Unga koʻra, Amudaryodagi suv miqdoriga taʼsiri yuqori boʻlgan Vaxsh va Zarafshon basseynlarida suv sarfi normasiga solishtirganda 85-95 foiz boʻlishi kutilmoqda.
Maʼlumki, vegetatsiya davrda daryolardagi suv miqdorining qancha boʻlishi oʻtgan mavsumlardagi yogʻingarchiliklar, togʻlardagi qor va muzlar, yaʼni, suv manbaidan kelib chiqib gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan prognoz qilinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi axborot xizmati aholidan kelib tushayotgan murojaatlar asosida tegishli mutaxassislar maʼlumotiga tayanib maʼlumot taqdim etdi. Unga koʻra, Qoraqalpogʻistondagi ekin maydonlarining suv taʼminoti Amudaryoning quyi qismida joylashganligi sababli Tuyamoʻyin suv omborida toʻplangan suv jamgʻarmasi bilan bevosita bogʻliq. Joriy yil may oyining dastlabki 10 kunligida suv omborida toʻplangan suv miqdori oʻrtacha 2 milliard 860 million kub metrni tashkil qilgan. Bu oʻtgan yilga nisbatan suvning miqdori 1 milliard 475 million kub metrga kam ekanligini koʻrsatmoqda.
Mazkur suv omboriga oʻtgan yilning shu davrida kelib turgan suvning miqdori oʻrtacha 1926 m3/soniyani tashkil qilgan boʻlsa, joriy yilning mos davrida 646 m3/soniyani tashkil qildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi shularni hisobga olib, hududdagi suv isteʼmolchilarini suv miqdorining sezilarli kamayib borayotganligidan ogohlantirmoqda va qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda intensiv usullardan foydalanish va suvni tejash (tomchilatib, yogʻinlatib, koʻchma egiluvchan quvurlar, pulsar usulida) texnologiyalarini joriy etishni va mavjud suv manbaini tejab foydalanishni tavsiya qilmoqda.
Shuningdek, ekinlarni sugʻorish tarmoqlarining suv bilan taʼminlanish darajasidan kelib chiqib joylashtirish, dalalarni navbat bilan sugʻorish va ekin maydonlarini sugʻorishga tayyorlashda agrotexnik tadbirlarni sifatli tashkil qilishga chaqirmoqda.