Orol dengizining qurigan maydonida muhtasham bolalar oromgohi ochildi

Moʻynoq tumanining maftunkor qiyofasi yana bir yangi zamonaviy bino bilan chiroy ochdi. Moʻynoq tumanining “Bozatau” ovul fuqarolar yigʻini hududida uzukka koʻz qoʻygandek yarashgan “Oq kema” nomli zamonaviy bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi ishga tushdi. Oromgohning tantanali ochilish marosimiga Hukumat vakillari, keng jamoatchilik, ota-onalar hamda bolalar ishtirok etdi.

– Bugun Qoraqalpogʻistonning qay bir tumaniga bormang, ulkan yangilanishlarga guvoh boʻlasiz. Moʻynoq esa oʻzining yangidan tugʻilish davrini boshdan oʻtkazmoqda. Oʻzim ham har safar bu yerga kelganimda yuragim orziqib ketadi. Davlat rahbarining oʻz xalqiga boʻlgan cheksiz muhabbatini his etaman, uni chin yurakdan sevishiga imon keltiraman, – deydi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov. – Moʻynoq tumanida bugun qad rostlagan muhtasham mana shunday dargohda oʻgʻil-qizlarimiz nafaqat maroqli dam oladi, ular bu yerda jismonan chiniqadi, oʻzlarining intellektual salohiyatlarini oshiradi, qiziqqan yoʻnalishlari boʻyicha bilim va koʻnikmalarini mustahkamlaydi.
Shu paytgacha qoraqalpogʻistonlik bolajonlar yurtimizning boshqa hududlaridagi bolalar oromgohlariga olib borilar edi. Bu esa albatta, bolalarning xavfsizligi, salomatligi, ota-onalarning xavotiri kabi bir qator muammolarni keltirib chiqar edi. Va yana ich-ichimizdan bir savolga javob topa olmasdik. Nega endi Qoraqalpoq zaminida bir zamonaviy oromgoh boʻlmasligi kerak?
Oromgoh Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yilning noyabr oyidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davomida Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha bergan topshirigʻi asosida bunyod etildi.
– Prezidentimiz Moʻynoqqa kelib xalq bilan uchrashganda men ham ishtirok etgandim, – deydi Moʻynoq tumani xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Maqset Ametov. – Shunda Yurtboshimiz Moʻynoqda zamonaviy muhtasham bolalar oromgohi quriladi. Madaniyat Moʻynoqdan boshlanadi, – deganda butun vujudim jimirlab, cheksiz quvongan edim. Haqiqatdan ham, mana tumanimizda beqiyos oromgoh ish boshladi.

