Taxtakoʻpirda chorvachilik rivojlanmoqda

Prezidentimizning 2019-yil 7-noyabrdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Taxtakoʻpir tumanida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Qaror ijrosini taʼminlash boʻyicha joriy yilda umumiy narxi 47 milliard 854 million soʻmlik 18 ta loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan, – deydi tuman “Nasl chorva” boʻlimi boshligʻi Berdiyar Qaliboyev.
– Shundan 11 ta loyiha qoramolchilik, 6 ta loyiha qoʻy-echkichilik va 1 loyiha sutni qayta ishlashga yoʻnaltirilgan. Shuning hisobidan 120 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Mazkur loyihalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda mahalliy hokimlikning amaliy yordamida Germaniya, Estoniya, Avstriya va Belorus mamlakatlaridan jami 3030 bosh naslli, shundan 970 bosh qoramol va 2060 bosh qoʻy-echki olib kelish rejalashtirilgan. Bugunga qadar oltita loyihaga, jumladan, “Agrokompleks Qoraqalpogʻiston” Oʻzbekiston – AQSH qoʻshma korxonasi shaklidagi masʼuliyati cheklangan jamiyatiga, “Taxtakoʻpir yaylovlari” kooperativiga, “Seyt chorva”, “Aydos qalʼa”, “Daniyar chorva” va “Taxtakoʻpir nasl chorva” fermer xoʻjaliklariga tijorat banklari tomonidan kredit ajratilib, loyiha doirasidagi ishlar boshlab yuborildi.
Tumandagi “Agrokompleks Qoraqalpogʻiston” Oʻzbekiston – AQSH qoʻshma korxonasi shaklidagi masʼuliyati cheklangan jamiyatida bugungi kunda Qozogʻistondan keltirilgan 160 bosh naslli qoramol, 580 bosh mahalliy qoʻy-echki boqilmoqda. Yaqin kunlarda Germaniya davlatidan 150 bosh naslli mol olib kelinadi. Bu yerda kelajakda chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlaydigan sexlar barpo etish rejalashtirilgan.
Tumanda veterinariya uchastkalariga qoʻshimcha yangidan 9 ta servis xizmatini koʻrsatuvchi shoxobcha binosini qurish uchun yer uchastkasi ajratilib, qurilish ishlari olib borilmoqda. Ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlari aholisining chorva mollariga veterinariya xizmatini koʻrsatuvchi texnik osemenator mutaxassislari biriktirildi.
“Urugʻchilikni rivojlantirish markazi” davlat korxonasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasiga ozuqa ekinlari urugʻchiligini rivojlantirish uchun tuman hokimining qarori bilan jami 288 gektar, shundan 218 gektari ekin maydoni, Buxoro choʻl yaylov ozuqabop oʻsimliklar urugʻchiligi ilmiy-ishlab chiqarish markaziga 200 gektar yer maydoni ajratildi. Tumanda 231 gektarga beda, 581 gektarga makkajoʻxori, 1362 gektarga silos uchun makkajoʻxori, 606 gektarga oq joʻxori, 34 gektarga xashaki lavlagi ekinlari ekildi.
Tuman hududida yangidan qaziladigan 6 ta quduqning dislokatsiyasi ishlab chiqildi. Shundan “Qora oʻy” ovul fuqarolar yigʻinidan ikkita, “Janadaryo” ovul fuqarolar yigʻinidan ikkita, “Marjankoʻl” va “Mulk” ovul fuqarolar yigʻinlaridan bittadan quduq qazish ishlari boshlab yuborildi.
Mutaxassislar tomonidan chorvachilik sohasini jadal rivojlantirish, mollarning mahsuldorligini oshirish, ulardan olinadigan mahsulotlarni koʻpaytirish borasida aholi oʻrtasida keng koʻlamli targʻibot ishlari olib borilmoqda.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA