Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qorakoʻl uyushmasining Taxtakoʻpir tumanidagi “Qorakoʻlchilik” ilmiy naslchilik tajriba stansiyasi yangi binosining qurilishi yakunlanib, jihozlash ishlari olib borilmoqda.
Prezidentimizning 2019-yil 7-noyabrdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash doirasida barpo etilayotgan mazkur stansiyaning asosiy vazifasi yuqori nasldor elita sinfiga mansub qoraqalpoq suri qorakoʻl zotli qoʻylar otarlarini ilmiy asosda koʻpaytirish, naslchilik va sunʼiy urugʻlantirish ishlarini tizimli tashkil etish, jahon bozorlari raqobatbardosh hisoblangan ushbu qorakoʻl terisini yetishtirishdan iborat. Shuningdek, stansiya tomonidan yuqori mahsuldor qorakoʻl qoʻy va qoʻchqorlarni aholi xonadonlariga, dehqon hamda fermer xoʻjaliklariga tizimli ravishda yetkazishga ham alohida eʼtibor beriladi.
Joriy yilning boshida boshlangan qurilish ishlari qisqa muddatda sifatli yakunlandi. Bu yerda idora binosi, mehmonxona, oʻquv xonasi, qoʻylarni sunʼiy urugʻlantirish punkti va laboratoriya ishga tushiriladi. Oʻtgan yili naslchilik tajriba stansiyasi uchun 738 bosh nasldor qorakoʻl qoʻy xarid qilindi. Ulardan 318 bosh qoʻzi olindi.
– Qoraqalpoq suri azaldan dunyo bozorida yuqori baholanib kelingan, – deydi stansiya direktori Sharap Akayev. – Ammo soʻnggi yillarda sohada yuzaga kelgan muammolar natijasida qoraqalpoq suri qorakoʻl qoʻylarining bosh soni kamayib ketdi. Bugungi kunda ushbu qorakoʻl qoʻylarini Qoraqalpogʻiston Respublikasining Toʻrtkoʻl, Beruniy, Ellikqalʼa, Taxtakoʻpir va Qoraoʻzak tumanlaridagi qorakoʻlchilik fermer xoʻjaliklarida uchratish mumkin. Yangidan tashkil etilayotgan ilmiy naslchilik tajriba stansiyasi qoraqalpoq suri qorakoʻl qoʻylari bosh sonining koʻpayishiga, ichki bozorimizni noyob sur qorakoʻl terilari bilan taʼminlash bilan bir qatorda uni jahon bozoriga eksport qilish imkonini beradi.
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA