Barchamizga maʼlumki, zamonaviy logistika uchun xarajatlarni qoplaydigan va yuqori sifatli transport tizimlari muhim ahamiyatga ega. Dunyo iqtisodiyoti qanday qilib, qayerda va qachon tovarlar ishlab chiqarilishi yoki taqsimlanishi nuqtayi nazaridan chuqur oʻzgarishlarga duch kelganda ham ularning ahamiyati yoʻqolmaydi. Avtomobil transporti xizmatlari mahalliy, mintaqaviy va global qiymat zanjiri oʻrtasidagi koʻprik hisoblanadi.
Jahon banki tomonidan nashr etilgan “Avtomobil transporti xizmatlarini isloh qilish” (Road Freight Transport Services Reform) nomli qoʻllanmada ham transport xizmatlarini koʻrsatishga milliy yoki mintaqaviy darajada muhim iqtisodiy sektor sifatida qaralib, avtotransport xizmatlarini doimiy ravishda isloh qilinishi zarurligi taʼkidlangan.
Hozirda respublikamizda isteʼmolchilarning va ishlab chiqarish talablarining oʻsishi yana-da koʻproq transport operatorlaridan xavfsiz va arzon boʻlgan sifatli yuk tashish xizmatlarini koʻrsatishni talab qilmoqda. Xususan, statistik maʼlumotlarga qaraydigan boʻlsak, 2020-yilning 1-iyul holatiga koʻra, 66 164 ta transport vositalariga nisbatan 69 035 ta litsenziya varaqalari berilgan. Mazkur raqamlar avtomobil transportida yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻycha tashish faoliyatiga boʻlgan talabning yuqoriligidan darak beradi. Biroq mazkur sohada litsenziya berish tartibi byurokratik rasmiyatchilikka aylanib, sohaning rivojlanishiga toʻsiq boʻlayotganligini guvohi boʻlmoqdamiz.
Shu sababli ushbu sektorni isloh qilish, litsenziya va ruxsatnomalar berish sohasida tizimli muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan birga litsenziyalash va ruxsat beriladigan faoliyat turlari roʻyxati qayta koʻrib chiqildi va “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni loyihasi tayyorlandi.
Farmonga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan boshlab, avtomobil transportida yuklarni shaharda, shahar atrofida va shaharlararo tashish uchun litsenziyalar olish tartibi bekor qilinishi taklif etildi.
Amaldagi tartibga qisqacha toʻxtaladigan boʻlsak, avtomobil transportida yuk tashish faoliyati litsenziyalanadigan faoliyat turi hisoblanib, litsenziya berish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-iyuldagi 636-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomobil transportida yoʻlovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti bilan tartibga solinadi. Unga koʻra, tijorat asosida amalga oshiriladigan yoʻlovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyati litsenziyalanadi.
Shunga koʻra, litsenziya olish uchun ariza beruvchi davlat xizmatlari markaziga quyidagi maʼlumotlarni taqdim etadi:
a) yuridik shaxs uchun — yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bankdagi hisob raqami; jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) uchun yuk tashish huquqiga litsenziya olishda — familiyasi, ismi, otasining ismi, pasportga hamda haydovchilik guvohnomasiga oid maʼlumotlar; faoliyatning litsenziyalanadigan turi (yoxud uning bir qismi) koʻrsatilgan holda litsenziya berish toʻgʻrisidagi soʻrovnoma va/yoki litsenziya varaqalari olish uchun korxona ixtiyorida boʻlgan avtotransport vositalarining roʻyxati bilan birga avtotransport vositalarining mulk huquqi, ashyoviy huquqlar yoki ijara asosida tegishliligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
b) ariza beruvchida haydovchilarni tibbiy koʻrikdan va avtotransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish yoxud ariza beruvchining tegishli ixtisoslikdagi tashkilot bilan unga tibbiy koʻrik va texnik koʻrikdan oʻtish imkoniyati yaratib berilishi toʻgʻrisidagi shartnomasi mavjudligi haqidagi maʼlumotlar.
Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida roʻyxatdan oʻtadi.
Litsenziya berish, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki toʻxtatish, shuningdek, uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Transport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalari tomonidan tegishli qarorlar qabul qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvardagi “Davlat boji toʻgʻrisida”gi OʻRQ-600-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalarining miqdorlariga muvofiq, yuklarni shaharda, shahar atrofida va shaharlararo yoʻnalishlar boʻyicha avtomobil transportida tashish uchun belgilangan davlat boji esa yukning hajmiga koʻra BHMning 1 baravaridan (3.5 tonnagacha) 7 baravarigacha (16 tonnadan ortiq), yaʼni 223 000 soʻmdan 1 561 000 soʻmgacha miqdorni tashkil qiladi.
Xoʻsh, avtomobil transportida yuklarni shaharda, shahar atrofida va shaharlararo tashish uchun litsenziyalar olish tartibi bekor qilinishi nimani anglatadi? Agar litsenziya olish bekor qilinadigan boʻlsa, ushbu faoliyat qanday nazorat qilinadi?
Avtomobil transportida yuklarni shaharda, shahar atrofida va shaharlararo tashish uchun litsenziyalar olish tartibi bekor qilinishi endilikda litsenziat foydalanayotgan har bir avtotransport vositasi uchun litsenziya varaqasi mavjud boʻlishini, yangidan olinayotgan va toʻldirilayotgan avtotransport vositalariga litsenziatlar tomonidan qoʻshimcha litsenziya varaqalarining oʻz vaqtida olinishini talab etmaydi.
Taklifga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi organlari tomonidan yuklarni avtomobil transportida shaharda va shahar atrofida va shaharlararo tashish faoliyati ustidan nazorat transport vositalarini har yili majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish, avtotransport vositalarini yoʻlga chiqishdan oldin texnik koʻrikdan oʻtkazish hamda IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan yoʻllarda nazoratning oʻrnatilishi orqali amalga oshiriladi.
Avtomobil transportida yuklarni shaharda, shahar atrofida va shaharlararo tashish uchun litsenziyalar olish tartibi bekor qilinishi avvalambor, iqtisodiy zanjir vazifasini bajaruvchi avtomobil transportida yuklarni tashish faoliyatini amalga oshirishda ortiqcha byurokratik toʻsiqlarning bartaraf etilishiga, ushbu sohada arzon va sifatli boʻlgan xizmatlar koʻrsatilishiga imkon beradi.
Maʼlumot uchun, Farmon bilan 2021-yil 1-yanvardan boshlab litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat berish tartib-taomillarining birlashtirish yoʻli bilan bekor qilinadigan ayrim turlari roʻyxati tasdiqlangan. Unga koʻra, yoʻlovchilarni shaharda, shahar atrofida va shaharlararo yengil avtomobillarda tashish hamda yoʻlovchilarni shahar, shahar atrofida va shaharlararo mikroavtobus hamda avtobuslarda tashish uchun yagona litsenziya berilishi kutilmoqda.
Yuklarni avtomobil transportida xalqaro tashish faoliyatidagi oʻzgarishlarga koʻra esa, yuklarni tashish boʻyicha har bir transport birligiga litsenziya kartochkasini berish amaliyotini bekor qilgan holda transport birligini elektron roʻyxatdan oʻtkazish amaliyotini joriy qilish va yuklarni tashish boʻyicha shartnomalarni qatʼiy ravishda “UzTrans” yagona interaktiv axborot tizimida elektron hisobga qoʻyish tartibini joriy qilish yuzasidan esa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilishi koʻzda tutilgan.
Adiba Safarova,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti masʼul xodimi
OʻzA