Jurnalist surishtiruvi
Yoxud jurnalist “soʻz erkinligi” ortidan qamaldimi?
Soʻnggi kunlarda Fargʻonada bir jurnalist bilan bogʻliq voqea turlicha talqin qilinib, «xayp»ga berilib, aybsiz aybdorlar va urushdan keyingi qahramonlar koʻpaymoqda. Masalani xolis yoritish maqsadida voqea “qahramoni” Usmonjon Qodirov, Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Fargʻona viloyat boʻlimi raisi Muhammadjon Obidov va Fargʻona viloyat IIB matbuot kotibi Ismoil Sharipov bilan bogʻlanib, oʻzimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik.
Jurnalist Usmonjon Qodirov oʻzining tushuntirish xatida shunday yozadi: “Havo issiqligi tufayli niqobni yechib olgandim, IIB xodimi meni ogohlantirdi va u bilan TPga borishimni aytdi. Mening jahlim chiqib ketdi va uyatli soʻzlar bilan soʻkinib yubordim. Qilgan ishimdan pushaymonman”.
Sevara Alijonova: Shu gaplar haqiqatmi yoki qoʻrquv, tazyiq ostida yozganmisiz?
Usmonjon Qodirov: Bunga imzo qoʻyganman, xolos. Ixtiyoriy. Agar shunday qilmasam, yana boshqa ayblovlar ham qoʻyishardi.
Sevara Alijonova: Notoʻgʻri axborot tarqatganingiz uchun pushaymonligingiz haqidagi videomurojaatingiz ham tazyiq, yaʼni M.Obidov taʼsirida aytildimi?
Usmonjon Qodirov: Yoʻq, bunga meni hech kim majbur qilmadi. Chin koʻngildan, rostdan ham soʻrab-surishtirmay, shoshqaloqlik bilan axborot berganim uchun hammadan uzr soʻradim.
Sevara Alijonova: Sizni M.Obidov qamatganiga ishonasizmi?
Usmonjon Qodirov: Yoʻq, lekin hokimiyatdan IIB xodimlari meni olib ketishayotganini koʻrishdi.
Sevara Alijonova: «Fayzbogʻ» telegram kanali chiqargan «mem»ni kanalingizda ulashishdan maqsad nima? Shu fikrga qoʻshilaman, deganingizmi?
Usmonjon Qodirov: Aynan yoʻq.
Sevara Alijonova: Unda nega? Hech qanday izoh yoʻqku? Bu harakatingiz voqea haqida odamlarda muayyan tushuncha hosil qiladi.
Usmonjon Qodirov: Shunchaki qoʻydim. Koʻp joyda koʻrganim uchun.
Sevara Alijonova: Demak, sizning 15 sutkaga qamoqqa hukm etilganingiz “soʻz erkinligi” bilan emas, niqob taqmaganingiz bilan bogʻliq, shundaymi? Ochigʻini aytavering, yoʻq desangiz ham yetarli.
Usmonjon Qodirov: –
* * *
Sevara Alijonova: Assalomu alaykum. Voqea qanday boʻlgan edi oʻzi? Usmonjon Qodirovni pushaymonlik haqida videomurojaat qilishga siz undadingizmi?
Muhammadjon Obidov, Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Fargʻona viloyat boʻlimi raisi: Yoʻq. Suhbat chogʻida uning yolgʻon axborot tarqatganini isbotlovchi dalillar keltirganimdan soʻng, u xato qilganini yoshlikka, shoshma-shosharlikka yoʻyib uzr soʻradi. Yolgʻon gaplar internet orqali butun dunyoga tarqalib ketib boʻldi, bu uzringdan nima naf endi, dedim. U videomurojaat qilishini aytdi va hech kimning qistovi yoki oʻrgatishisiz kechirim soʻradi. Suhbatimizga Fargʻona viloyat teleradiokompaniyasi direktori B.Obidjonov ham guvoh boʻlgan.
