Karantin qoidasi buzilganda maʼmuriy jarima qanday qoʻllaniladi?

Pandemiya munosabati bilan karantin qoidalari joriy etilgan. Bu qoidalar buzilganda maʼmuriy jazo choralari qanday qoʻllanilishi haqida hamma ham yaxshi bilmaydi. Ayrimlar maʼmuriy jazo choralari Maxsus komissiya qarori asosida qoʻllaniladi, degan fikrda.
Adliya vazirining oʻrinbosari Muzraf Ikromov bunga aniqlik kiritdi:
– Karantin tadbirlarini va sanitar qoidalarni buzganlik uchun jarimalar Maxsus komissiya qarori asosida emas, balki faqat Jinoyat kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik kodeksga muvofiq qoʻllaniladi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 54-moddasi ikkinchi qismida karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish tegishli javobgarlikka sabab boʻlishi koʻrsatilgan.
“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari davlat organlari hamda boshqa organlar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi shart boʻlgan aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi talablarni belgilaydigan hujjatlardir.
Maxsus komissiya oʻz vakolatlari doirasida cheklovchi tadbirlar (yaʼni karantin) kiritishga haqli ekanligini inobatga olsak, ushbu talablarning barchasi Oʻzbekiston hududida majburiy ijro qilinishi lozim.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Maxsus komissiya qarorlarini buzgan fuqarolarni javobgarlikka tortish huquqiy asosga ega va qonunchilikka muvofiq, deyish mumkin. Faqat jazo qoʻllash vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.

 

Muattar Roʻziboyeva, OʻzA