Insoniyat oʻz zurriyotini sogʻlom boʻlishini va hech kimdan kam boʻlmasligini, hamma yaxshi narsalar bolalarga boʻlishini istaydi. Bu kun bolalarni himoya qilish kuni ham deb nishonlanadi. Bolalarni himoya qilish tushunarli. Ammo global olamda biz bolajonlarimizni himoya qiladigan ishlarimiz koʻpayganidan koʻpaydi. Menimcha, ularning eng asosiylari birinchidan axborot xurujlari, ikkinchidan tarbiyasizlikdan himoya qilishimiz kerak. Men bugun pandemiya, karantin kabi bizning avlod tasavvuriga ham sigʻdira olmagan, lekin bolalar guvohi boʻlayotgan, ochigʻi, bu balo ularning bir qism bolaligini ham “oʻgʻirladi”. Nachora, odamzod boshiga keldi bu kulfat.
Biz bugun taraqqiyot mislsiz ildamlab borayotgan bir paytda yashayapmiz. Dunyoda 3,2 mlrd. inson internetdan foydalanyapti. Ularning aksariyati maktab yoshidagi bolalar ekanini nazarda tutsak, tarbiya sohasida nihoyatda jiddiy ishlar qilinishi lozimligi ayon boʻladi. Bolalar odatda uchinchi olamdan olayotgan maʼlumotlarni oʻz ota onalaridan sir tutadilar. U yerda har qanday nomaqbul bizga yot boʻlgan axloq va vertual mediolar boʻlishini hamma biladi-yu, ammo bu jarayonlar ogʻushida kechayotgan bolalarimiz ongu- shuurini zaxarlayotgan baʼzi yot narsalarga befarq boʻlishimiz tarbiyada, hayotda qimmatga tushishi mumkin. Bolalar qoʻlidagi telefonni olib qoʻyish yoki unga qatʼiy taqiqlarni joriy qilish bilan masala aslo hal boʻlmaydi.
Buning oʻrniga muttasil tushuntirish ishlarini olib borish, hayotda aniq misollar bilan axborot olamidan qanday unumli foydalanish kerakligini maktabda, matbuotda, uyda va jamoatchilik orasida targʻibot qilishdan erinish kerak emas. Shunday boʻlayapti ham. Ammo biz hali qoniqmayapmiz. Bu borada oydinlashtirish kerak boʻladigan koʻplab muammolar borki, u albatta oʻz yechimini zamonaviy tarzda topishi darkor. Shunday usullardan biri mumtoz oʻzbek xalqida shakllangan tarbiya, rivoyat,urf- odat va hikmatlarni yoshlarga soʻzlab berish, oʻrnak boʻladigan oilalar timsolida koʻrsatish va ularni sms tarzida yoki elektron matbuotda muttasil yoritib borish samara beradi. Toki, vertual olamda hamma narsa ham insonning kamoloti uchun emas ,balki uning ming tuban ketib qolishiga sabab ham boʻlishi mumkinligini hamma bilishi va bu olamdan faqat kerakli axborotlardan foydalana bilish kerak. Internetning baʼzi saytlarida shunday baland parvoz bolalarni chalgʻituvchi, puch orzular vaʼda qilinadiki, nahotki shu gʻoyalarga qarshi kurashish bizni tashvishlantirmasa, deb oʻylab qolasan kishi? Hakimlardan biri: ”Yengil orzular ahmoqlarning savdo mollaridir”, deganda mutlaqo haq edi.
Sir emas, baʼzi bolalarda, hattoki ota- onalarda ham juda tez natijalarga erishish, har bir muvaffaqiyat ortida insonlarning tinimsiz mehnati yotganligini farzandlariga tushuntira bilishlari lozim. “Mehnat- mehnatning tagi rohat” ekanini bolalarga aytaverishdan erinmasliklari kerak. Internetda hamma narsa joʻn va tayyor hal boʻlayotganligi, goʻyoki, mehnatsiz kun kechirish mumkin ekan, degan xayolga olib keladi, baʼzi bolalarni.