photo_2020-06-16_17-14-21.jpg

Umuman olganda, moʻynoqliklarning bugungi kunda hayotga qarashi butunlay oʻzgardi. Bundan 4-5 yillar oldin xalqning ruhi rosa choʻkkan edi. Kelajakdan umidi yoʻq edi. Mana, bugun tumanimiz qiyofasi tubdan oʻzgarib ketdi. Yangi hayot boshlandi. Odamlarning yuragida joʻsh bor, kuch-shijoat bor. Bolalarimizning quvonchini aytmaysizmi?! Bir necha kundan beri bolalar bilan oʻzimiz ham quvonib, hattoki uyqumiz ham qochib ketdi. Ertalab, ushbu manzil sari shoshilamiz.
Tuman hududida boʻsh yotgan 12,7 ga yer maydonida “Oq kema” zamonaviy bolalar oromgohi va sogʻlomlashtirish markazi qisqa muddatlarda qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi. Uning qurilish loyihasiga ijodiy yondashilgan. Qush parvozi balandligidan qaralsa “Oq kema” xuddi nomiga mos buyuk kemadek koʻrinadi.
– Oromgohning loyihasini kema shaklida qurish gʻoyasini federatsiyamiz raisi Qudratilla Rafiqov ilgari surdi, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kasaba uyushmalari tashkilotlari Kengashi raisi Ulugʻbek Jalmenov. – Moʻynoqdan Qoʻngʻirot tomon oromgohni qurish gʻoyasi boʻyicha fikr almashib qaytayotgan edik. Oromgoh loyihasi kema shaklida boʻlishi kerak, dedi, u kishi. Bu kema ramziy maʼnoda bolalarni olib buyuk kelajak sari suzishi lozim, dedi. Mana, bugun Oʻzbekistondagi eng chiroyli va saranjom bolalar oromgohi Moʻynoqda qad rostladi.
Oromgohda bolalarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ularning turli yoʻnalishlarda bilim va malakalarini shakllantirish uchun ham sharoitlar yaratilgan. Darvozadan kirgandan bu yerdagi muhit va manzara kishini oʻziga rom etadi. Savlat toʻkib turgan bino oldida ikki yelkanli kema qarshi oladi. Atrofda yashil maysazor va manzarali daraxtlar oʻrtasidan oʻtayotgan kishi “Nahotki men Moʻynoqdaman” deyishi aniq. Chunki, oromgoh hududidan tashqarida issiq va quruq shamol, chang-toʻzon.
Obyekt qurilishiga alohida mehr bilan yondashilgani koʻrinib turadi. Qurilish ishlari “Shoraxan qurilish montaj” MCHJ tomonidan olib borildi. Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi mazkur obyekt qurilishi uchun 36 milliard soʻm ajratdi.

photo_2020-06-16_17-13-53.jpg

“Oq kema” oromgohi bir smenada 250 nafar bolani qabul qilishga moʻljallangan. Markazda bolalar yotoqxonalari barcha jihozlar bilan taʼminlangan. Jismoniy tarbiya mashgʻulotlari uchun futbol, basketbol, voleybol maydonchalari va bolalar suzish basseyni bor. Stol tennisi, shaxmat-shashka oʻyinlari uchun joylar ajratilgan. Madaniy tadbirlarni tashkil qilish uchun amfiteatr, kutubxonalar mavjud. Tibbiyot xonalari, oshxonalari zamonaviy uskunalar bilan taʼminlangan. Oromgohda 50 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.
–Men Oʻzbekistonda namunali degan koʻplab oromgohlarni koʻrganman, lekin bu yerdagi kabi sharoitlarni boshqa joyda uchratmaganman. Meningcha, “Oq kema” oromgohi yurtimizdagi beqiyos maskanlarning biri, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kasaba uyushmalari tashkilotlari kengashi raisining oʻrinbosari M.Daniyarov. – Mazkur muazzam koshona muhtaram yurtboshimizning aziz xalqimiz farzandlariga boʻlgan otalarcha gʻamxoʻrligi timsoli deb bilaman. Shaxsan oʻzim oromgohga har kelganimda yuragimda bolalikka qaytish orzusi tugʻiladi. Bizning bolaligimizda bunday maskanlar boʻlmagan.
“Oq kema” kelajakka qarab suzadi yoki “Kemalar yoʻli”haqida
1970-yil boshlarida, Orol dengizi hali toʻlin paytlarida uning sohilida “Rohat” bolalar oromgohi tashkil qilinadi. Mazkur oromgohni shartli ravishda “ikkinchi Artek” deb nomlab, unga butun SSSR davlatlaridan yoz paytida bolalarni olib kelish maqsad qilingan. Afsuski, saksoninchi yillarga kelib dengiz qurishi bilan oromgohning mashhurligini orttirish gʻoyasi ham soʻnib qoldi. Lekin, oradan qariyb qirq yil oʻtib ushalmay qolgan orzu roʻyobga chiqmoqda.
“Oq kema” oromgohi joylashgan joyda suv kemalari ham suzgan va choʻl kemalari ham olis-olis yurtlarga ravona boʻlgan.

