“Barcha oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tili va adabiyoti fanlari oʻqitiladi” degan xabardan soʻng...

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi qoʻllanilishini kengaytirish, rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, oʻqitish metodikasini takomillashtirish boʻyicha 2019-2020-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi”da belgilangan vazifalarga asosan 2019-yil oxirida barcha nofilologik OTMlarda oʻzbek tili va adabiyoti fanlarini oʻqitishni yoʻlga qoʻyish hamda kafedralar tashkil etish vazifasi belgilangan edi. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan taqdim etilgan ayrim manbalarga asosan bugungi kunda 59 ta oliy taʼlim muassasasida Oʻzbek tili va adabiyoti kafedralari toʻliq faoliyat olib bormoqda. 2020/2021 oʻquv yilidan 91 ta oliy taʼlim muassasasining barchasida Oʻzbek tili va adabiyoti kafedralari toʻliq faoliyat olib borishi taʼkidlangan.
Yil boshidan buyon barcha ommaviy axborot vositalari, televideniye, ijtimoiy tarmoqlar “Endi barcha oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tili va adabiyoti fanlari oʻqitiladi” degan xabarlar bilan bong urdi. Ha, azizlar, ana endi ona yurtimizda ona tilimizning mavqei va imkoniyatlari kengayadi, boʻlajak mutaxassislar qancha tilni bilishidan qatʼi nazar, birinchi galda oʻz ona tilida yetuk kadr boʻlishi, sohaviy ish yuritish malakasiga ega boʻlishi talab qilinadi, deb juda xursand boʻldik. Afsuski…
Xoʻsh, deyarli barcha nofilologik OTMlarda oʻzbek tili va adabiyoti kafedralari tashkil qilindi, rejada belgilangan vazifa bajarildi, nega endi afsus?
Joriy yilning iyul oyi boshlarida OʻzR OOʻMTV tizimidagi boʻlinmalar, hududiy boshqarmalar hamda taʼlim muassasalarida “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun hujjatlariga rioya etilishini oʻrganish yuzasidan komissiya tarkibida Toshkent shahridagi bir qator oliy taʼlim muassasalaridagi holatni oʻrgandik. Oʻrganilgan masalalar tarkibida universitetlarda yangi tashkil etilgan oʻzbek tili va adabiyoti kafedralari faoliyati, kadrlar hamda oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlanishi masalalari ham oʻrin olgan edi. Aytilganiday, kafedralar tashkil etilgan, jihozlangan, 8-10 ta mutaxassislar ham faoliyat olib bormoqda. Masalan, Toshkent davlat agrar universitetida “Oʻzbek tili va adabiyoti” kafedrasi 2019-yil 16-dekabrda universitetdagi Tillar kafedrasi negizidan ajratilib tashkil etilgan. Kafedrada jami 11.25 shtat birligi mavjud boʻlib, shundan Oʻzbek tili faniga jami 1517 soat uchun 1,75 shtat birligi ajratilgan (2 shtat ham emas). Milliy guruhlarda rus tili fani, qoʻshma taʼlim dasturi asosida “Ruskiy yazыk i kultura rechi” fani uchun 10,414 soat uchun 10,5 shtat birligi ajratilgan. (Salkam 11 shtat). Xuddi shunday holat Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent kimyo-texnologiyalari institutida ham kuzatildi. Maʼlumot uchun chet tillar kafedrasi bilan ham qiziqib koʻrdik, ularda oʻrtacha 25ta professor-oʻqituvchi faoliyat koʻrsatadi.
Endi boshimizdan doʻppini bir olib qoʻyib mulohaza yuritsak. Deyarli barcha bakalavr taʼlim yoʻnalishlarida chet (ingliz) tili fani 4-5ta semestr davomida oʻqitiladi. Toʻgʻri, boʻlajak kadrlarning chet tilini bilishi muhim, dunyoga busiz chiqib boʻlmaydi. Xoʻp, mayli, bunisiga ham rozimiz.
Deyarli barcha OTMlarda xorijiy davlatlar universitetlari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari faoliyat olib bormoqda. Ularning oʻquv rejalari bilan qiziqdik. Jumladan Rossiya bilan qoʻshma taʼlim dasturlarining deyarli barchasida “Ruskiy yazыk i kultura rechi” fani, Koreya bilan taʼlim dasturlarida “Koreys tili” fanlari kiritilgan. Tabiiy, har bir davlat yoki millat oʻz manfaatlarini birinchi galda oʻz tili va adabiyoti, uni oʻrgatish va targʻib qilish orqali olib kiradi. Mayli, bunisiga ham rozimiz.
