Oliy Majlisi Senatida byudjetga oid masalalar yuzasidan videokonferensaloqa majlisi oʻtkazildi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi boʻlib oʻtdi.

Navoiy va Xorazm viloyatlarida byudjet daromadlariga belgilangan prognoz koʻrsatkichlarining joriy yil I chorakdagi ijrosi va II chorakda kutilayotgan natijalar muhokama qilindi.

Navoiy viloyati boʻyicha hisobot davrida viloyat mahalliy byudjetining daromadlar tushumlari prognozi ijrosi boʻyicha kontingent tushumlar 512,3 milliard soʻmni tashkil etgan. Shuningdek, viloyat mahalliy byudjetining xarajatlariga 2020-yilda jami 1 trillion 353 milliard soʻmlik mablagʻlar rejalashtirilgan. Shundan joriy yilning I choragi davomida viloyat mahalliy byudjetining xarajatlariga jami 379,5 milliard soʻmlik mablagʻ moliyalashtirilishi taʼminlangan.

Shu bilan birga, majlisda ushbu yoʻnalishda uchragan muammolar toʻgʻrisida soʻz yuritildi. Xususan, birinchi chorak boʻyicha umumiy prognoz bajarilgan boʻlsada, yirik soliq turlari daromadlari yuzasidan aksiz soligʻiga belgilangan prognoz 0,7 milliard soʻmga taʼminlanmagan.

Byudjet tashkilotlarida oʻtkazilgan jami 41 ta nazorat tadbiridan 26 tasida, yaʼni 751,4 million soʻmlik amaldagi tartiblarga zid ravishda amalga oshirilgan xarajat va kamomadlar aniqlangan.

Xorazm viloyati boʻyicha byudjet daromadlariga 2020-yilning I choragi uchun belgilangan 306 milliard soʻm prognoz amalda 106,3 foizga bajarilib, byudjetga qoʻshimcha 19,2 milliard soʻm tushum taʼminlangan. Shundan mahalliy byudjet tushumlari ijrosi 292,4 milliard soʻmni tashkil etgan.

Viloyatda byudjet oldidagi qarzdorlik oshgan. Xususan, 2020-yil 1-aprel holatiga koʻra, byudjet oldidagi qarzdorlik 44,9 milliard soʻmni tashkil etdi.

Bundan tashqari, Xorazm viloyati davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi tomonidan hisobot davrida byudjet tashkilotlarida oʻtkazilgan 95 ta moliyaviy nazorat tadbirining 85 tasida moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. Ularning umumiy miqdori 1 milliard 490 million soʻmni tashkil qildi. Hisobot davrida aniqlangan moliyaviy xato va kamchiliklarning 92,7 foizi belgilangan tartibda aybdor shaxslardan undirilishi taʼminlangan.

 

Nurillo NASRIYEV, OʻzA