Xalqimiz salomatligini asrash va farovonligini oshirish – asosiy maqsadimiz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-may kuni aholi uchun yaratilayotgan sharoitlar, fuqarolar hayotini yaxshilash, farovonligini oshirish yoʻlida qilinayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida poytaxtimizning Sergeli tumani va Toshkent viloyatining Zangiota tumanida boʻldi.
Prezidentimiz dastlab Zangiota tumanida barpo etilayotgan koʻp tarmoqli maxsus shifoxona qurilishi bilan tanishdi.
Koronavirus pandemiyasi butun dunyoga tarqalib, insonlar hayotiga katta xavf tugʻdirmoqda. Mamlakatimizda oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar, xalqimizning chuqur tushunishi va sabr-toqati bilan bu ofat jilovlanib, ommaviy yoyilib ketishining oldi olinyapti. Qisqa fursatlarda davolash-profilaktika muassasalari va karantin zonalari qurilgani bunda muhim omil boʻldi.
Zangiota tumanidagi maxsus shifoxona loyihasining umumiy qiymati 504 milliard soʻm boʻlib, 33 gektarda 2 ta kompleks qurilmoqda. Bunda yuqumli kasalliklar xususiyati va zamonaviy tibbiyot talablari inobatga olingan.
Xususan, statsionar joylarning hammasi bokslangan, har bir xona avtonom. Biridagi havo boshqasiga oʻtmaydi. Ularga kirib-chiqish ham, xizmat koʻrsatish ham alohida. Kasallar kelgach, qabul boʻlimidan tambur orqali toʻgʻridan-toʻgʻri oʻz palatasiga joylashtiriladi.
Barcha korpuslar, boʻlinmalar toza va notoza yoʻlaklar bilan ajratilgan. Toza yoʻlakdan faqat tibbiy personal oʻz vazifasini bajarish uchun foydalanadi. Shifokorlar harakatlanish chogʻida sanitar oʻtkazgichlar orqali oʻtadi. Bu barchaning – tashxisi noaniq boʻlganlar, vrachlar va boshqa xizmatchilarning xavfsizligini taʼminlash imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari kasalxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mutasaddilar bilan suhbatda undan oqilona foydalanish, tibbiyot xodimlarini ragʻbatlantirish muhimligini taʼkidladi.
– Bunday zamonaviy shifoxonani qurish sermashaqqat, undan samarali foydalanish esa undan ham qiyin. Shuning uchun bu yerga vrach emas, tashkilotchi odam rahbar boʻlishi kerak. Xodimlarning maoshi bonus tizimida boʻlishi zarur. Natija yaxshi boʻlsa, yaxshi daromad olishsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Muassasa 2 ming oʻringa moʻljallangan. Lekin 4 ming oʻringacha transformatsiya qilish imkoniyati bor.
Davlatimiz rahbari qabul boʻlimi, karantin zonasi, laboratoriya va muolaja xonalari, sanitar-yuvinish joylarini sinchiklab koʻzdan kechirdi.
Videoaloqa orqali Qoraqalpogʻiston va viloyatlardagi shifokorlar bilan muloqot boʻldi. Telemeditsina boʻyicha kompleks tizim yaratish, tumanlardan viloyat kasalxonalariga, undan respublika markazlariga bogʻlanish imkoniyatini yoʻlga qoʻyish, shu bilan birga, tibbiyot xodimlarini bu boʻyicha oʻqitib, tajriba almashuvni kengaytirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
72 oʻrinli reanimatsiya boʻlimida har bir koyka oʻpkaning sunʼiy ventilyatsiyasi va davolash apparatlari bilan jihozlangan. Bu boʻlimni kardiologiya, nevrologiya, pediatriya kabi turli yoʻnalishlar boʻyicha jihozlash ham mumkin.
Jarrohlik zallariga havo tepadan beriladi va yon tomonlardan soʻriladi. Natijada doimiy sterillik taʼminlanadi.
Prezidentimiz mazkur muassasada ish boshlaydigan tibbiyot xodimlari bilan suhbatlashdi.
