Pandemiya sharoitida dunyo mehnat bozorida vaziyat qanday, qancha odam ishsiz qolmoqda?

Koronavirus infeksiyasining tarqalishi dunyoning qariyb barcha mamlakatlari aholisi turmush tarziga u yoki bu darajada taʼsir etishga ulgurdi. Hatto ayrim sohalar jiddiy inqiroz yoqasida turibdi.

Dunyo mehnat bozoridagi vaziyat va ishsizlik masalalari nafaqat bugungi pandemiya davrida va undan keyin ham eng koʻp eʼtibor qaratish va vaziyatni yaxshilash uchun jiddiy choralar koʻrish lozim boʻlgan soha boʻlib qoladi.

Pandemiya tufayli dunyo mehnat bozori Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng jiddiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) hisob-kitoblariga koʻra, karantin choralari dunyo ishchilarining 81 foizi, yaʼni 2,7 milliard kishiga taʼsir koʻrsatadigan korxonalarning vaqtincha, toʻliq yoki qisman yopilishiga sabab boʻldi.

Eng koʻp ish soatlari qaysi davlatda qisqardi

Eng koʻp ish soatlari arab mamlakatlarida qisqaradi (8,1%). Bu esa 5 million kishining ishsiz qolishini anglatadi. Ishsizlik darajasi boʻyicha ikkinchi oʻrinni Yevropa (7,8%, yaʼni 12 million kishi) va uchinchi oʻrinni Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (7,2%, yaʼni 125 million kishi) egallaydi.

XMT tahlilchilarining ogohlantirishicha, yana 1,25 milliard kishi band boʻlgan sohalarda ish joylari yoki ish soatlarining qisqarish xavfi mavjud. Mehmonxona biznesi, xizmat koʻrsatish va ulgurji-chakana savdo sohalari eng koʻp zarar koʻradi. Taʼlim, sogʻliqni saqlash, kommunal xizmat, qishloq xoʻjaligi, davlat xizmatlari va jamoat xavfsizligini taʼminlash kabi sohalar eng kam zarar koʻradi. Qurilish, moliya va sugʻurta xizmatlari sohasi mehnat bozorining pandemiyadan zarar koʻrish xavfi oʻrta darajada. Sanʼat va koʻngil ochish maskanlari, transport xizmatlari, mehmonxona va sayyohlik biznesi, koʻchmas mulk savdosi, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, ulgurji va chakana savdo, avtomobillarni taʼmirlash xizmatlari sohalaridagi mehnat bozorining zarar koʻrish xavfi esa oʻrtachadan yuqori baholanmoqda.

Dunyo boʻyicha 1,5 milliarddan ortiq odam tirikchiliksiz qolishi mumkinligi ham istisno qilinmayapti. Bu toifaga ishlab chiqarish va oziq-ovqat sanoatidagi chakana savdo xodimlarining kirishi taxmin qilinmoqda. Koronavirus pandemiyasi dunyo mehnat bozorining ayniqsa, norasmiy sektoriga qattiq zarba bermoqda. Inqirozning birinchi oyi butun dunyo boʻylab norasmiy ishchilarning 60 foizga qisqarishiga olib keldi.

Oxirgi yillarda oʻzbekistonlik mehnat migrantlarining katta qismiga makon boʻlgan Rossiyada pandemiyaning iqtisodiyotga taʼsiri va mehnat bozorining istiqboliga alohida eʼtibor qaratish lozim.

Rossiyada joriy yilning ikkinchi choragida ish izlovchilar indeksi misli koʻrilmagan darajaga tushib ketgan. “HeadHunter” maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda odatda ishdan boʻshatilgan xodimlar 10 foizni tashkil etgan boʻlsa, endilikda bu koʻrsatkich 20 foizni tashkil etmoqda. Bu nafaqat COVID-19 oqibatlari bilan, balki Rossiya iqtisodiyotining hozirgi noaniqlikdagi umumiy holati bilan ham izohlanadi. “Romir” kompaniyasi maʼlumotlariga koʻra, moskvaliklarning har uchdan biri vaqtincha ishlamayapti va yana 12 foizi daromad manbaisiz qolgan.

Shunga qaramay, mamlakatda masofadan ishlanadigan boʻsh ish oʻrinlari soni keskin oshgan. Masalan, mart oyida oʻz-oʻzini izolyatsiya qilish tartibi joriy qilinishidan oldingi davrga nisbatan bu koʻrsatkich 71 foizga oshgan. Ular orasida dasturchi, maʼlumotlar bazasi va texnik qoʻllab-quvvatlash administratori, raqamli marketing mutaxassisi, koll-markaz operatori, onlayn savdo va mijozlarga xizmat koʻrsatish menejeri, onlayn oʻqituvchi kabi kasblar eng talabgor boʻlgan.

Shu bilan birga, yaqinda oʻtkazilgan soʻrovnoma shuni koʻrsatdiki, fuqarolarning yarmidan koʻpi oldingi ish haqi miqdorini saqlab qolish uchun koʻproq ishlashga ham rozi boʻlishgan.

Barchasini vaqt koʻrsatadi

BMT maʼlumotlariga koʻra, inqiroz tufayli dunyoda kamida 195 million kishi ishsiz qolishi mumkin. Tahlilchilarning taʼkidlashicha, jahon iqtisodiyoti tarixiy ishsizlik darajasi bilan yuzma-yuz kelmoqda.

Rossiya mehnat vazirligining hisob-kitoblariga koʻra, hozirda mamlakatda 950 mingga yaqin ishsizlar bor. Biroq, mamlakatda pandemiya sababli eʼlon qilingan qoʻshimcha dam olish kunlari tartibi joriy qilingani sababli bu koʻrsatkich mehnat bozoridagi haqiqiy vaziyatni toʻliq aks ettirmaydi. Hisob palatasi pandemiya oqibatida olti milliondan toʻqqiz milliongacha rossiyaliklar ishsiz qolishini istisno qilmayapti.

Muammo yechimi – raqamlashtirishni ragʻbatlantirish

Barcha salbiy omillarga qaramay, pandemiya biznesni avtomatlashtirish va raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirdi. Davlat boshqaruvi organlari yangi voqelikka tezda moslasha oldi: barcha yigʻilishlar onlayn tarzda oʻtkazilmoqda va koʻplab rahbarlar masofadan turib ishlamoqda.

Pandemiya yuzaga keltirgan inqiroz sharoiti axborot texnologiyalari, ayniqsa masofaviy muloqot va taʼlim, shuningdek, yetkazib berish xizmatlari bilan bogʻliq sohalarning rivojlanishi uchun istiqbolli hisoblanadi. Boshqacha aytganda, oʻz-oʻzini izolyatsiya qilish rejimida faol boʻlgan barcha sohalar rivojlanadi.

Ammo, ertami-kechmi pandemiya tugaydi. Iqtisodiyot yana oʻsadi, ammo pandemiya oqibatida yuzaga kelgan inqirozning oqibatlarini, ehtimol virusning oʻziga qaraganda uzoqroq davolashga toʻgʻri keladi.

Shu bilan birga, kelajakda yangi imkoniyatlar paydo boʻlmoqda. Rossiya mehnat bozorida, boshqa davlatlardagi kabi jiddiy qayta taqsimot kutilmoqda. Ishsiz qolganlar oʻzlari uchun yangi sohalarda ish izlashlariga toʻgʻri keladi. Agar hozir turizm sohasi va xizmatlar bozori sekinlashayotgan boʻlsa, mamlakatda raqamlashtirish tezlashmoqda. Oxir oqibat, COVID-19 oʻzining barcha kamchiliklari bilan Rossiyada raqamlashtirishni faollashtiradigan va umuman iqtisodiyotning oʻsishiga olib keladigan katalizatorga aylanishi mumkin.

Ortiqxoʻja NOROV,

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot kotibi

 

OʻzA