oshirildi.
Tanlovning yakuniy natijalariga koʻra, saf qoʻshiqlari yoʻnalishi boʻyicha Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestrining musiqachilari kichik serjant Farrux Odinayev va kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi Nodir Anorboyev tomonidan juftlikda ijro etilgan “Qasamyod” qoʻshigʻi birinchi oʻringa loyiq, deb topildi.
Estrada yoʻnalishida kichik serjant Akbarali Zinatullayev tomonidan oʻzgacha talqinda, yaʼni REP janrida aytilgan “Vatanim” qoʻshigʻi yuqori baholandi.
Lirik qoʻshiqlar yoʻnalishida bir necha marotaba yuksak natijalarni egallab kelayotgan kichik serjant Anvar Xudoyberganov tomonidan kuylangan “Vatan – sajdagohim” qoʻshigʻi gʻoliblikni olib berdi.
Gʻoliblar diplomlar bilan taqdirlanib, koʻrik-tanlovning keyingi bosqichi, yaʼni Mudofaa vazirligi qoʻshinlari miqyosida oʻtkaziladigan finalda ishtirok etish uchun yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

 

O’zA