Unda Markaziy Osiyo davlatlarining 40 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari oʻquv, ilmiy, xalqaro ishlar boʻyicha masʼullari qatnashdi.
Konferensiya davomida Markaziy Osiyodagi xalqaro taʼlim boʻyicha mutaxassislar oʻrtasida koronavirus pandemiyasi natijasida yuzaga kelgan muammolar va ularning yechimi borasida fikr va tajriba almashildi. COVID-19 pandemiyasidan soʻng Xalqaro taʼlim konsepsiyasini yaratish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi. Oliy taʼlim muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan professor-oʻqituvchilar oʻrtasida ilmiy, oʻquv va uslubiy yoʻnalishlarda maʼlumot almashish, fan dasturlarini hamkorlikda yangilash boʻyicha bir qator masalalar muhokama qilindi.
– Onlayn konferensiya davra suhbati shaklida tashkil etilib, ishtirokchilar oʻz oliy taʼlim muassasalari misolida pandemiya sharoitida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtishdi, – deydi institutning Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori Ahatjon Nasullayev. – Masofaviy taʼlim har doim mavjud boʻlishiga qaramay, u talabalar orasida hech qachon mashhur boʻlmagan. Baʼzi bir muhim sabablar hamda psixologik toʻsiq sababli masofaviy taʼlim sifati va uslubiga nisbatan ishonchsizlik mavjud edi. Ammo, karantin paytida toʻplangan tajriba tufayli, talabalar va professor-oʻqituvchilarning aksariyati ushbu qoʻrquvni muvaffaqiyatli yengib oʻtdi.
Onlayn-konferensiyada axborot-kommunikatsion texnologiyalarga asoslangan oʻquv dasturlarini yaratish, taʼlim berishning aralashgan modellarini bosqichma-bosqich joriy etish hamda professor-oʻqituvchilarning uzluksiz kasbiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini taqdim etish lozimligi taʼkidlandi.
Buxoro davlat tibbiyot instituti professor-oʻqituvchilari tibbiy taʼlimning oʻziga xos jihatlari, masofaviy taʼlim tibbiyotning amaliy qismini yetarlicha qamrab ololmasligini taʼkidlab, pandemiyadan soʻng talabalarning amaliyotini tashkil etish boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Xalqaro qatnovlarning cheklanganligi sababli talabalar hamda professor-oʻqituvchilar akademik mobilligi maʼlum muddatga toʻxtatildi.
Shuningdek, koʻplab xalqaro Oliy taʼlim muassasalarining oʻqituvchi- professorlari tomonidan “Uyda xalqarolashuv” konsepsiyasi taklifi bildirildi. Bunda akademik mobillik, xalqaro loyihalarning raqamli texnologiyalar asosida davom ettirilishi taʼlim sifatiga qoʻshimcha qiymat qoʻshishi mumkinligi qayd etildi.
Tez orada barcha mamlakatlarda 2020-2021 oʻquv yili uchun qabul jarayonlari boshlanadi. Pandemiya tufayli xorijiy talabalarning xalqaro harakatlanishi cheklanganligi sababli konferensiya ishtirokchilari hujjatlarni onlayn qabul qilishni tashkil etish lozimligi toʻgʻrisida, hujjatlarni qabul qilishning onlayn platformasini tashkil etish borasida ham fikr almashdi.
Tadbirda Xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika Kengashlari bilan Markaziy Osiyo oliy taʼlim muassasalarining konferensiyada koʻtarilgan masalalar yuzasidan hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.