photo_2020-06-16_17-14-17.jpg

Oʻtgan asrlarning saksoninchi yillarigacha bu yerlarda suv boʻlib, kemalar suzib yurgan. Eng qizigʻi, dengizning ostida karvon yoʻli ham boʻlgan. Bu haqida asli moʻynoqlik tarixchi olim Oktyabr Dospanov qiziqarli voqealarni soʻzlab berdi.
– Moʻynoq tumani hududida ana shunday namunaviy oromgohning qurilganini koʻrib juda quvondim, – deydi bolaligi dengiz sohillarida oʻtgan O.Dospanov. – 1982-yilda oxirgi marta Moʻnoqdagi “Artek” (“Rohat” oromgohi nazarda tutilyapti)da boʻlib, dengizda suzganman. Oromgohga butun Oʻzbekistondan, hattoki boshqa SSSR davlatlaridan ham bolalar keldi. Moʻynoqqa Toshkentdan haftasiga 3-marta samalyot qatnadi.
Keyinchalik, dengiz qurib boshladi. 1980-yil oʻrtalarida, “ikkinchi Artek” yaʼni “Rohat” bolalar oromgohi faoliyati batamom tugatildi, lekin u bilan bogʻliq shirin xotiralar hamon yodimda. Hozirgi “Oq kema” oromgohi bunyod etilgan joy dengiz bor paytida kichik orol boʻlgan. Moʻynoq shahriga odamlar bu yerdan kemalarda qatnagan. Moʻynoqqa borayotib, suv tubida kanalga oʻxshash chuqurliklarga koʻzimiz tushardi. Kemalar shu yoʻlni moʻljalga olib suzardi. Odamlar uni “Tuya yoʻli” yoki “Karvon yoʻli” deb atashar edi. Suvning tagida nima qilgan tuya yoʻllari ekan, deb qiziqardim.
Bir kuni otamdan yoʻlning maʼnosini soʻradim. Bilsam, Orol dengizi burungi zamonda xuddi hozirgidek qurib ketgan ekan. Savdo karvonlari yoʻlni qisqartirish uchun Ustyurtdan aylanib yurmay dengizning qurigan maydoni bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shimoliy-gʻarb tomon yoʻl olib oʻtirgan. Karvon yoʻli Ustyurtga chiqib, nariyogʻi Jem (Emba) va Edil (Volga) daryolari boʻylarigacha yetib borgan.
Haqiqatdan ham, Amir Temur Koʻhna Urganchni bosib olgan paytida Amudaryoning oqimini Uzboy orqali Kaspiy dengiziga qarab oʻzgartirib yuborgan va Amudaryo Orolga emas Kaspiyga quya boshlagan. Oqibatda Orol dengizi suvlari qayta boshlaydi, xalq esa dengiz qochgan sari uning izidan borib joylashadi. XIV-XV asrlarda dengizning qurigan maydonlarida koʻplab qalʼalar qurilgan. XVI asrdan boshlab Amudaryo eski oʻzani boʻylab qayta oqa boshlaydi va shu qalʼalar suv tagida qolib ketgan.

photo_2020-06-16_17-13-59.jpg

Hozirda Qozogʻiston tomonida dengizning qurigan maydonidan bir necha qalʼalar topilmoqda. Moʻynoq tumani hududida ham shunday qalʼalar bor. Hozirda gaz qazib olinayotan Surgil (“Surgil” soʻzi aslida “Shoʻr koʻl” soʻzidan kelib chiqqan. XIV-XV asrlarda aynan shu joyda xalq yashagan va koʻlning suvi shoʻr boʻlib ketgandan keyin u yerni “Shoʻr koʻl” deb nomlagan) deb nomlanuvchi joydan odamlar qadimiy tangalar, sopol idishlar topgan.
Qissadan hissa shuki, mazkur oromgoh joylashgan joydan bir vaqtlari choʻl kemalari (tuya karvonlari), suv kemalari hattoki havo kemalari ham tashqi dunyoga yoʻl olib, hududning dongʻini olis-olislarga yetkazgan. Yangi qurilgan “Oq kema” ham ramziy maʼnoda bolalarni yorugʻ kelajak sari olislarga olib ketishga shay.
“Dunyodagi eng shirin tarvuz – Moʻynoqda”
Moʻynoqqa borgan kishi aynan “Oq kema” oromgohi qurilgan joylarga kelganda yerdagi tuproqni koʻrib hayron qoladi. Chunki, yerda tuz yoʻq. Qoraqalpogʻistonning boshqa tumanlari yerlarida yozning kunlari oppoq qordek yotadigan shoʻr yerlar bu joylarda uchramaydi. Tuproq esa unumdor, boʻz. Shuning uchun bu joyni “Bozatau” (Boʻz orol) deb atashgan. Mahalliy kishilarning aytishicha, yeriga nima eksang ham oʻsadi.
Oʻtgan asrda dengiz qaytib ketgandan keyin avval baliqchilik bilan shugʻullanib kelgan mahalliy aholi endi dehqonchilikka qoʻl uradi. Ekin juda unumdor chiqadi. Shu paytlarda respublika boʻyicha maktablararo musobaqalar oʻtkazilib turilgan. Yaʼni, qaysi maktab oʻquvchilari koʻp hosil yigʻib maktabga topshirsa – shu gʻolib deb topilgan. Moʻynoq tumanining ovullaridagi qator maktablar pomidor ekish boʻyicha Oʻzbekistonda eng ilgʻor maktablar qatoridan joy oladi. Moʻynoqning qovun-tarvuzlari juda shirin boʻlib yetilib chiqadi. Xalq orasida hozir ham gap bor: Moʻynoqning qovun-tarvuzini yegan kishi boshqasiga qaramay qoladi, degan.
Aynan, hozirgi “Oq kema” oromgohi qad rostlagan joyda avval bogʻ boʻlgan, u yerda qora tarvuz ekilgan. Bu tarvuzlar hattoki eksportga yoʻnaltirilgan.

photo_2020-06-16_17-14-06.jpg

Bir kuni shu ovuldagi maktabning bitta oʻquvchisi tarvuzning sirtiga oʻzining ismi-sharifini, manzilini, maktabini yozib yuboradi. Bu tarvuz Qoʻngʻirotdan poyezdlarga yuklanib Rossiyaga ketadi. Oradan bir qancha vaqt oʻtgandan keyin maktabga Rossiyaning qaysidir oʻlkasidan maktub keladi. Unda shunday yozilgan edi: “Aziz oʻquvchi, Sizning tarvuzingizni oldik. Yedik. Umrimda bunday shirin tarvuzni yeb koʻrmaganman. Orolning qurigan tubida mana shunday tarvuz yetishtirilgani meni taajjubga soldi. Manimcha, dunyodagi eng shirin tarvuz – Moʻynoqda…”.
Ha, “Bozatau” OFYdagi yerlarning boʻz boʻlishi tabiiy. Sababi, Amudaryo bir vaqtlari bu yerlarga yiliga 14 million tonna tabiiy mineralga toʻyingan loyqa oqizib kelib turgan. Mahalliy aholi hanuzgacha ekinlarini hech qanday kimyoviy oʻgʻitsiz oʻstirib yetishtiradi.
2000-yil boshlaridan keyin tumanda suv tanqisligi kuzatila boshladi. Ekinlarni sugʻorish mumkin boʻlmay qoldi. Suv tanqisligi tufayli mahalliy aholi dehqonchilik bilan shugʻullana olmay, chorvachilikka oʻtgan edi. Yaqin 2-3 yildan buyon qaytadan suv kelib, dehqonchilik qilinmoqda. Tomorqachilik rivojlanyapti.
“Oq kema” oromgohi atrofiga bogʻ yaratish maqsadida 5 gektar yer maydoniga uch mingga yaqin mevali va dekorativ daraxtlar oʻtqazilibti. Demak, yaqin vaqtlar ichida ushbu hudud ham yashilga burkanadi. Umuman, “Bozatau” OFYda “Yoshlar bogʻi”, “Qoʻqon bogʻi”, “Ajiniyoz bogʻi”, “Oʻzbekiston Milliy universiteti bogʻi”, “Navoiy tashabbus bogʻi” kabi oʻnlab bogʻlar paydo boʻldi. Ularning barchasi yaxshi unib-oʻsmoqda.
“Oq kema” oromgohida ham tarbiyalanadigan bolalarning mana shunday unumdor boʻlib chiqishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

