2017-yilning 12-dekabr kuni Oslo shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev boshchiligidagi delegatsiya Afg‘oniston bo‘yicha Xalqaro muloqot guruhining (XMG) navbatdagi majlisida ishtirok etdi.
Norvegiya poytaxtida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ellikka yaqin davlat va xalqaro tashkilot vakillari tomonidan Afg‘onistondagi mojarolarni hal qilishning holati va istiqbollari, mustahkam va uzoq muddatda tinchlik va barqarorlikka erishish yo‘llari to‘g‘risida fikr almashildi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi yig‘ilish ishtirokchilarini Afg‘oniston muammosini hal qilish bo‘yicha mavqe hamda 2017-yil 4-6-dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘anining mamlakatimizga rasmiy tashrifi natijalari to‘g‘risida xabardor qildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari nutqida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida va 10-noyabrda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzuyidagi xalqaro konferensiyada so‘zlagan dasturiy nutqlarining asosiy qismlariga alohida e’tibor qaratildi.
Majlisda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga ko‘maklashish, jumladan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni, transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa yo‘nalishdagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali yordam berish uchun sa’y-harakatini bundan keyin ham davom ettiradi.