Sevara Alijonova: Nega bu video oʻzining shaxsiy telefonida emas, hokimiyat binosida kameraga olindi?
Muhammadjon Obidov: Oʻzingizga maʼlum, barcha idoralarga, jumladan, hokimiyat binosiga ham kirishda kiruvchining telefoni olib qolinadi. Qolaversa, axborot xizmati telegram kanaliga qoʻydik, uzrini, shu sabablar tufayli hokimiyat xonasida olingan.
Sevara Alijonova: U.Qodirovni tegishli organ vakillari olib ketishayotganini koʻrgan ekansiz…
Muhammadjon Obidov: Hokimiyatning asosiy va rasmiy delegatsiyalar kiradigan eshiklari bor. Ular militsiya xodimlari tomonidan qoʻriqlanadi. Baʼzida u yerda ishlaydiganlar yoki biron yigʻilishga kelgan IIB xodimlari ham hokimiyat binosiga kirib-chiqib turadilar. Lekin ular U.Qodirovni “olib” ketishganidan xabarim yoʻq. Qolaversa, U. Qodirovning oʻzi sudda “Navoiy koʻchasida joylashgan Fargʻona viloyat hokimligi binosi oldida” uni militsiya xodimlari toʻxtatgani haqida koʻrsatma bergan.
Sevara Alijonova: Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat boʻlimi boshligʻi sifatida Usmonjon Qodirovni himoya qilmadingizmi?
Muhammadjon Obidov: Menga bir tanishim 28-may kuni qoʻngʻiroq qilib, U.Qodirov kecha uyiga bormagani, uning gumonicha, negadir qamab qoʻyishganini aytdi. Men bunday boʻlishi mumkin emas, nega, nima uchun deya darhol oʻrganishga kirishdim. IIB matbuot kotibi va masʼullari bunday voqeadan xabarsizligini aytishdi. Shundan soʻng maʼmuriy sud bilan bogʻlandim va shundagina bu gap toʻgʻriligini bildim. Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat boʻlimi raisi sifatida qarordan nusxa soʻrab sudga rasmiy murojaat qildim. Ular taqdim etdilar. Oʻqisam, U.Qodirov “karantin qoidalarini buzgani, uyatli soʻzlar bilan soʻkinib fuqarolar osoyishtaligini buzganiga iqror” boʻlib sudda koʻrsatma bergan. Sudyaning taʼkidlashicha, U.Qodirovdan qilmishi haqida qayta-qayta soʻralgan. U har gal bu koʻrsatmani oʻz ixtiyori bilan berayotganini aytgan. Shundan soʻng sud jazo tayinlagan.
Urinishlarim natijasida qarordan nusxa olib, oʻsha zahoti Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat boʻlimi nomidan Fargʻona viloyat Maʼmuriy sudiga Usmonjon Qodirovga nisbatan Fargʻona shahar Maʼmuriy sudi chiqargan qarorni bekor qilib, uni ozod qilishlari haqida rasman shikoyat-iltimosnoma kiritdim. Viloyat sudidan istisno tarzida ishni darhol koʻrib chiqishni soʻradim. 29-may kuni ertalab ish Fargʻona viloyat Maʼmuriy sudida koʻrib chiqildi va unga nisbatan belgilangan 15 kunlik maʼmuriy qamoq jazosi 2 kunlik bilan almashtirilib, u ozod etildi.
Men Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Fargʻona viloyat boʻlimi raisi sifatida vazifamni vijdonan va sidqidildan bajardim. Bu xatti-harakatlarim sud hujjatlarida ham oʻz ifodasini topgan. Shunday qilib, men U.Qodirovga huquqbuzarligi uchun jazo tayinlanishiga mutlaqo aloqador emasman. Aksincha, unga nisbatan tayinlangan jazo qayta koʻrib chiqilishining tashabbuskori edim…
Sevara Alijonova: Sizga aybsiz aybdor boʻlish nimaga kerak? Siz haqingizda jamoatchilik fikridan xabaringiz bordir, nega munosabat bildirmayapsiz?
