Shu jihati bilan ayni paytda amaliyotga faol tatbiq etilayotgan oʻzini oʻzi band etish tizimi odamlarga maʼqul kelmoqda. Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasidan maʼlum qilishlaricha hozirgacha hududda oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar soni 5,5 ming nafarga yaqinlashdi.
Tomorqasida yetishtirgan mahsulotni bozorda sotayotgan, uyda turli roʻzgʻor asboblarini yasayotgan, maishiy elektr buyumlarini taʼmirlash bilan shugʻullanayotgan, qishloqning molini boqayotgan, xullas oddiygina kundalik yumushlarini bajarib roʻzgʻor tebratayotgan kishilar koʻp. Ular oʻzlarini tadbirkor hisoblamaydi, ammo ishsiz ham emas. Ularning koʻpchiligini bir muammo – keksayganida pensiyaga chiqish oʻylantiradi.
Soliq inspektorlari tomonidan aholi oʻrtasida oʻtkazayotgan tushuntirishlar natijasida bugun ana shunday yakka tartibda xususiy ishlab kelayotgan kishilar oʻzini oʻzi bilan band qilganlar roʻyxatidan oʻtayotir. Koʻpchilikni davlat roʻyxatidan oʻtib ishlaganda pensiya jamgʻarish imkoniyati paydo boʻlishi qiziqtirmoqda.
Sharof Rashidov tumanida yashovchi Sayyora Mirzayeva koʻp yillardan buyon tomorqasida yetishtirgan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini bozorda sotish bilan shugʻullanadi. Voyaga yetgan ikki oʻgʻli ham hunarmand, xususiy ish qilishadi.
– Ancha yildan buyon bozorda turgan joyimga chek toʻlab, ishlashga oʻrganib qoldim, – deydi Sayyora opa. – Ikki oʻgʻlim hunarmand, ular ham ijara haqidan boshqa narsa toʻlamaydi. Baʼzan bizning pensiyamiz nima boʻladi deb oʻylab qolardik. Soliqchilar kelib tushuntirish berishdiki, birgina ijtimoiy soliqni toʻlash orqali ish stajiga ega boʻlish mumkin ekan. Bu biz uchun kutilmagan yaxshi imkoniyat boʻldi. Uchovimiz ham roʻyxatdan oʻtdik.
Uyida roʻzgʻor yumushlari, bolalar tarbiyasi bilan shugʻullanib, biror hunar bilan oilasiga daromad keltirayotgan ayollar anchagina. Ularning koʻpchiligiga aynan shunday ishlash maʼqul.
Jizzax shahrida yashovchi Shirin Murodova uyda tikuvchilik bilan shugʻullanadi. Hunari tufayli yashashidan rozi.
– Pardalar, ayollar liboslarini tikaman, – deydi u. – Daromadim yomon emas. Ayniqsa, uyda zimmasida roʻzgʻor ishlari, bolalar tarbiyasi boʻlgan men kabi bolali ayollarga shu ish qulay. Soliqchilar kelib tushuntirishganidan soʻng iyul oyida oʻzini oʻzi band qilgan fuqaro sifatida roʻyxatdan oʻtdim. Endi menga ish staji yoziladi. Uyda oʻtirib, pensiyamni jamgʻarayapman.
Forishlik Fattoh Yusupov ota kasbi choʻponlik bilan shugʻullanadi. Otasi davlat, shirkat xoʻjaliklari qoʻyini boqib pensiyaga chiqqan edi.
– Men odamlarning shaxsiy qoʻyini bahordan qishgacha boqib beraman. Shu paytga qadar menga hech kim ish stajini yuritish, keksayganda pensiya nima boʻlishi haqida tushuntirmagan edi. Soliqchilarga rahmat. Meni topib kelib tushuntirish berishdi. Faqatgina bitta soliq turini toʻlab borsam, menga ish staji yozilar ekan. Pensiya yoshiga hali 12 yil bor. Bu menga juda ham maʼqul keldi. Qonuniy ekanligi yoqdi.
T. BEKNAZAROV. OʻzA