15 kunlik ish uchun 15 million soʻmgacha maosh taklif qilinmoqda

Facebook ijtimoiy tarmogʻidagi “Maslahat.uz” guruhi foydalanuvchisi Bahodir Boboyev tomonidan post joylashtirildi. Unda quyidagicha maʼlumot keltirilgan:

“15 kunlik ish uchun 5 000 000 dan 15 000 000 soʻmgacha maosh taklif qilinmoqda

Barcha uchun!!!

#Xabaringiz bor, poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz”da koronavirus xastaligiga gumon qilinayotgan bemorlarni tekshiruv va tahlildan oʻtkazish uchun maxsus 500 oʻrinli Taqsimlash markazi tashkil etildi.

Toshkent shahar hokimligi tomonidan mazkur yangi quvvatni ishga tushirish uchun tibbiyot xodimlari ishga jalb qilinishi maʼlum qilindi.

Ish 15 kunlik navbatchilik tartibida tashkil qilinadi hamda xodimlarga quyidagi umumiy hisobdan:

vrachlarga 15 000 000 soʻm;
hamshiralarga 10 000 000 soʻm;
kichik tibbiyot xodimlariga 5 000 000 soʻm;
koʻngillilarga 5 000 000 soʻm
kunlik tartibda ish haqi toʻlanadi.

Ish vaqti 12 soatdan iborat boʻlib, 8 soat ish, 4 soat dam olish vaqti koʻzda tutilgan.

Tibbiyot xodimlari tibbiy himoya vositalari bilan taʼminlanadi. Xodimlarga yotoqxona va ovqatlanish toʻliq tashkil qilingani holda, maoshlari har kuni toʻlab boriladi.

Murojaat uchun: 71 210 02 02, 71 210 02 31″

photo_2020-07-23_05-30-55.jpg

Mazkur xabarga yurtdoshlarimiz shaxsiy fikrlarini bildirishdi.

Raʼno Rahmonova:
– “Medsestra” diplomim bor, universitetda oʻqidim, uch yil maktabda ishladim. Borsammi deb uylanib qoldim men ham. Toʻgʻrisi, bu dard Allohni bergan sinovi, bari bir hamma bunga chalinib oʻtadi, buni toʻxtatishga ancha vaqt ketadi. Shuning uchun koʻnglimda qoʻrquv yoʻq. Borib ishlasammi, avvalo Xudo. Uyda hech kimga aytishni xam istamayman.

Mohira Gʻanixonzoda:
– Boramiz shu kasallikdan qutilish uchun. Pul toʻlamasa ham borish kerak.

Maftuna Buronova:
– Man boraman deb telefon qildim, faqat Toshkent viloyati va shahri dedi. Eʼlonda esa butun Oʻzbekiston deyilgan.

Nargiza Hakimova:
– Men hamshira emasman , lekin ukollarning hammasini qilishni bilaman. Savob uchun boraman.

Abdugʻaffor Shukurov:
– Bu reklama. Aytilgan pullarni berishmaydi bari bir.

Qahramon Odilov:
– Bizni oʻzbeklar ishni umuman oʻylamaydi. Faqat puli koʻziga koʻrinadi. U yerga borgandan keyin oxirigacha ishlash kerak boʻladi. Orqaga yoʻl yuq. Shuni ham hisobga olib boringlar.

Abror Olimjonov:
– Men ishladim karantinda vaʼda qilingan pul berilmadi. Qaytib umuman bormayman berishmaydi bari bir. Qogʻozda u faqat.

Bahodir Egamberdiyev:
-Agar shu haqiqat boʻlsa endi toʻgʻri yoʻldasizlar, rahmat. Shunday har sohada ish yuritsanglar, xalqni ishonchini tiklaysizlar. Bardam boʻlinglar.

Dilafruz Rasulova:
– Hamma uyida tez tez qoʻl yuvib qarindoshlar bilan bordi-keldini toʻxtatib turinglar. Vaqtincha hech kimni uyingizga kiritmang, xafa boʻlishsayam kemanglar, kirmanglar deb aytinglar. Alloh hammani oʻz panohida asrasin. Bu kunlar ham oʻtib ketadi Inshaalloh.

Furqat Pardayev:
– Koʻrinmas dushmanga qarshi urush ketayapti. Vatanparvar fidoyilar boʻlsa oʻzini koʻrsatish vaqti keldi. Shifoxonalarga “volontyorlar” yaʼni koʻngillilar juda kerak. Borib yaqinlaringizga yordam beringlar koʻnglini koʻtarish ham ijobiy natija beradi.

Hamjihatlik asosiy qurolimiz! Karantin qoidalariga qatʼiy amal qilib, ayni sinovli kunlarda birlashishimiz, bemorlarga dalda boʻlishimiz bilan bu ofatdan tezroq xalos boʻlishimiz mumkin.

Manija Bahriyeva,
jurnalist

 

OʻzA