Muhammadjon Obidov: Eʼtibor bergan boʻlsangiz, bu voqea haqida yozayotganlarning aksariyati xorijdagi Oʻzbekistonning “doimiy doʻstlari”, qolganlari esa voqeaning aslida qanday kechganidan bexabar kishilar. Siz va yana bir nufuzli xorijiy OAV muxbiridan tashqari hech kim bu haqida mendan soʻragani yoʻq. Faqat koʻr-koʻrona yozaverishdi. Jilla qursa ulardan birortasi «Hey birodarlar, aslida U.Qodirov yoshlik, shoshma-shosharlik qilib, yolgʻon axborot tarqatib qoʻygan, sudda esa huquqbuzarlik qilgani uchun qayta-qayta iqrorligini bildiribdiku», demaydi. Biror inson «M.Obidovning militsiyaga buyruq berib, sudga olib bordirish, unga huquqbuzarligi haqida iqror koʻrsatmasi berdirish, sudga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlatish qudrati bormi oʻzi?» demaydi.
Albatta, nohaq yozilayotgan “post”larni kuzatyapman, dilim ogʻriyapti. Ammo vijdonim oldida pokman, bunga Yaratgan shohid. Shu narsa menga tasalli beradi.
Sevara Alijonova: Demak, Usmonjon Qodirovning 15 sutkaga qamoqqa hukm etilgani “soʻz erkinligi” bilan emas, niqob taqmagani bilan bogʻliq, shundaymi?
Muhammadjon Obidov: Ha, toʻgʻri. U yolgʻon axborot tarqatgani uchun oʻz ixtiyori bilan uzr soʻradi. Qamalishi esa huquqbuzarligi uchun boʻlgan. Bular mutlaqo boshqa-boshqa narsalar.
* * *
Sevara Alijonova: Assalomu alaykum. Jurnalist Usmonjon Qodirovga qanday aybi uchun 15 sutka qamoq jazosi tayinlandi?
Ismoil Sharipov, Fargʻona viloyat IIB matbuot kotibi: Fuqaro U.Qodirov Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 54, 183, 194-moddalari, yaʼni “Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish”, “Mayda bezorilik”, “Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik” shartlari bilan ayblangan.
Sevara Alijonova: Nega muddatidan ilgari ozod etildi? Jamoatchilik fikri taʼsiridami yoki..?
Ismoil Sharipov: Usmonjon Qodirov kassatsiya instansiyasiga dastlabki sud qarori ustidan shikoyat qilgan, pushaymon ekanini aytib, jazoni yengillashtirishni soʻragan.
Jabrlanuvchi, yaʼni Fargʻona shahar IIB profilaktika inspektori M.Hamraliyev kassatsiya shikoyatida, jabrlanuvchi undan kechirim soʻragani sababli tayinlangan jazoni yengillashtirishni soʻragan.
Kassatsiya instansiyasi sudi, kassatsiya shikoyatlarini ish materiallariga qoʻshib, tekshirib chiqib, tahlil qilib, quyidagi asoslarga koʻra sud qarorini oʻzgartirib, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni lozim topgan.
U.Qodirovga Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 34-moddasi tartibida uzil-kesil 2 (ikki) sutka muddatga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan. Qodirov Usmonjon Hakimjon oʻgʻli maʼmuriy qamoq xarajatlaridan ozod qilingan. Kassatsiya shikoyati qanoatlantirilgan.
Sevara Alijonova: Demak, fuqaro Usmonjon Qodirovning 15 sutkaga qamoqqa hukm etilgani “soʻz erkinligi” bilan emas, niqob taqmagani bilan bogʻliq, shundaymi?
Ismoil Sharipov: Ha, shunday.
* * *
Mana shunaqa gaplar, doʻstlar. Kim haqu, kim nohaq, xulosa oʻzingizdan.
