Respublikamizning barcha hududlarida qisman Quyosh tutilishi kuzatildi. Bu hodisa Toshkent vaqti bilan soat 10:01 boshlanib, soat 11:24 da maksimum darajaga yetdi (bunda Quyoshning 51% (0,61) Oy tomonidan toʻsildi) va soat 12:51gacha davom etdi.
Oʻzbekiston fanlar akademiyasi maʼlumotiga qaraganda, quyosh tutilishi eng katta qiymatiga erishgan vaqtida Respublikamizning shimoli-gʻarbiy hududlarida yaʼni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida Quyosh yuzasining 39% dan 50% gacha boʻlgan qismi, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida esa Quyosh yuzasining 58% gacha boʻlgan qismi Oy tomonidan toʻsildi. Yurtimizning eng janubiy hududi – Termiz shahrida esa bu qiymat 63% gacha yetgan.
Aytish joizki, bugun, dunyo aholisi Halqasimon Quyosh tutilishi noyob astronomik hodisasiga guvoh boʻlishdi. Ushbu tutilish toʻliq shakldagi Halqasimon tutilish hisoblanib, tutilishning toʻliq fazasida Quyosh yuzasining 99,4 foizini tashkil qiladi. Quyosh tutilishi toʻliq fazasining davomiyligi 38 sekundga teng boʻladi. Ushbu astronomik hodisa Afrika, Arabiston yarim oroli, Yevro Osiyo, Yapon va Malay arxipelagi hamda Avstraliya hududlarida joylashgan 111 ta davlatda kuzatildi. Bu davlatlar ichida (Kongo Respublikasi, Kongo Demokratik Respublikasi, Markaziy Afrika Respublikasi, Sudan, Janubiy Sudan, Efiopiya, Saudiya Arabistoni, Eritriya, Yaman, Ummon, Pokiston, Hindiston, Xitoy va Tayvan) 14 ta davlat aholisi toʻliq shakldagi Halqasimon Quyosh tutilishiga guvoh boʻldilar.
OʻzA