Soʻnggi yillarda mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish bilan bogʻliq jarayonlar qayta koʻrib chiqilib, abituriyentlar uchun yetarli qulayliklar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, maʼlum bir hududlar uchun u yerdagi mutaxassislarga boʻlgan talabdan kelib chiqib imtiyozli shartlarda kvotalar ajratilayotgani ham bu borada muhim oʻrin tutmoqda. Biroq qonunchilikdagi ayrim noaniqliklar hamda hududlarda tashkil etilgan qabul komissiyalari tomonidan oʻz ishlarini lozim darajada bajarmasliklari oqibatida abituriyentlarning huquqlari buzilishi holatlari uchramoqda.
Jumladan, Quva tumanida yashovchi, 63-ixtisoslashtirilgan davlat umumiy taʼlim maktab-internatini aʼlo baholar bilan tamomlagan hamda Respublika miqyosidagi koʻrik-tanlovlarda sovrinli oʻrinlarni kiritib kelgan Muzaffarbek Toirov va Asadbek Hatamovlarning orzulari bir olam edi. Ular 2019-yil 12-iyul kuni Andijon davlat tibbiyot institutiga hujjat topshirish maqsadida Fargʻona politexnika institutida tashkil etilgan qabul komissiyasiga murojaat qilishadi. Hujjatlar oʻzlarini “operator” deb tanishtirgan shaxslar tomonidan qabul qilib olinib, rasmiylashtiriladi. Shu bilan har ikkala abituriyent kirish imtihonlarini topshirib, institutning tegishli fakultetlariga toʻlov kontrakti asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Biroq ular imtihon natijalari chiqqanidan soʻng “operator” tomonidan ayrim maʼlumotlar dasturga notoʻgʻri kiritilgani sababli imtiyozli shartlarda oʻqishga kirmasdan, toʻlov kontrakt asosida qabul qilinganlarini bilib, qabul komissiyasi masʼul xodimlarining xatti-harakatlaridan norozi boʻlib, tegishli muassasalarga murojaat qiladi.
Talablari qanoatlantirilmaganidan soʻng esa maʼmuriy sudga murojaat qilib, Fargʻona politexnika institutida tashkil etilgan qabul komissiyasining xatti-harakatlarini qonunga xilof deb topib, Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasiga Fargʻona viloyati uchun ajratilgan davlat granti asosida talabalikka qabul qilish majburiyatini yuklashni soʻraydi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 17-iyundagi “2019/2020 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan 2019/2020 oʻquv yilida sogʻliqni saqlash, madaniyat va qishloq xoʻjaligi sohalarida oliy maʼlumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori boʻlgan hududlar uchun davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida maqsadli qabul parametrlari tasdiqlangan. Yaʼni, Fargʻona viloyatidan boʻlgan abituriyentlar uchun Andijon davlat tibbiyot institutining davolash ishi fakultetiga 42 ta hamda stomatologiya fakultetiga 9 ta maqsadli qabul ajratilgan. Bu bilan Fargʻona viloyatida istiqomat qilib, Andijon davlat tibbiyot institutiga kirmoqchi boʻlgan abituriyentlar uchun davlat tomonidan alohida imtiyoz berilgan. Bu imtiyozdan foydalanish hech qanday cheklovsiz barcha Fargʻona viloyatining abituriyentlariga taalluqli boʻlgan.
Sud mazkur jarayonlarni tartibga soluvchi barcha qonun normalarini tahlil qilib, Fargʻona politexnika institutida tashkil etilgan qabul komissiyasi masʼul xodimlari va qonunchilikdagi noaniqliklar sababli arizachilarni huquq va manfaatlari buzilgan, deb hisoblab qaror qabul qildi.
Sud arizachilarning talablarini muhokama qilib, shikoyat arizani qisman qanoatlantirishni lozim, deb topdi.
Xususan, qonunchilikka koʻra, talabalarga qoʻshimcha grant asosida oʻrin ajratish vakolati Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyaga tegishli boʻlib, mazkur maʼmuriy ish boʻyicha qabul komissiyasining noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida Davlat komissiyasiga davlat granti asosida oʻrin ajratish majburiyatini toʻgʻridan-toʻgʻri yuklab boʻlmaydi. Bu holat boʻyicha tegishli Plenum qarorida ham zarur tushuntirishlar berib oʻtilgan. Bunday vaziyatda, Davlat komissiyasi zimmasiga qonunda belgilangan muddatda ushbu masalani koʻrib chiqish majburiyatini yuklash qonuniy boʻladi.
Sud yuqoridagi bayon etib oʻtilgan qonun normalari talablaridan kelib chiqib, shikoyat arizani qisman qanoatlantirib, Fargʻona politexnika institutida tashkil etilgan qabul komissiyasining arizachilar hujjatlarini oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirish uchun qabul qilish bilan bogʻliq xatti-harakatlari qonunga xilof deb topib, Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi zimmasiga M.Toirov va A.Hatamovni Andijon davlat tibbiyot institutining tegishli fakultetiga Fargʻona viloyati uchun ajratilgan davlat granti asosida talabalikka qabul qilish masalasini bir oylik muddatda qonuniy tartibda koʻrib chiqish majburiyatini yuklashni lozim, deb topdi.
Bu bilan maʼmuriy sudlar bugungi kunda oʻzlariga berilgan vakolat va vazifalar doirasida jismoniy hamda yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklash boʻyicha samarali faoliyat yuritishga bel bogʻlab, oʻzlari oldiga qoʻyilgan vazifalarni sidqidildan bajarib, qonun ustuvorligini taʼminlab kelishayotganini koʻrish mumkin.
Abrorxon AKROMOV,
Toshloq tuman maʼmuriy sudining raisi