Blogerlarning davri keldi, degan gaplarni koʻp eshitamiz. Albatta, ochiqlik siyosati bugun blogerlik faoliyatining rivojida muhim oʻrin tutmoqda. Xalqimizni qiynayotgan muammolar ijtimoiy tarmoqlar va matbuotda keng yoritilyapti, blogerlar dadil oʻz soʻzini ayta olmoqda. Ijtimoiy tarmoqdagi har bir faol odam bloger. Afsuski, oramizdagi baʼzi bir insonlar “bloger” degan nom ostida jamiyatdagi belgilangan qoidalarni buzishga harakat qilyapti.
Margʻilon shahrilik Kamronbek Joʻraboyev 25 yoshda. Hali hayotning achchiq chuchugini totib koʻrmagan bu yigit karantin cheklovlari joriy etilgan vaqtda belgilangan qoidalarga amal qilgisi kelmaganga oʻxshaydi. Qoʻlida uyali telefoni bor, blogerman desa hammayoq unga ochiq boʻladigandek tuyuldi.
U joriy yil 17-iyul kuni soat 11:00larda Margʻilon shahar hududiga kirish uchun tashkil etilgan karantin blok postiga Qoʻshtepa tumani yoʻnalishidan “Kobalt” rusumli avtomashinani boshqarib kelgan. Niqob taqish qoidalarini buzib, maxsus ruxsatnomasi mavjud boʻlmagani holda blok postidan oʻtmoqchi boʻlganida bu yerga biriktirilgan IIB xodimlari tomonidan K.Joʻraboyevga kunduzgi soat 10:00 dan 17:00 ga qadar maxsus ruxsatnomasi mavjud boʻlmagan avtomashinalar harakati cheklanganligi tushuntirilib, avtomashinani yoʻlning qatnov qismidan chetga olishi soʻraladi. U ichki ishlar xodimlarining ushbu qonuniy talablarini bajarmay, boshqaruvidagi avtomashinani “Baxrin” blok postining kirish qismiga koʻndalang holda qoʻyib oladi.
Kamronbek baland ovozda oʻzini bloger ekanligini, maxsus ruxsatnomasi borligini aytib, jarayonni telefoni orqali videoyozuvga olib, internet tarmoqlariga chiqarib yuborishini bildiradi. Jamoat tartibini qasddan mensimasdan baqir-chaqir qilib, fuqarolarning osoyishtaligini buzgan hamda oʻzining huquqbuzarlik harakatlarini davom ettirib, ushbu video va audio yozuvlarni qonunga xilof ravishda YouTube ijtimoiy tarmogʻida tarqatib yuborgan.
K.Joʻraboyev boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashinaning orqa oʻrindigʻida boʻlgan onasi L. Mirzaahmedova farzandini toʻgʻri yoʻlga solish oʻrniga bu yerda baqir-chaqir koʻtarib, ichki ishlar xodimlarini turli xil uyatli soʻzlar bilan haqorat qilgan. Ularning qonuniy talablarni uzrli sabablarsiz bajarmagan.
Margʻilon shahar maʼmuriy sudi tomonidan mazkur huquqbuzarlik ishi koʻrib chiqildi. Blok postda jazavasi qoʻzib, “blogerman” degan huquqbuzar “shunday desam, blok postdan oʻtib ketaman deb oʻyladim” deya maʼlum qildi. Ammo harakatlanish uchun hech qanday stiker yoki ruxsatnomani taqdim eta olmadi.
Internetda tarqalgan videolavhani koʻrgan odam holatni bilmasdan turlicha oʻylashi mumkin. Aniqlanishicha, bu yerda K. Joʻraboyev postda xizmat burchini bajarayotgan ichki ishlar organlari xodimlarini obroʻsizlantirishga harakat qilgan. Axir blogerga hech kim qonunni buzishga, karantin qoidalariga amal qilmaslikka huquq bermaganku? Vaholanki, Kamronbek ichki ishlar xodimlariga internetga chiqarib yuborish bilan tahdid qilgan.
K. Joʻraboyevga 8 sutka maʼmuriy qamoq, onasiga esa jarima jazosi qoʻllanildi. Margʻilon shahar IIB xodimlarining ularga nisbatan sodir etgan harakatlariga huquqiy baho berish uchun shahar prokuroriga maxsus xabarnoma yuborildi.
M.Sulaymonov, OʻzA