Karantin qoidalarini buzganlikda ayblashsa...

Dolzarb savollarga tezkor javoblar
Bu borada tuzilgan bayonnomadan norozi boʻlgan fuqarolar amaldagi qonunchilikka koʻra oʻz haq-huquqlarini buzilgan deb hisoblasa, belgilangan tartibda sudga murojaat qilishi mumkin.
Bu izohga qoʻshimcha qilgan Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara Oʻrinboyeva yana-da kengroq tushuntirish berdi.
– Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Prezidiumining qaroriga asosan, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida fuqarolar hujjatlarini sudga faqat elektron shaklda yoki pochta orqali taqdim etishlari tavsiya etilgan.
Shuningdek, sudlarga buyruq tartibida ish yuritishni hal qilishga doir bir qator ishlarni koʻrib chiqish tayinlangan. Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash, qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish, oʻzgartirish yoki bekor qilish, fuqarolarni tibbiyot muassasalariga joylashtirish, maʼmuriy qamoqqa olish, fuqarolarni ruhiy kasalliklar muassasasiga majburiy joylashtirish kabilar shular jumlasidandir.
– Hozirda tadbirkorlik subyektlarining dori vositalari yoki tibbiy buyumlarni import qilishi boʻyicha qonunchilikda biror imtiyoz mavjudmi?
– Koronavirus infeksiyasi keng tarqalishiga qarshi kurashishda mamlakatda dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar taqchilligining oldini olish, kasallangan bemorlarga oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida COVID-19 infeksiyasini davolashda qoʻllaniladigan tibbiy buyumlar, tibbiy texnikalar, dori vositalari va biologik faol moddalarni yurtimizga olib kirish tartibi soddalashtirildi.
Unga koʻra joriy yilning 1-oktyabriga qadar 84 turdagi tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar, jumladan kislorod konsentratorlar, puls oksimetrlari hamda sink, magniy, selen yoki vitamin “D” moddalarini saqlovchi biologik faol qoʻshimchalar import qilinganda davlat roʻyxatidan oʻtkazilmasdan va majburiy sertifikatlashtirilmasdan bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshiriladi (import qilinganda) va realizatsiya qilinadi.
Shuningdek, 46 turdagi dori vositalari import qilinganda 5 kunlik muddatda sertifikatlashtirish asosida bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshiriladi va realizatsiya qilishga ruxsat berildi.
– 12 yoshga toʻlmagan farzandi boʻlgan yolgʻiz onani ish beruvchi ish haqi saqlanmagan holdagi mehnat taʼtiliga chiqarishi qanchalik qonunlarimizga mos keladi?
– Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 150-modda 1-qismiga koʻra xodimning arizasiga koʻra unga ish haqi saqlanmagan holda taʼtil berilishi mumkin, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra belgilanadi.
Shuningdek, ayrim toifadagi shaxslarga, jumladan oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolani tarbiyalayotgan yolgʻiz ayollarga ularning xohishiga koʻra, ish haqi saqlanmagan holdagi taʼtil muqarrar tartibda beriladi
Demak, ish beruvchi sizning roziligingizni olmasdan ish haqi saqlanmagan holda mehnat taʼtiliga chiqarishi mumkin emas.

 

OʻzA