– Mana shunday yangi shifo maskanlari qurib, xususiy tibbiyotni ham rivojlantirib, raqobatli meditsina yaratyapmiz. Endi shunga munosib zamonaviy vrach va hamshiralar kerak. Oʻz ustingizda tinimsiz ishlab, jahondagi yutuqlarni oʻrganib, xalqimizga xizmat qilishingiz lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Laboratoriyada virusologiya, biokimyo va immunologiya, mikrobiologiya, parazitologiya boʻyicha eng ilgʻor apparatlar oʻrnatilgan. Masalan, amaldagi polimer zanjirli reaksiya uskunasi 5 soatda oʻrtacha 40 kishiga tashxis qoʻysa, bu yerdagi zamonaviy jihozlar 2 soatda 90 ta namunani aniqlash imkoniyatiga ega. Koʻrpa-toʻshak va matolar yuvilib, boshqa buyumlar bugʻ yordamida dezinfeksiya qilinadi.
Shu yerda viloyat va respublika tibbiyot muassasalari qamrovi hamda hamkorligi haqida taqdimot oʻtkazildi.
– Koʻp shifoxonalar, diagnostika markazlari tarqoq joylashgan. Tashxis qoʻyish va davolash sifati talabga javob bermaydi. Mablagʻ esa sarflanib yotibdi. Davlatning bir soʻmi ham xalqimizga nima manfaat beryapti, degan savol har bir ishda mezon boʻlishi kerak, – dedi Prezident.
Mazkur shifoxona murakkab epidemiologik vaziyatda yuqumli kasalliklar xususiyatidan kelib chiqqan holda, barcha sanitariya-epidemologik talablarga javob beruvchi maxsus muassasa boʻlib xizmat qiladi. Epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan soʻng kelgusida koʻp tarmoqli tibbiyot klinikasi sifatida faoliyat yuritadi.
Jumladan, bu yerda zamonaviy texnologiyalar yordamida masofaviy tibbiy koʻriklar va konsiliumlar tashkil etilib, oliy va oʻrta maxsus tibbiy taʼlim muassasalarining talaba-oʻquvchilariga malaka oshirish uchun maxsus klinik baza sifatida xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari Sergeli tumanida barpo etilgan 16 qavatli uyni borib koʻrdi.
Tashqi koʻrinishi bilan ajralib turgan bu imorat zamonaviy standartlar asosida zilzilaga bardoshli qilib qurildi. Devorlarida energiya tejovchi materiallardan foydalanilgan. Internet tarmogʻi, videokuzatuv va yongʻin xavfsizligi uskunalari bilan jihozlandi. Uy 2-3 xonali 80 ta xonadondan iborat boʻlib, kam taʼminlangan va muhtoj oilalarga topshirilgan.
Prezidentimiz shu uydagi Sharofiddin va Shahnoza Joʻraboyevlar xonadonida boʻlib, ular bilan suhbatlashdi.
Bu oila 14 yildan beri ijarada yashab kelayotgan edi.
Oxirgi uch yilda Sergeli tumanida jami 19 ming 522 xonadonli 460 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirildi. 26 ta namunaviy tipdagi mahalla guzarlari bunyod etildi. Bolalar bogʻchalari, maktablar, poliklinika va boshqa obyektlar qurilib, aholiga munosib sharoit yaratish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Bugun ilgʻor xalqaro tajriba va amaliyot har sohada kerak. Ayniqsa, bu taʼlim tizimida suv va havodek zarur. Chunki sifat – eng ustuvor mezon. Yosh avlod kamolotida esa aslo beparvolikka yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.
Prezidentimiz rahbarligida xalq taʼlimi muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish, tizimdagi muammo va kamchiliklarni tezkor bartaraf etish mexanizmlarini ishlab chiqishga doir islohotlar ayni shunday ehtiyoj mahsuli.
Qolaversa, yangi turdagi umumtaʼlim muassasalarini barpo etish va muqaddam qurilgan binolarni bosqichma-bosqich zamon talablariga moslashtirish, oʻquv-tarbiya jarayonida ilgʻor pedagogik texnologiyalarni qoʻllash – davr talabi.
Yaqinda Sergeli tumanining 5A mavzesida foydalanishga topshirilgan 329-umumiy oʻrta taʼlim maktabi ayni shunday mezonlar asosida barpo etilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu taʼlim maskanini ham borib koʻrdi.
