JSST Oʻzbekistonga qiymati 4 million dollardan ortiq insonparvarlik yukini yetkazib berdi

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) Yevropa mintaqaviy byurosi Birdamlik va “COVID-19”ga javob berish global jamgʻarmasi orqali tashkilot Bosh qarorgohi tomonidan xarid qilingan, umumiy qiymati 4 million AQSH dollaridan ortiq va umumiy ogʻirligi 85 tonnaga yaqin boʻlgan insonparvarlik yukini “COVID-19” pandemiyasiga javob chora-tadbirlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga yetkazib berdi.

JSSTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi koʻmagida Insonparvarlik yukini joʻnatish ikki bosqichda amalga oshirildi. Birinchi qism Toshkentga 8-iyulda yetib kelgan boʻlib, undan yuz uchun 619 400 ta himoya qalqoni va 2 176 000 dona jarrohlik niqobi oʻrin olgan. Ikkinchi partiya poytaxtga 17-iyulda yetkazib berildi. U shaxsiy himoya vositalari, jumladan, himoya koʻzoynagi (95 200 dona), himoya xalatlari (178 000 dona), jarrohlik niqoblari (12 000 dona), KN95 respirator niqoblaridan (1 064 000 dona) iborat edi.

Yuk Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga topshirish uchun moʻljallangan.

BMT ning Oʻzbekistondagi vakilligi axborotida qayd etilishicha, olingan insonparvarlik yuki Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan Oʻzbekistonga koʻrsatilayotgan yordamning bir qismidir.

 

OʻzA