Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ellikqalʼa tumanidagi “Amir oq chashma” fermer xoʻjaligida Polshadan olib kelingan 9 bosh monbelyard zotli qoramol parvarish qilinmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan mamlakatimizda chorvachilik tarmogʻini jadal rivojlantirish, chorva mollarining naslini yaxshilash, naslchilik yoʻnalishidagi chorvachilik xoʻjaliklari faoliyatini hamda chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishda yirik tadbirkorlik subyektlari koʻpaytirilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Davlat qoʻmitasining amaliy yordami bilan xorijdan koʻplab zotli mollar olib kelinib, mahalliy iqlim sharoitga moslashtirilmoqda. Bu esa chorva mollarining mahsuldorligini oshirish, ularning qayta ishlash orqali xalqimizni sifatli goʻsht, sut va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashga xizmat qilmoqda. Mamlakatimizga ilk bor olib kelingan monbelyard zotli qoramollar shular jumlasidandir.
– Asli Fransiyada yaratilgan ushbu zotli mollarning afzalligi har biri laktatsiya davrida 9,5-10 ming litrgacha sut beradi, – deydi fermer xoʻjaligi rahbari Shamsuddin Faxruddinov. – Bu demak, har bir sigirdan 30-35 litr sut degani. Bundan tashqari, yashovchanligi ham yuqori boʻlib 11-12 boshgacha buzoq olish mumkin. Sutining tarkibida protein va oqsilning miqdori boshqa zotli mollarga nisbatan deyarli ikki barobar koʻp, yogʻlilik darajasi yuqori boʻladi. Ularni qayta ishlash orqali turli sifatli mahsulot olish mumkin. Eng asosiysi bizning iqlim sharoitimizga tez moslashadi.
Fermer xoʻjaligida yaqinda olib kelingan monbelyard qatorida 400 boshga yaqin shvis, angus, simmental, golshteyn zotli qoramollari parvarish qilinmoqda. Kelajakda ularning bosh sonini mingtaga yetkazish rejalashtirilgan. Maqsad, monbelyard va golshteyn zotli mollarini chatishtirish orqali ularning mahsuldorligini yana-da oshirishdan iborat. Shuning hisobidan aholini yana-da sifatli goʻsht va sut mahsulotlari bilan taʼminlashdir.
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA