Maqsad atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik muammolarni hal etish

Poytaxtimizda 2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish sohasida Milliy maqsadlar hamda Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast fondining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.

Butunjahon atrof-muhit kuniga bagʻishlangan jamoatchilik eshituvi videokonferensiya shaklida oʻtkazildi.Mamlakatimizda parlament, davlat va jamoat, xalqaro tashkilotlar hamkorligida 2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish sohasida Milliy maqsadlarga erishishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasida dastur va loyihalarning qamrovi va koʻlami yana-da kengaymoqda.

Qayd etilganidek, 1972-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 27-sessiyasida atrof-muhit muammolariga dunyo hamjamiyati eʼtiborini jalb qilish maqsadida 5-iyun – Butunjahon atrof-muhit kuni deb eʼlon qilingan. Har yili dunyo boʻylab ushbu kunda ommaviy “yashil” aksiyalar, konsertlar va tanlovlar, ilmiy, amaliy va maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishi anʼanaga aylangan. Biroq bu yil koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat tufayli bunday tadbirlar onlayn virtual tarzda amalga oshirilmoqda.

Tadbirda atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik muammolarni hal etish, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish butun jamiyatning saʼy-harakatlarini birlashtirish, bu sohada davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlarning hamkorligini yana-da kuchaytirish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.

Barqaror rivojlanish uchun suv resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanish, mavjudlarida esa sanitariya holatini yaxshilash, iqlim oʻzgarishi va uning oqibatlariga qarshi shoshilinch choralar koʻrish, yer ekotizimlarini himoya qilish hamda tiklash va ulardan oqilona foydalanish lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, oʻrmonlarni barqaror boshqarish, choʻllanishga qarshi kurashish, yerlarning degradatsiyaga uchrashi va biologik xilma-xillik qisqarishini kamaytirishga erishish ham muhim vazifalardan. Taʼkidlanganidek, bu yoʻnalishdagi ishlarni samarali amalga oshirilishini taʼminlashning bosh mezoni, davlat va jamoat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlarning hamjihatlikdagi saʼy-harakatlari bilan oʻzaro yaqin aloqalarni yoʻlga qoʻyishdir.

Ushbu maqsadlar Oʻzbekiston Ekologik partiyasi va uning parlamentdagi deputatlik fraksiyasining asosiy dasturiy maqsadlaridan hisoblanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi rejalari, Oʻzbekiston ekologik harakati va ekologiya yoʻnalishidagi boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarining maqsadlariga ham hamohangligi alohida qayd etildi.

Milliy rivojlanish strategiyasini amalga oshirishda jamoatchilikning ishtirokini taʼminlash va Barqaror rivojlanish maqsadlari toʻgʻrisida aholining xabardorligini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, jamoatchilik eshituvi ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan tasdiqlangan Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast fondi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning amalga oshirilishi jamoatchilik monitoringi bilan bogʻliq masalalarni ham muhokama qilishdi.

Trast fondining faoliyati va mazkur fond tomonidan Orolboʻyida amalga oshirilayotgan loyihalar 2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish maqsadlarining aniq natijalarga erishishga qaratilganini alohida qayd etishdi.

Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat tashkilotlari tomonidan “Yoʻl xaritasi”ning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi zarurligi, shuningdek, Orolboʻyi mintaqasida Trast fond loyihalarini amalga oshirishda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi mahalliy organlar va NNT salohiyatidan foydalanish muhimligi taʼkidlandi.

2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish sohasida Milliy maqsadlarning va Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast fondi faoliyatini yana-da jonlantirish boʻyicha tavsiyalar qabul qilindi.

Anʼanaga koʻra, ekologik muammolar, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik toza, resurs tejamkor, energiya manbaalaridan hamda suvni tejash texnologiyalaridan faol foydalanish borasidagi yangiliklarni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib kelayotgan faol jurnalistlar taqdirlandi.

 

Nurillo NASRIYEV, OʻzA