TAYINLOV: Taxiatosh tumani hokimi tayinlandi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, 16-iyun kuni xalq deputatlari Taxiatosh tumani Kengashining navbatdan tashqari yettinchi sessiyasi boʻlib oʻtgan. Sessiya kun tartibida tashkiliy masala koʻrib chiqilgan.
Sessiya ishida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi M.Yerniyazov ishtirok etib, tuman hokimi lavozimiga shu kungacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlab kelgan Matkarimov Ilxom Ismailovichning nomzodini taklif qilgan.
Taklif qilingan nomzod tuman Kengashi deputatlari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan.
I.Matkarimov oʻtgan yillar davomida Beruniy tumani davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi, Beruniy tumani hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanini rivojlantirish boʻyicha qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi prokurori, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi boshqarma boshligʻining oʻrinbosari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari kabi masʼul lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Eslatib oʻtamiz, oldin Taxiatosh tumanini boshqarib kelgan Farxat Allambergenov Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori lavozimiga tayinlangan edi.

 

OʻzA