Nukusda besh farzandli ayol ishga qayta tiklandi

Nukus shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimi, besh nafar farzandning onasi Karima Pirnazarova “shtat qisqardi” degan bahona bilan ishdan boʻshatildi. Toʻgʻri, markaz rahbariyati boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkiloti bilan kelishilgan holda ogohlantirildi. Ammo, markazning sanitariya-gigiyena laboratoriyasi oziq-ovqat tekshirish boʻlimida shifokor-laborant lavozimida 20 yildan buyon ishlab kelayotgan xodimning birdan ishdan boʻshatilishi ajablanarli.
– Bu men uchun kutilmagan zarba boʻldi, – deydi Karima Pirnazarova. –Endi oilamni qanday qilib boqaman, degan fikr hech tinchlik bermas edi. Katta qizim Rossiyada talaba. Xorijiy davlatlarning biriga ish izlab ketsammikan degan fikrlar ham boʻldi. Shunday paytlarda yoshi ulugʻ opalarimning beminnat maslahati asqatdi. “Farzandlaringni tashlab ketma, ularning ertangi tarbiyasi qanday boʻladi. Oʻz qonuniy huquqingni talab qilib sudga daʼvo arizasi yoz. Oilaviy sharoitingni albatta hisobga oladi”, – deb qoʻllab-quvvatladi.
Ayrimlar esa foydasi yoʻq. Sud ishga tiklay olmaydi. Sizga oʻxshab ishdan boʻshaganlar qancha, – deb uygʻonib kelayotgan umidimni soʻndirishga urindi.
Shunday qilib Nukus shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga ishga tiklash, majburiy boʻsh yurgan kunlarim uchun ish haqi va maʼnaviy zararni undirib berishni soʻrab fuqarolik ishlari boʻyicha Nukus tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritdim. Ushbu daʼvo arizam sudning 2020-yil 26-fevral kungi hal qiluv qarori bilan qanoatlantirilmasdan qoldirildi.
“Yengilgan kurashdan toʻymas” deganlaridek, umid bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi fuqarolik ishlari boʻyicha sudiga appelyatsiya shikoyati bilan murojaat qildim. Ushbu ish joriy yilning 7-may kuni appelyatsiya instansiya hayʼatida rahbarlik qiluvchi S. Qayipnazarova, aʼzolari Z.Bobojonova va A.Ayapovlar tarkibida koʻrib chiqildi.
Hayʼat aʼzolari maʼruzani, tomonlarning, prokurorning birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo arizani qanoatlantirish haqida yangi yechim qabul qilish borasidagi fikrlarini tingladi. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 103-moddasi 1-qismida texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishda qoldirish uchun imtiyozli huquq malakasi va mehnat unumdorligi yuqoriroq boʻlgan xodimlarga berilishi qayd etilgan.
Shunga asos birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilish va daʼvo arizani qisman qanoatlantirish lozim deb topildi. Appelyatsiya instansiya hayʼati ajrimi bilan Nukus shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining K.Pirnazarova bilan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi 2019-yil 30-dekabrdagi 145–buyrugʻining 48–paragrafini bekor qilish, daʼvogar K.Pirnazarovani ushbu markazning sanitariya-gigiyena laboratoriyasi shifokor-laborant lavozimiga 2020-yil 3-yanvardan boshlab tiklash, javobgar Nukus shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazidan daʼvogar K.Pirnazarovaning foydasiga 12 million 388,3 ming soʻm ish haqi va 3 million soʻm maʼnaviy zarar undirish belgilandi.
– Haqiqat egiladi, ammo sinmaydi deganlari haq gap ekan, – deydi Karima Pirnazarova. – Mening uzoq yil bir sohadagi mehnatimni hisobga olib ishga qayta tiklagan fuqarolik ishlari boʻyicha sudiga minnatdorlik bildiraman. Ularning haqiqatni tiklaganligi bois oʻzimning sevimli kasbimda ishimni davom ettirayapman.
Joriy yil 30-iyun kuni odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlanib oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, aholi tomonidan koʻtarilgan adolatsizlik holatlari va muammolar har chorakda mahalliy kengashlarda tanqidiy muhokama qilinib, mutasaddilar oldiga aniq savollar qoʻyiladi va faoliyatiga baho berib boriladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi fuqarolik ishlari boʻyicha sudi tomonidan joriy yilning birinchi choragi davomida ishga tiklash boʻyicha 101 ta ish koʻrib chiqilib, shundan, 44 ta daʼvo ariza qanoatlantirilgan.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA