Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida oliy taʼlim muassasalari uchun qabul jarayoni yangiliklariga doir brifing boʻlib oʻtdi.
Unda Fargʻona viloyatida boʻlib turgan Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Musayev, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inomjon Majidov, xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Davlat test markazi direktori Majid Karimov, rektorlar ishtirok etdi.
Brifingda bu yilgi test sinovlari koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyatda biroz oʻzgacha tartibda oʻtkazilishi aytildi.
Jumladan, abituriyentlarga uydan chiqmagan holda mobil telefon (kompyuter) yordamida onlayn roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratiladi, test blokidagi fanlar tarkibi va ketma-ketligi bir xil boʻlgan 3 ta taʼlim yoʻnalishini tanlash imkoniyati saqlab qolinadi.
Test sinovlari karantin cheklovlari tugagandan soʻng iyul-avgust oylarida (taklif 27-iyuldan 15-avgustgacha) oʻtkaziladi. Karantin cheklovlari davom etgan taqdirda muddatga oʻzgartirish kiritilishi mumkin. Joriy yilda istisno ravishda 3 ta majburiy fandan (ona tili, Oʻzbekiston tarixi va matematika) test boʻlmaydi, faqat 2 ta mutaxassislik fanidan test topshiriladi.
Shuningdek, joriy yil maktab bitiruvchilarining oʻrta maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjati Xalq taʼlimi vazirligidan olinadi, bunda abituriyent faqat pasporti bilan borsa kifoya. 21-avgustdan 31-avgustgacha appelyatsiyalar qabul qilinadi. Unda abituriyent ishtirok etishi shart.
Test sinovlari sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy rioya etilgan holda oʻtkaziladi, bunda abituriyentlarni binoga kiritishdan oldin tana harorati oʻlchanadi.