Toshkent davlat yuridik universitetida nomutaxassislik fanlar tubdan qisqartirildi

Respublikamizda malakali mutaxassis-huquqshunoslarni tayyorlash va yuridik fanni rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjud ediki, bu yuridik taʼlim sifatiga salbiy taʼsir qilayotgandi.

Shu bilan birga, yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida raqobatning yoʻqligi milliy yurisprudensiya ilmiy maktabining shakllanishiga salbiy taʼsir koʻrsatib, hududlardagi iqtidorli yoshlar uchun teng taʼlim olish imkoniyatini cheklardi.

Oʻzbekiston milliy matbuot markazida “Yangi Oʻzbekistonning – yangi yuridik taʼlimi” mavzusida boʻlib oʻtgan brifingda shu haqda soʻz bordi.

Taʼkidlanishicha, bu kabi muammo va kamchiliklar oʻz navbatida, yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish choralarini koʻrish zarurligini koʻrsatdi. Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

– Farmonda yuridik taʼlimda uzoq yillardan buyon muammo boʻlib kelgan bir qator masalalar ijobiy tasdigʻini topdi, – dedi Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahim Hakimov. – 3 ta hududda yuridik fakultetlarni tashkil etish, ularni kadrlar bilan taʼminlash, oʻquv yiliga tayyorlash va oʻquv dasturlarini shakllantirish masalalari tizimli amalga oshirilmoqda. Bu yil hududlardagi fakultetlarga 50 nafardan talabani qabul qilish rejalashtirilgan.

Ularda taʼlim tizimi faqat kunduzgi shaklda amalga oshiriladi. Universitetga qabul qilish jarayoni ham tubdan oʻzgartirilyati. Oldin umumiy tarzda qabul qilingan boʻlsa, endi hujjat topshirishi ham alohida fakultetlarni tanlash asosida amalga oshiriladi. Joriy yilda 4 ta yoʻnalish boʻyicha 2 ta fandan imtihon boʻladi. Yangi oʻquv yilidan 1-kursdan boshlab mutaxassislik fanlarini oʻqitishga oʻtiladi. Nomutaxassislik fanlar esa tubdan qisqartirildi.

Bugungi kunda universitet qabul komissiyasi tomonidan 2020/2021 oʻquv yili uchun qabul jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish borasida muhim ishlar amalga oshirildi. Abituriyentlarning qabul jarayonlariga oid barcha savollariga javob berish maqsadida malakali xodimlardan iborat “call center” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Unda fuqarolarning yozma va ogʻzaki murojaatlariga oʻz vaqtida, asosli javob berib borilishi tashkil etilgan.

Xalqaro tajriba asosida 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab bakalavriatda yurisprudensiyaning 4 ta, yaʼni davlat-huquqiy faoliyat, jinoyat-huquqiy faoliyat, fuqarolik va biznes huquqi, xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik taʼlim yoʻnalishi, magistraturada esa 8 ta mutaxassislik boʻyicha kadrlar tayyorlash belgilangan.

Universitet bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga jami 600 oʻrin ajratilishi rejalashtirilgan. Talabgorlarning 20 nafari grant, 580 nafari esa toʻlov-kontrakt asosida qabul qilinadi. Bundan tashqari, masofaviy taʼlim shaklida tahsil olishni istaganlar uchun 300 qabul oʻrni ajratilishi kutilmoqda. Magistratura mutaxassisliklariga 8 yoʻnalish boʻyicha jami 150 oʻrin, masofaviy taʼlim shakli uchun esa 80 qabul kvotasi belgilanmoqda.

Test sinovlari tarix, chet tili fanidan oʻtkaziladi. Chet tilidan oʻtkaziladigan test sinovlaridan ozod etish va ushbu fandan maksimal ball olish uchun chet tillarini bilish boʻyicha sertifikatlar darajalari talab etiladi.

Bakalavriat uchun test sinovlari 25-iyuldan 20-avgustgacha koʻp sigʻimli pavilyonlarda boʻlib oʻtadi. Abituriyentlar oʻzi xohlagan hududda test sinovlarini topshirishi mumkin.

Magistraturaga oʻqishga qabul qilishni ham test sinovlari orqali amalga oshirish belgilandi. Test sinovlari oʻtkaziladigan mutaxassislik fanidan 50 ta, chet tili fanidan 25 ta savol boʻladi. Test sinovlari 5-25-avgust kunlari koʻp sigʻimli pavilyonlarda boʻlib oʻtadi.

2020/2021 oʻquv yilida Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriati va magistraturasiga xorijiy davlat fuqarolaridan joriy yilning 15-martidan boshlab hujjatlarni elektron tarzda qabul qilish boshlangan. Bugungi kunga qadar Rossiya, Qozogʻiston, Afgʻoniston va Ozarbayjon davlatlari fuqarolari oʻqish istagini bildirib, murojaat qildi. Xorijiy davlat fuqarolari suhbat asosida universitetga qabul qilinadi. Ularning oʻqishi toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

 

Xurshid QODIROV, OʻzA