Koʻngil ochar oʻyinlar esa uni mutlaqo dangasa va bemehr, shafqatsiz qilib qoʻymoqda. Bizning avlod yoshlik chogʻlarimizda vertual olam yoʻq edi. Dangasalik orzularni puchga chiqaradi. Muttasil telefonga berilish, kompyuter oʻyinlari bolalarni dangasa va befarq qilib qoʻymoqda, desak hech mubolagʻa qilmaymiz. Xalqimizda shakarning ham ozi shirin, degan naql bor. Shunday ekan zamonaviy axborot texnologiyalari asrida har qanday sharoitda muvozanatni saqlay bilish kerak. Bolalar har tomonlama boʻlishlari, aslo biryoqlamalik boʻlib qolmasliklari kerak. Ota- ona farzandiga doim ustun boʻlishi ham maʼnaviy, ham moddiy jihatidan bola undan naf olishi kerak. Men bu borada hammaga tarbiya bobida toʻrtta yetti haqidagi nasihatni gapiraman. Yetti yoshgacha farzand hamma uchun rayhon, uni hidlab toʻymaysan kishi, bamisoli jannat ifori. Yetti yoshdan oʻn toʻrt yoshgacha u senga dastyoring barcha mayda yumushlaringga koʻmaklashadi.
Oʻn toʻrt yoshdan yigirma bir yoshgacha vaziring, sen u bilan maslahatlashib ish tutishing kerak. Yigirma bir yoshdan yigirma sakkiz yoshgacha u agar sen toʻgʻri tarbiya bergan boʻlsang, doʻstingga aylanadi, aks holda, dushmaningga aylanadi. Doʻstimning bir oʻgʻil, ikki qizi borligini bilar edim. Suhbat asnosida oʻgʻli okean ortida yashayotgani, oʻsha yerda uylanib bolali boʻlganligini aytib oʻksinib, mana shu voqealarning hammasiga oʻzining beparvoligi, oʻgʻliga maktab davridayoq bekami-koʻst sharoit yaratib berganligi, ayniqsa internet tarmogʻi orqali oʻzga yurtlarni ixtiyor etganini nadomat bilan aytib berdi. Orada oʻgʻli bir marta kelganda unda butunlay mafkura oʻzgarganligiga hayron qoldim, deydi. Oʻgʻlining ishlaridan u uchun dunyo qorongʻi edi. Oʻzi ilgʻor deb bilgan tarbiya sarob boʻlib chiqdi.
Biz oldindan koʻrmagan xatolar kelajakda tarbiyada shunday natijalarni beradi. Baʼzi paytda biz yaxshi niyat bilan boshqa millatlarni tilini bolalarimizga oʻrgatyapmizu, ammo oʻzimiz bilmagan holda bizga xos boʻlmagan odatlari ham oʻtib qolmoqda. Ota- onasini rozi qilmagan farzand esa bu dunyoda ham, oxiratda ham najot topmasligini muqaddas kitoblarda yozilgan. Bunday misollar koʻp. Bolalarimizga shunga oʻxshash bola koʻz oʻngida sodir boʻlayotgan voqealarni xontaxta atrofida tarbiyaviy maqsadlarda keltirishini tavsiya qilar edim. Albatta nonushta va kechki ovqatlanishni bolalar bilan oʻtkazish va unda tarbiyaviy suhbatlar boʻlishi shart. Toki bola real voqealar asnosida oq va qorani ajratib olsin. Internetda immunitet hosil qilish kerak deganda ana shular ham nazarda tutiladi. Olimlardan biri shunday degan ekan: ”Kimki oʻz oilasi bilan yaxshi boʻlmasa, sen bilan ham yaxshi emas va kimki oilasini himoya qilmasa, seni ham himoya qiluvchi emas”. Shunday ekan hamma ota- onalar oʻz oilasiga rahnamo. Muallimlar esa oliyjanob vazifani bajaruvchi sifatida umumiy ishga kamarbasta insonlardir.
Baxtiyor Karimov,
Oʻzbekiston Respublikasi
xalq oʻqituvchisi
O’zA