Eronshunoslikda xushxabar!

Har bir sohaning ravnaqi mutaxassislarining bilimi, malakasi, salohiyati, fan taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi hamda kelajak uchun tayyorlangan mustahkam poydevor bilan belgilanadi. Xususan, sharqshunoslikning uzviy qismi hisoblanuvchi eronshunoslik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar qanday?.
Koʻpchilik sharq tillari deganda arab tili bilan birga fors tilini ham eslashi bejiz emas, zero jahon tamadduni ilgarilashida beqiyos maqomga ega boʻlgan donishmand ajdodlarimizning aksariyati arab va fors tillarini birdek chuqur egallab, ilmiy va badiiy asarlarini shu tillarda bayon etganlar. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti oʻzining yuz yildan ortiq tarixi mobaynida fors tilini oʻrganish, oʻrgatish va uning turli masalalari boʻyicha tadqiqotlar olib borishni biror kunga ham kanda qilmagan. Eronshunoslik boʻyicha mutaxassislar tayyorlash universitet jamoasining doimo diqqat markazida. Fors tilini egallagan bitiruvchilarimiz xalq xoʻjaligining turli sohalarida davlatimiz ravnaqi, ilm-fani taraqqiyoti uchun xizmat qilgan va qilmoqdalar.
Ayni kunlarda universitetda 250 dan ortiq talaba fors tilini asosiy mutaxassislik tili sifatida oʻrganmoqda va ularga 30 ga yaqin mahalliy hamda xorijlik professor-oʻqituvchilarimiz saboq bermoqda. Bu jarayon masofaviy taʼlim shaklida ham biror kunga uzilgani yoʻq. Pandemiya sharoitida kafedra professor-oʻqituvchilari oʻz bilimlarini zamonaviy tarzda videodarslar yaratish orqali talabalarga yetkazib berdilar va 250 dan ortiq videodarslar talabalarga qulay taʼlim platformalari orqali taqdim etildi.
Universitetda taʼlim jarayonlari masofaviy shaklda taqdim etilmoqda, xorijiy hamkor universitetlar bilan talaba va oʻqituvchilar almashinuvi, malaka oshirish oʻquv kurslari va vebinarlar oʻtkazilishi ham onlayn formatda yoʻlga qoʻyildi va muvaffaqiyatli amalga oshyapti. Xususan, universitetning barcha fors tili ustozlari va talabalari ayni shu kunlarda Eronning Alloma Tabotaboiy universiteti tomonidan maxsus tashkil qilingan “Fors tilini chet elliklarga oʻqitish: CEFR talablari asosida” hamda “Fors tilshunosligi” mavzularidagi malaka oshirish kurslarida qatnashib, 29 ta xalqaro sertifikatni qoʻlga kiritdi.
Universitet professori, hozirgi davr eronshunosligining dargʻasi Ahmadjon Quronbekov tomonidan yozilgan “Hamsa” dostonida maʼnolar silsilasi” nomli monografiya Eronning yirik tilshunos, adabiyotshunos, navoiyshunos olimlari tomonidan yuqori baholangani, Tehrondagi boobroʻ nashriyot tomonidan 2000 nusxada nashr etilgani ham barchaga oʻrnak qilib koʻrsatishga arziydigan ish boʻldi.
Eronshunoslik sohasidagi ilmiy-amaliy tadqiqotlar oxirgi uch yil davomida yangi koʻtarilish bosqichini boshladi, deb bemalol aytish mumkin. Zero, eronshunos ustozlardan uch nafari fan doktori (DSc), yana bir nafari filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar va tadqiqot natijalarini taʼlim jarayoniga tatbiq etib kelmoqdalar. Ayni kunlarda yana ikki nafar tadqiqotchi – fors tilining yetuk bilimdonlari qatoridan mustahkam oʻrin olishga ulgurgan Nodirjon Nuriddinov va ilmiy tadqiqotini yuksak surʼatlarda olib borib, muddatidan oldin yakunlagan Suhrob Boʻronovlar eronshunoslik va afgʻonshunoslikning dolzarb masalalari boʻyicha falsafa doktori (PhD) darajasi uchun dissertatsiyalari himoyasiga tayyor turishibdi.
Taʼkidlash lozimki, oxirgi yillarda eronshunoslikning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqishini Oʻzbekiston va Eron oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarning yaxshilanib borayotgani samarasi deb baholash mumkin.
Hulkar MIRZAHMEDOVA,
 
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti,
 
Eron-afgʻon filologiyasi kafedrasi mudiri, PhD, dotsent

 

OʻzA