Uchala tomon bergan maʼlumotlarni umumlashtirgan holda, bizning xulosalarimiz quyidagicha:
Jurnalist va bloger Usmonjon Qodirov haqida avval maʼlumotga ega emas edim. Bu voqealardan keyin uning ishlari va telegram kanalini kuzatib, ijobiy fikr uygʻondi. Yaxshi, sodda va samimiy yigit ekan, ammo suhbat asnosida yoshlarga xos shoshqaloqligi, ayrim harakat va soʻzlarini mulohaza qilmay, ommaga eʼlon qilib yuborish odati borligini payqadim. Buni garchi “15 sutka qamoq” fonida qolib ketgan “notoʻgʻri axborot yetkazishi”, hatto xorijiy OAVga ham oʻzi ishonch hosil qilmagan axborotni tasdiqlashi, boshqalar tarqatgan unga aloqador xabarni “shunchaki” eʼlon qilishi (oʻzi asosiy qahramon boʻla turib, bunday xabarni koʻr-koʻrona qoʻyolmaydi, bu bilan u “Ha, xuddi shunday boʻlgan edi asl jarayon” degandek boʻlyapti. Oʻzidan qayta-qayta soʻramay, M.Obidov hech qanday tazyiq oʻtkazmaganini taʼkidladi va unda zarracha qoʻrquv alomatini sezmadim) bunga misol boʻla oladi. “OAV toʻgʻrisida”gi qonunning 5-moddasida “Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish, uni saqlash huquqiga ega” deyilgan boʻlsa, uning davomida “tarqatilayotgan axborotning xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar boʻladi” deb ham qayd etilgan.
Ammo jurnalistning soʻz erkinligi uchun “tanobini tortib qoʻyish” maqsadida 15 sutka qamoq jazosi berilishiga qatʼiy qarshiman. Pandemiya qoidalarini buzgani uchun boʻlsa, hamma qatori javobini bersin.
Jurnalist va blogerning farqi shunday vaziyatlarda sezilib qolyapti. Jurnalistning ishi bitta maʼlumotga ishonib, ayyuhannos solish emas, ikkinchi, uchinchi taraflarning ham fikrini olish, asl vaziyatni oʻrganib, xolis va haqqoniy axborot berishdir. Ayniqsa, hozirgi «xayp»lar zamonida ishonchli axborotni ishonchsizidan ajrata olish qiyin boʻlib bormoqda. Birinchi axborot bergan odam hamisha haq boʻlib qolayapti. Keyin bu ishning oxiri nima bilan tugaganiga na axborot tarqatuvchining, na axborot oluvchining qiziqishi, ehtiyoji bor.
Qiziq savol tugʻiladi: bir jurnalistni himoya qilaman, deb ikkinchi bir kishi (jurnalist)ning huquqiga daxl qilib qoʻymayapmizmi? Agar bu haqiqat boʻlganida, «xayp»ingizni istaganingizcha qilsangiz boʻlardi. Ammo vaziyat yuqoridagiday tus olsachi..? Birovni bilib-bilmay haqorat qilganlar ham 15 sutka qamoq chellenjidan “bahramand” boʻlishi kerakmi? Avvalo, bu kunlarni koʻrgulik qilmasin.
Jurnalistlar sal dadilroq boʻlib, shaxsiy munosabat bildirishdan qochib muammo-masalaga xolis va haqqoniy yondashsalar, bir tomonning fikridan xulosa qilmay, ikkinchi, uchinchi… tomonlarni ham oʻrgansalar, jamiyatimizda urchiyotgan «xayp»larga beradigan zarbalari shu boʻlar edi.
Haqiqat yuzaga chiqsinu, hech kimning boshi gʻalvaga qolmasin… Fikrimcha, bu ishlarning boshi va oxiri qayoqqa qarab ketayotganini, aybdor aslida kim ekanini fahmladingiz.
Bir-birimizni asraylik, bir-birimizni hurmat qilaylik!