Endi gap yuqoridagi shov-shuvli xabardan keyin ham oʻnglanmagan, nofilologik taʼlim yoʻnalishlarida ingliz tili, rus tili uchun topilgan “otning kallasiday”soatlardan ozgina bir qismi tarkibida boʻlsayam oʻz davlatida oʻrin topolmayotgan oʻzbek tili haqida. Yangi tashkil etilgan oʻzbek tili va adabiyoti kafedralarining ismi jismiga monandmi? Yoʻq, chunki ulardagi asosiy oʻquv soatlari boshqa tillarni oʻqitishga moʻljallangan, arzimas qisminigina rus guruhlarda oʻzbek tili soatlari tashkil qiladi. Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi Dasturida belgilangan milliy guruhlarda oʻqitilishi rejalashtirilgan “Nutq madaniyati”, “Davlat tilida ish yuritish” fanlarini oʻquv rejaga kiritish haqida biror aniq topshiriq yoʻq, shu sabab mazkur fanlarni qoʻshimcha yoki tanlov fanlari hisobidan kiritish boʻyicha fikrlar bildirilmoqda. Boshqa tillarni oʻqitishga oʻquv rejada I blokda joy va kattagina soat ajratilgan holda, oʻz milliy gʻururimizni – tilimizni oʻz davlatimizda “tanlab” yoki “qoʻshimcha qilib” oʻqitish qaysi hamiyatimizga mos keladi? Azizlar, oʻzbeklarda “Mehmon otangdan ulugʻ” degan gap bor. Mana shu hikmatga asosan “mehmon” tillarni oʻqitishga ruju qoʻyib, oʻz milliy manfaatimizning togʻday yoʻqotilishiga jim qarab turishimizni nima bilan oqlaymiz? Mana endi bunga rozi emasmiz, aslo!
Yangi oʻquv yilidan taʼlim yoʻnalishlari kredit-modul tizimiga oʻtayotganligi, yangi oʻquv rejada yondosh fanlar qisqartirilib, mutaxassislik fanlariga asosiy eʼtibor qaratilayotganligi, shu sababli oʻquv reja hajmida ingliz tiliga topilgan oʻrin oʻzbek tiliga topilmayotganligi…. bular endi vaj emas. Har bir davlatning milliy kadri uning MILLIY boyligidir! Oʻz sohasi doirasidagi til imkoniyatlarini bilish, sohaviy ilm tilini, terminologiyasini, oʻz sohasida ish yuritish tilini bilishi bu – mutaxassislik fani talabi boʻlmay, nima axir?!
Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqqan holda takliflarimiz quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi qoʻllanilishini kengaytirish, rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, oʻqitish metodikasini takomillashtirish boʻyicha 2019-2020-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi”da belgilangan OTMlarda oʻzbek tili va adabiyoti kafedralari xususida belgilangan vazifalar ijrosi jiddiy nazoratga olinishi kerak.
Barcha nofilologik taʼlim yoʻnalishlarida oʻzbek tilini umumkasbiy fanlar bilan integrativ tarzda, sohaga yoʻnaltirib oʻqitilishiga jiddiy eʼtibor qaratish lozim.
Rejada belgilangan 90dan ortiq OTMlarda tashkil qilingan va qilinadigan oʻzbek tili va adabiyoti kafedralari uchun bakalavriatning milliy guruhlarida kasbiy nutq madaniyati, soha terminologiyasi hamda davlat tilida ish yuritish modullarini oʻz ichiga olgan sohaviy oʻzbek tili fanlari oʻqitilishi 2020-2021 oʻquv yilidan yoʻlga qoʻyilishi lozim.
Oʻzbek tilini sohaga yoʻnaltirib oʻqitish boʻyicha fan dasturini ishlab chiqish uchun malakali kadrlardan iborat ishchi guruh tuzilishi va mazkur dastur mazmuni zamon talablariga mos tarzda tuzilishiga jiddiy eʼtibor qaratilishi lozim (Yangi oʻquv yiliga juda oz fursat qolganligini hisobga olgan holda).
Mazkur vazifalarning yechimi yaqin istiqbolda milliy kadrlar tayyorlash tizimida tub sifat burilishiga olib keladi, oʻzbek tili yaqin kelajakda toʻlaqonli ilm-fan tiliga aylanadi; bugun tinimsiz jar solayotgan ogʻriqli nuqtalarimizning anchasi bartaraf boʻladi, deb umid qilishimizga imkoniyat yaratiladi.
M.Saparniyazova, Alisher Navoiy nomidagi
 
ToshDOʻTAU dotsenti

 

OʻzA