1989-yil 21-oktyabrda “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi mamlakatimiz mustaqilligi sari qoʻyilgan dastlabki dadil qadam edi. Aynan shu tarixiy hujjatga binoan oʻzbek tili mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega boʻldi.
Istiqlol yillarida ona tilimiz tom maʼnoda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.
Bugun Oʻzbekiston “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari”, degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yana-da yuksak bosqichiga koʻtarilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzi tobora oshib bormoqda.
Oʻzbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qoʻllanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga eʼtibor va uni oʻrganishga qiziqish kuchaymoqda.
Jismoniy tarbiya va sport sohasi vakillari nafaqat mamlakat ichkarisida, balki xalqaro maydonlarda ham oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini yuksaltirish borasida oʻz oʻrniga ega. Buni quyidagilar misolida koʻrishimiz mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4- va 5-moddasiga muvofiq, qonun bilan himoya qilinadigan davlat ramzlari – bayroq, gerb, madhiya hamda oʻzbek tilidir. Mazkur davlat ramzlari orqali Oʻzbekistonning jahon maydonlarida nufuzini oshiradigan holat sportchilar hayotida juda koʻp sodir boʻladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Mustaqillik yillarida respublika, Osiyo hamda jahon miqyosida oʻtkazilgan sport musobaqalarining gʻoliblik shohsupasiga koʻtarilgan barcha sportchilarimiz sharafiga Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi yuqori koʻtariladi. Gʻolib sportchilarimizning qoʻllari koʻksiga qoʻyilgan rasmiy liboslarda davlat gerbi tasviri aks etgan holda shohsupaning eng yuqori pogʻonasida turganida, davlat madhiyasi oʻzbek tilida yangraydi. Qolaversa, sportchi tomonidan faxr tuygʻusi bilan oʻzbek tilida jonli aytiladi.
Tilshunoslik sohasi tadqiqotchilarining ilmiy xulosalariga koʻra, yer sharida hammasi boʻlib taxminan 5 ming 621 ta til va sheva boʻlib, hozirgacha ulardan 500 tasigina oʻrganilgan. Har uch tildan bittasining yozuvi yoʻq, faqat ogʻzaki nutq shakliga ega. 1 ming 400 ta tilning yoʻqolib ketish xavfi mavjud.
Dunyo tillaridan faqat 40 tasigina ogʻzaki va yozma jihatdan mukammal shakllangan, deb hisoblanadi. Oʻsha tillar orasida oʻzbek tilining ham borligi har bir yurtdoshimizda ona tilimizga nisbatan faxr-iftixor tuygʻusini uygʻotishi tabiiy.
Oʻzbek tilining jahon hamjamiyati tomonidan tan olinishida sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qilish orqali oʻzlarining xissasini qoʻshib kelmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, oʻzbek tili oʻzbek xalqining maʼnaviy mulkidir. Maʼnaviy mulkni himoya qilish, yana-da rivojlantirishda shoirlar oʻz sheʼrlari, yozuvchilar oʻz asarlari, boshqa kasb egalari oʻz mehnatlari bilan, sportchilar esa jahon maydonlarida qoʻlga kiritiladigan yuqori natijalari bilan oʻz hissasini qoʻshadilar.
Har bir sportchi qayd etadigan natijada ona yurt taqdiriga daxldorlik mujassam. Shunday ekan, barcha sportchilarimizga kelgusida ulkan zafar va muvaffaqiyat tilaymiz.