Yoshlarning IT sohasi boʻyicha savodxonligini oshirish – davr talabi

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda ilm, fan va texnika sohasini rivojlantirish, bu borada ayniqsa, yoshlar uchun yetarli sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida joriy yil 8-iyun kuni axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi islohotlar ijrosi boʻyicha taqdimot oʻtkazilgan edi. Taqdimotda belgilab berilgan ustuvor vazifalar, jumladan, joriy yil yakuniga qadar 100 ming va 2021-yilning birinchi yarmida yana 150 ming oʻquvchini oʻqitish, talabalarning dasturiy taʼminot boʻyicha malakasini oshirish, “Informatika” faniga “Bir million dasturchi” loyihasiga doir yoʻnalishlarni kiritish kabi vazifalar sohani jadal rivojlantirishga xizmat qiladi.

Oʻtgan davrni sarhisob qilib, oʻsha yillardagi faoliyatni tanqidiy tahlil qilgan holda rejalar tuzilsa, albatta, kerakli natijaga erishiladi.

2004-2009-yillarda barcha maktablarning beshta yoʻnalish boʻyicha moddiy-texnik bazasi mustahkamlangan, xususan, maktablardagi informatika sinf xonalari kompyuterlar bilan jihozlangan edi. Xoʻsh, bu tashabbus qanchalik samarali boʻldi?

Birinchidan, oʻsha paytlar umumiy oʻrta taʼlim maktablarida aksariyat 15 oʻquvchiga moʻljallangan kompyuter xonalari jihozlandi. Bu esa, oʻz navbatida barcha fanlar boʻyicha elektron darslarni tashkil etish imkonini bermadi.

Ikkinchidan, elektr taʼminotidagi uzilishlar chekka tumanlardagi maktablarda taʼlim jarayonida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sifatli taʼlim berish maqsadlarini puchga chiqardi.

Uchinchidan, yana oʻsha elektr muammosi sabab kompyuterlar tezda yaroqsiz boʻlib qoldi. Maktabning xarajatlar smetasida esa ularni taʼmirlash uchun yetarlicha mablagʻ ajratilishi nazarda tutilmaganligi sababli oʻqituvchilar oʻquvchiga sifatli taʼlim berish oʻrniga tekshiruvchilar uchun kompyuterlarni asrash bilan ovora boʻlishdi.

Toʻrtinchidan, internet tarmogʻi bilan bogʻliq muammolar (hozirda ham aksariyat maktablarda optik tolali internet liniyasiga ulanish boʻyicha muammolar yetarli) samarasizlikka xizmat qildi.

Faqatgina umumiy oʻrta taʼlim tizimida shuncha muammolar mavjudligi soha rivojiga salbiy taʼsir qilishi shubhasiz. Ayni shu bois ham bugungi kunda sohani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar juda muhim hisoblanadi.

Bugungi kunda raqamli iqtisodiyot, “Elektron hukumat” xizmatlariga talab kundan-kunga oshib bormoqda. Lekin hozirda 780 tur davlat xizmatidan bor-yoʻgʻi 185 tasidan “Elektron portal” orqali foydalanish imkoni mavjud. Aksariyat tashkilotlarda ish jarayonini raqamlashtirish faqat hujjat almashinuvini elektronlashtirish bilan cheklanib qolmoqda.

Shu bois “Elektron oʻqitish dasturi” orqali oʻqib, diplom olgan dasturchilarni davlat va xoʻjalik muassasalariga IT mutaxassis sifatida ishga olish zarur. Ular tashkilotlarning barcha faoliyatini anʼanaviy elektron formatdan raqamli koʻrinishga oʻtkazishga masʼul boʻladi.

Misol uchun, bugungi kunda kambagʻal oilalarga kredit va subsidiyalar berish masalasini maxsus elektron dastur aniq mezonlar asosida avtomatik ravishda belgilashi kerak. Yoki rekonstruksiya qilinadigan taʼlim muassasasining avtomatik tarzda aniqlanishi, inson faktori aralashuvining oldini olish, tizimda toʻplanib qolgan muammolar yechimiga zamin yaratadi.

IT infratuzilmasini yaxshilash, aholi, ayniqsa yoshlarning bu boradagi savodxonligini oshirish davr talabidir. Shu bois ham taqdimotda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga barcha hududlarda raqamli texnologiyalar boʻyicha kamida 100 ta oʻquv markazi ochish vazifasi qoʻyildi. Bu dargohlarda dasturlash asoslari, elektron savdo va grafikli dizayn kabi yoʻnalishlar boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etiladi.

Mamlakatda xizmat koʻrsatish sifatini yana-da yaxshilash, yoshlarning mafkuraviy immuniteti, ijodiy-intellektual salohiyatini oshirish, kompyuter texnologiyalari, dasturlash asoslari va robototexnika yoʻnalishi boʻyicha bilimini mustahkamlash borasidagi tizimli ishlar, albatta, ushbu sohaning jadal rivojlanishiga xizmat qiladi.

Shohista TURGʻUNOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot
texnologiyalari masalalari qoʻmitasi aʼzosi

 

OʻzA