Videokonferens-aloqa rejimida oʻtkazilgan majlisda sudyalar, sud raislari, Oliy sud huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi aʼzolari, Konstitutsiyaviy sud va Sudyalar oliy kengashi vakillari ishtirok etdi.
Oliy sud raisi Kozimjon Komilov boshqargan majlisda sud tizimini isloh qilishga qaratilgan amaliy ishlar davom etayotgani taʼkidlandi. Sudlar mustaqil, faqat qonunga muvofiq ish koʻradigan tuzilmaga aylanmoqda.
Yigʻilishda Oliy sud plenumining “Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish toʻgʻrisida” va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi plenumining ayrim qarorlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qarorlari loyihalari muhokama qilindi.
Maʼlumki, fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qoʻyilgan huquq va erkinliklari daxlsiz boʻlib, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki cheklashga hech kim haqli emas.
Plenum majlisida muhokama etilgan “Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi aynan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilishni kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Qarorda sud himoyasi deganda, protsessual qonunlarda belgilangan tartibda amalga oshiriladigan, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini tiklashga qaratilgan sudlar faoliyati tushunilishi mustahkamlandi.
– Sudlarning eʼtibori murojaatlarni koʻrib chiqishda ularni asossiz ravishda boshqa davlat organlariga yuborishga yoʻl qoʻyilmasligiga qaratildi, – deydi Oliy sudi matbuot kotibi Aziz Obidov. – Aytib oʻtish kerakki, sudga qilingan murojaatlar protsessual qonunlarga muvofiq shakl va mazmunda rasmiylashtirilishi kerak. Murojaatlar sudga elektron hujjat shaklda ham yuborilishi mumkin.
Plenum qarorida sudlarning eʼtibori murojaatlarni koʻrish muddatlari va murojaat boʻyicha qabul qilinadigan qarorlarni bayon qilish haqidagi qonun talablari, yoxud qonunchilik holatini murojaatning matni yoritilgan tilda tushuntirishga soʻzsiz rioya etilishi kerakligiga qaratilgan.
Agar murojaatlarda aniq bir ishni koʻrishda sud (sudya) tomonidan protsessual qonun normalari buzilganligi haqidagi vajlar keltirilgan va shikoyatni koʻrish jarayonida ushbu vajlar tasdiqlanganda, apellyatsiya, kassatsiya, nazorat instansiyasi sudlari ishni koʻrish natijasi boʻyicha xususiy ajrim chiqarishi va uning nusxasini tegishli sudyalar malaka hayʼatiga yuborishi lozim.
Sud hujjatlarining ijrosi lozim darajada ijro etilmayotganligi masalalari boʻyicha yuqori turuvchi sudlarga kelib tushgan murojaatlar “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonun talablariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining tegishli hududiy boshqarmasiga yuboriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish jadvaliga asosan belgilangan kun va soatlarda qabul qilishni toʻgʻri tashkil etish, sayyor qabullar oʻtkazish vaqti va joyi toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilish, shuningdek, qabul qilish kuni asossiz ravishda koʻchirilishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari nafaqat ularning buzilgan huquqlarini tiklash, balki sudlar faoliyatidagi kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish vositasi hamdir. Shu sababli sudlarga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini muntazam ravishda tahlil qilib borish tavsiya etilmoqda.
Bundan tashqari, majlisda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi plenumining ayrim qarorlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi ham muhokama qilindi.
Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Plenum majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yoʻldoshev ishtirok etdi.