photo_2020-06-16_17-14-03.jpg

Oromgoh ilk qaldirgʻochlarini qabul qildi
“Oq kema” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohiga mavsum davomida 4 smenada jami 600 bolani sogʻlomlashtirish rejalashtirilgan.
–Hozirgi paytdagi pandemiya sharoitidan kelib chiqib, bolalarning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida ijtimoiy masofani taʼminlagan holda mavsumning 1-navbatida 13-iyun kunidan 150 nafar bolani qabul qildik, – deydi oromgoh direktori Zerxan Saytbekova.
– Xoʻjayli tumanidagi “Mehribonlik uyi”ning tarbiyalanuvchilari, Moʻynoq, Shoʻmanoy, Qanlikoʻl tumanlarining kam taʼminlangan oilalari farzandlari, I.Yusupov nomidagi isteʼdodli bolalar maktabining qobiliyatli bolalari oromgohning birinchi dam oluvchilari boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Moʻynoq tumanidan 10 ta kam taʼminlangan oilalar bolalariga bepul yoʻllanmalar sovgʻa qildi.
–Men har yili yurtimizdagi turli oromgohlarda dam olib kelaman. Shu yilda Moʻynoqqa borasiz, deganda, toʻgʻrisi bunday goʻzal joy tasavvurimda ham yoʻq edi, – deydi Xoʻjaylidagi “Mehribonlik uyi”tarbiyalanuvchisi Muhamedali Karamov. – Kelganimga ikki kun boʻldi, hanuz muhtasham maskanning hovuri yuragimda bosilmayapti. Men shunday Vatanda tugʻilib ulgʻayotganimdan behad baxtiyorman. Sababi, mening Onam bor, meni doimo qaygʻuradigan Prezidentim bor. Ushbu oromgohdagi barcha bolalar nomidan Muhtaram Yurtboshimizga biz uchun mana shunday imkoniyatlar yaratgani uchun minnatdorlik bildiraman.

photo_2020-06-16_17-14-10.jpg

Qoraqalpogʻistonda joriy yilda pandemiya tufayli barcha bolalar hududdagi oromgohlarda, jumladan yangidan tashkil qilingan “Oq kema” oromgohida dam oladi. Hududda bundan boshqa 5 ta statsionar oromgoh markazlari, yaʼni Nukus shahridagi “Jas aulad” va “Aral”, Ellikqalʼa tumanidagi “Orol bolalari”, Toʻrtkoʻl tumanidagi “Lochin”, Taxiatosh tumanidagi “Aydin jol” oromgohlari faoliyat boshlagan.
Mavsum davomida bolalarning mazmunli dam olishini va qoʻshimcha taʼlim olishini taʼminlash maqsadida jami 66 nafar pedagog xodimlar faoliyat olib bormoqda.
Shuningdek, barcha oromgohlarda kutubxonalar tashkil qilingan. Barcha oromgoh markazlarida sanʼat sohasidagi va xorijiy tillar toʻgaraklarini olib borish uchun tajribali oʻqituvchilar qamrab olingan.
“Oq kema” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohining tantanali ochilish marosimida ramziy kalit oromgoh direktori Z.Saytbekovaga topshirildi. Tantanali ochilish marosim konsert dasturi bilan davom etdi.
Tadbirga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Yerniyazov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A.Saidov ishtirok etdi.

 

E.Qanoatov, M.Habibullayev (surat), OʻzA