Oʻquvchi yoshlarning boʻsh vaqti mazmunli oʻtadi

Prezidentimizning 2019-yil 30-sentyabrdagi “Xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida oʻquvchi yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish va oʻsib kelayotgan avlodning ijodiy qobiliyatlarini aniqlash va rivojlantirish, shu bilan birga yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan beshta muhim tashabbus amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Qarorga muvofiq “Barkamol avlod” Respublika va hududiy markazlari negizida “Barkamol avlod” bolalar maktablari tashkil etildi. Mazkur maktablarning asosiy vazifasi bolalarning ehtiyoj va qiziqishiga koʻra ularning ijodiy, badiiy qobiliyatini rivojlantirish, foydali dam olishini tashkil etish, mehnatsevarlikni, kasb tayyorgarligining dastlabki oʻquv koʻnikmalarini singdirishdan iborat. Shuning bilan birga, fan va texnikani rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlariga muvofiq texnik vositalar va kompyuter texnologiyalari ishini oʻrganishni tashkil etgan holda bolalar texnik ijodkorligini rivojlantirish, bolalar tomonidan jonajon oʻlka tarixi, arxeologik va madaniy meros chuqur oʻrganilishi, mamlakatimizning tabiiy boyliklari bilan tanishtirish hamda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasidagi asosiy bilimlarini takomillashtirish boʻlib hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, maktabdan tashqari taʼlim tizimiga ilgʻor pedagogik usul va uslublardan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda oʻqitishning yangi shakllari keng joriy etilmoqda.
Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha 1 ta Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi, 17 ta tuman va shahar “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyat koʻrsatmoqda. 2019-2020 oʻquv yili davomida maktablarda jami 504 ta toʻgarakda 6-18 yoshdagi 13296 nafar oʻquvchi qamrab olindi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi “Barkamol avlod” bolalar maktablari tomonidan joriy yil davomida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, oʻquvchilar taʼlim olish bilan birga shahar va tuman, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va mamlakatimiz va xalqaro miqyosda oʻtkazib kelinayotgan koʻrgazma, koʻrik-tanlov va festivallarda faol ishtirok etib kelmoqda. Ayniqsa, maktab oʻquvchilarining har bir chorakda beriladigan taʼtil kunlarda markazlarda har xil kechalar, uchrashuvlar, koʻrik-tanlovlar tashkil qilindi.
“Barkamol avlod” bolalar maktabida oʻquvchilarning qiziqishlariga koʻra toʻgaraklarni tashkil etish va doimiy faoliyat olib borishini taʼminlash maqsadida 2019-2020 oʻquv yili davomida har oyda Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabining 38 ta toʻgaragiga 1034 oʻquvchi qamrab olindi va maktabdan tashqari taʼlim berildi. Hozirgi kunda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va taʼlim muassasalarida sanitariya-epidemiyalogik osoyishtalikni taʼminlash yuzasidan barcha taʼlim muassasalarida taʼtil eʼlon qilindi.
Pandemiya sharoitida taʼlim jarayonlarini tashkil etish, joriy oʻquv yilini yakunlash va yangi 2020-2021-oʻquv yiliga har tomonlama sifatli tayyorgarlik koʻrish, shuningdek, masofaviy taʼlimni yana-da rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, “Barkamol avlod” bolalar maktabida “online-maktab“, ”online-toʼgarak” loyihasi doirasida oʻquvchilarning yozgi taʼtil davrida boʻsh vaqtlarini mazmunli va foydali tashkil etish “ingliz tili”, “texnik ijodkorlik”, “musiqa» va boshqa ijodiy toʻgaraklar tashkil etilgan. Hozirgi kunda “Barkamol avlod” bolalar maktabida “online-toʼgarak” loyihasi doirasida 16 ta toʻgarak faoliyat yuritmoqda va ushbu yilning iyun oyi 15 sanasidan Qoraqalpogʻiston televideniyesi tomonidan “online-toʼgarak” dasturlari olib borilayotir.
–Hozirgi kunda oʻquvchilarimiz davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tashkil qilingan “Besh tashabbus – uyimizda” deb nomlangan koʻrik tanlovlarga qatnashmoqda, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori oʻrinbosari Qadirboy Ismoilov. – Oʻquvchi yoshlarning ijodkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning musiqa va sanʼat, raqs sohasidagi mahoratlarini aniqlash maqsadida tashkil qilingan “Sahna qiroli” tanloviga maktabning “Raqs” toʻgaragi aʼzosi Gulxumor Omonboyeva, “Estrada vokal” toʻgaragi aʼzosi Ravshanbek Kamalov, “Dutor” toʻgaragi aʼzosi Nazlimxon Umirbekova qatnashdi va yaxshi koʻrsatkichlarga ega boʻldi.
Oʻquvchi-qizlarning pazandaligi, uy ishlari, taom pishirish jarayoni, tikuvchilik boʻyicha mahoratlarini aniqlash maqsadida tashkil qilingan “Yilning eng orasta qizi” videoroligi tanlovida maktabning “Yosh pazanda” toʻgaragi aʼzolari Sarvinoz Toʻlegenova, Sarvinoz Maxambetgaliyeva va Asiya Qadirjanovalar tashkilotchilar tomonidan “Eng yaxshi videorolik” nominatsiyasida gʻolib boʻldi.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan oʻtkazilgan “Baxtli yurtning – baxtli bolalari” rasmlar tanlovida maktabning “Tasviriy sanʼat” toʻgaragi aʼzosi Omonboy Tulegenov, “Yosh pazanda” toʻgaragi aʼzosi Albina Maxambetaliyeva, Sevara Jumaniyazova, Mushtariybegim Yunusovalar oʻzlarining “Baxtli bolalik” nomli foto va rasmlari bilan qatnashdi.
Yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish ishlarini muvofiqlashtirish, ularning kitob oʻqishga qiziqishlarini orttirish maqsadida maktab kutubxonasida onlayn tarzda “Virtual kutubxona” guruhi faoliyat yuritmoqda. Bu guruhda maktab kutubxonachisi tomonidan “Men sevgan kitob”, “Haftaning eng yaxshi kitobxon oʻquvchisi” mavzularida viktorina oʻyinlari oʻtkazilib kelinmoqda. Bu viktorina oʻyinlariga maktabning “Ingliz tili” toʻgaragi aʼzolaridan Oysuluv Joldasboyeva, Saida Usnatdinova, Nursuluv Janabergenovalar faol ishtirok etdi.
Yaqinda chorvachilikka ixtisoslashgan Boʻzatov tumanida ham “Barkamol avlod” bolalar maktabi tashkil etildi. Oʻquvchilarning yozgi taʼtil kunlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida barcha maktablarda 78 soatlik maktabdan tashqari taʼlim oʻquv dasturi doirasidagi toʻgaraklar oʻz faoliyatini boshladi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA