JSST mutaxassisi koronavirusga qarshi vaksina qachon chiqishi yuzasidan maʼlumot berdi

Butun dunyoda mutaxassislar koronavirusga qarshi vaksina yaratish bilan shugʻillanishmoqda, biroq u yaqin kunlarda paydo boʻlmaydi. Eng avvalo, vaksina xavfsiz va samarali ekaniga ishonch hosil qilinishi lozim, dedi Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi favqulodda vaziyatlar masalasi boʻyicha katta mutaxassisi doktor Katrin Smolvud.
«Butun dunyo COVID-19 ga qarshi vaksina yaratish ustida hamjihatlikda ish olib bormoqda. Xalqaro guruhlar aholi orasida xavfsiz va samarali qoʻllash mumkin boʻlgan vaksinani yaratish boʻyicha oʻzaro hamda JSST bilan hamkorlik qilmoqda”, – dedi Smolvud matbuot anjumanida.
Uning taʼkidlashicha, vaksina yaratish juda koʻp resurs, vaqt va kuch-gʻayratni talab qiladigan jarayondir.
“Vaksina yaratish uchun amalga oshirilayotgan barcha saʼy-harakatlarga qaramay, biz u yaqin kunlarda paydo boʻladi, deya olmaymiz. Hozircha biror bir vaksinaning xavfsiz va samarali ekanini tasdiqlay olmaymiz”, – dedi Smolvud.
Uning aytishicha, ayni paytda klinik sinov bosqichida turgan 100 dan ortiq vaksinadan taxminan 15-20 tasi qoʻllash uchun nomzod hisoblanadi.
“Umid qilamizki, tez kunlarda xavfsiz vaksinani topishga muvaffaq boʻlamiz”, – qoʻshimcha qildi Smolvud.
Bundan avvalroq JSSTning Rossiyadagi vakili Melita Vuynovich ham RIA Novostiga intervyu berganda dunyoda 140 dan ortiq vaksina ustida tadqiqot ishlari olib borilayotgani haqida maʼlum qilgan edi. Biroq ular hozircha tadqiqotlarning turli bosqichlarida turibdi.

 

OʻzA