Tumandagi mashina-traktor parklari rahbarlari, sohaning boshqa mutaxassislari, fermer xoʻjaliklari raislari ishtirok etgan tadbirda taʼkidlanganidek, bugungi kunda dehqonchilikda, ayniqsa, paxtachilikda egiluvchan quvurlardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada Amudaryo tumanida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “Toʻlqin” ovul fuqarolar yigʻinidagi “Amet Toʻrayev” fermer xoʻjaligi rahbari Erkinboy Toʻrayev sohada olib borilayotgan islohotlar, innovatsion loyihalarni joriy etish orqali paxta va boshqa qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirishda oʻz tajriba maktabini yaratganlardan. Ayniqsa, tejamkorlik daromadiga-daromad qoʻshishini fermer juda yaxshi biladi. Shu bois, u joriy yilgi ziroatchilik mavsumida tuman fermer xoʻjaliklari orasida birinchilardan boʻlib, gʻoʻzani sharbat usulida sugʻorishda egiluvchan quvurlardan foydalanish usulini boshlab berdi.
Tadbirda mutaxassislar tomonidan bir tekis egat olingan dalalarga egiluvchan quvurlar orqali suv tarashning afzalliklari, gʻoʻza qator oralariga beriladigan suv sarfi va tejaladigan suv miqdori hamda ishchi kuchi, bundan xoʻjalik iqtisodiyotiga keladigan foyda xususida yetakchi mutaxassislar tomonidan zarur maʼlumotlar va tavsiyalar berildi.
Ushbu tejamkor texnologiyaning yana bir afzallik tomoni, yaʼni, oddiy sugʻorish jarayonida yuz berishi mumkin boʻlgan gʻoʻzani suv bosish holatiga barham berilishi, har bir tup gʻoʻza zarur miqdordagi suv bilan taʼminlanishi, natijada hosil nishonalari yuz foiz saqlab qolinishiga erishish mumkinligiga alohida eʼtibor qaratildi. Chunki koʻpchilik fermer xoʻjaliklarida suvbosdi boʻlgan gʻoʻzalar hosil nishonalarini tashlab yuborishi oqibatida hosildorlik kamayib ketishi tajribalardan ayon. Egiluvchan quvurlardan foydalanilganda ana shunday noxush holatning oldi olinadi va xoʻjalik iqtisodiga ijobiy samara berishi qayd etildi va oʻzaro tajriba almashildi.