Uch oy ichida 31 ta mamlakatdan 127 jurnalist koronavirus tufayli vafot etgan.
Kuni kecha qarorgohi Jenevada joylashgan Press Emblem Campaign (PEC) jurnalistlar assotsiatsiyasi ushbu maʼlumotni tarqatdi.
PEC maʼlumotlariga koʻra, 1-martdan to 31-maygacha 127 jurnalist COVID-19 bilan kasallanib vafot etgan. Ularning uchdan ikki qismi oʻzlarining kasbiy burchini bajara turib hayotdan koʻz yumgan. Pandemiya faqat may oyining oʻzida 72 jurnalistning yostigʻini quritdi.
“OAV xodimlari yangi virusga qarshi kurashda muhim rolni bajarmoqda. Ular kasallikning tarqalishi haqida axborot berishi kerak. Qurbon boʻlgan jurnalistlarning ayrimlari oʻz ishini bajarayotgan chogʻda kerakli himoya vositalarini topa olmagani uchun vafot etgan”, – dedi PEC bosh kotibi Bleyz Lempen.
Eng koʻp oʻlim holati Lotin Amerikasi mintaqasida qayd etilgan. Peruda 15 jurnalist koronavirusdan koʻz yumdi. Braziliya va Meksikaning har birida 13 nafardan qalam ahli vafot etgan. AQSHda koronavirusdan vafot etgan jurnalistlar soni 12 kishini tashkil etadi. Rossiyada koronavirus infeksiyasidan 5 jurnalist oʻlganligi aytilmoqda.
Xabarda taʼkidlanishicha, jurnalistlar orasida oʻlim holatlarining haqiqiy manzarasi bundanda ayanchliroq boʻlishi mumkin. Chunki, qurbon boʻlgan jurnalistlarning barchasi COVID-19 boʻyicha testdan oʻtkazilgani uchungina maʼlum boʻlgan.
OʻzA