Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida Oʻzbekiston raisligida MDH Iqtisodiy kengashi qoshidagi Iqtisodiy masalalar boʻyicha komissiya majlisi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda MDHga aʼzo mamlakatlarning vakolatli vakillari hamda tegishli diplomatik missiyalar, shuningdek MDH Ijroiya qoʻmitasi rahbarlari va vakillari ishtirok etdilar.
Kun tartibiga muvofiq, 21 ta masala koʻrib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Majlis davomida “Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining 2020-yilgacha boʻlgan davrda Iqtisodiy rivojlanish strategiyasi amalga oshirilishining asosiy yakunlari toʻgʻrisida va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining 2030-yilgacha boʻlgan davrda Iqtisodiy rivojlanish strategiyasining birinchi bosqichi (2021-2025-yillar)ni amalga oshirish boʻyicha tadbirlar rejasi loyihasi toʻgʻrisida”, “MDH ishtirokchi mamlakatlarining 2030-yilgacha boʻlgan davrdagi davlatlararo innovatsion hamkorlik dasturi loyihasi toʻgʻrisida”, “MDH ishtirokchi mamlakatlarining jamiyatni raqamli rivojlantirish sohasidagi axborot hamkorligi haqidagi bitim loyihasi toʻgʻrisida”gi dasturiy hujjatlar muhokama qilindi va tasdiqlandi.
MDH mamlakatlarining 2030-yilgacha boʻlgan davrda atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi Hamkorlik dasturi va mazkur hujjatning birinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha Harakatlar rejasi (2021-2025-yillar) loyihalari hamda boshqa qator masalalar koʻrib chiqildi.
Komissiya tomonidan tasdiqlangan hujjatlar koʻrib chiqish uchun Iqtisodiy kengash va MDH Hukumat rahbarlari kengashiga yuboriladi.
OʻzA