Maʼlumki, mazkur tumanda koʻp qavatli uy-joylar bunyod etilib, aholi soni oshib bormoqda. 2019-yilda bu yerda toʻrtta yangi maktab barpo etish ishlari boshlangan edi. Hozirgi kunda ularning ikkitasi qurib bitkazildi. Yangi oʻquv dargohlari tumandagi bolalar va oʻsmirlar hamda ota-onalar uchun munosib sovgʻa boʻldi.
Bugungacha eng katta maktablar 700 oʻrinli boʻlardi. 329-umumiy oʻrta taʼlim maskani 1680 oʻquvchiga moʻljallangan. Unga asos solishda 2019-yilda tashkil etilgan Prezident maktablari tajribasidan foydalanilgan.
Toʻrt qavatli maktabda 48 ta oʻquv xonasi mavjud. Shundan 20 tasi fan kabineti, 14 tasi boshlangʻich sinf xonasi va yana 14 tasi xorijiy tillarni oʻqitishga moʻljallangan. Laboratoriya va toʻgarak xonalari, elektron kutubxona, tibbiyot punkti, oshxona, faollar zali, sport maydonlarida zamonaviy sharoitlar yaratilgan.
Ahamiyatlisi, bu yerda bolalarni hozirdanoq aniq kasblarga yoʻnaltirish, hunarlarga mehr uygʻotish maqsadlarida maxsus xonalar tashkil etilgan, ular kerakli jihozlar, asbob-uskunalar, mehnat qurollari, mato va materiallar bilan taʼminlangan.
Taʼlim sifatini oshirish maqsadida maktabga direktor tanlov asosida, oʻqituvchilar esa test sinovlari natijasida ishga qabul qilingan.
Davlatimiz rahbari maktab darsliklari saviyasi talabga mutlaqo javob bermasligi, oʻquv dasturlarini ilgʻor xorijiy bilimlar asosida takomillashtirish zarurligini taʼkidladi. Bolalarga sifatli taʼlim berish, shu bilan birga, 7-sinfdan boshlab kasbga yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
– Oʻgʻil-qizlar hunar oʻrgansa, oʻziga ishonchi ortadi, dunyoqarashi ham oʻsadi, ota-onasining ham koʻngli toʻq boʻladi. Keyinchalik ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga mablagʻ sarflamaslik uchun bugun shu mablagʻni maktablarga berishimiz kerak. Bolalarimizni vatanparvar, jamiyatga kerakli inson qilib tarbiyalamasak, kelajakka xiyonat qilgan boʻlamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Maʼlumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan maktab dasturiga shaxmat saboqlari kiritilgan edi. Musiqa xonasi bilan tanishuvda yana bir shunday taklif bildirildi.
– Har bir oʻgʻil-qiz hech boʻlmasa bitta cholgʻu asbobini chalishni bilishini istardim, – dedi davlatimiz rahbari.
2019-yil 23-avgustda oʻtkazilgan yigʻilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab taʼlimini rivojlantirish buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarurligini taʼkidlagan edi. Soʻnggi uch yilda mamlakatimizda 160 dan ortiq umumtaʼlim maskani qurildi, oʻnlab ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi. Oʻqituvchilarning ish haqi oʻrtacha 2,5 barobar oshirildi. Bularning barchasi taʼlim sifatini koʻtarishga, pedagoglarning jamiyatdagi obroʻ-eʼtiborini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev 2016-yil sentyabrda besh yil davomida Sergeli tumanida 500 ta koʻp qavatli uy qurilishini aytganida koʻpchilik hayron boʻlgan edi. Davlatimiz rahbari 2018-yil dekabrda bu boradagi bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirgandi.
Bugun bu yerda katta, zamonaviy mavze paydo boʻldi. Oxirgi 3 yilda tumanda 19 ming 522 xonadonli 460 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirildi.
26 ta namunaviy tipdagi mahalla guzarlari barpo etildi. Shu davrda bu yerga 100 mingdan ziyod aholi koʻchib kelib, jami aholi 276 ming nafardan oshgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shuncha odamning farovonligini taʼminlash, boshqaruvni samarali tashkil etish maqsadida ushbu hududda Toshkent shahar hokimligiga toʻgʻridan-toʻgʻri boʻysunadigan alohida “Yangi hayot” kichik tumanini tashkil etish taklifini bildirdi.
Poytaxt aholisiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini vositachilarsiz, arzon narxda yetkazib berish choralari koʻrilmoqda. Birinchi bosqichda dehqon bozorlarida 256 ta maxsus rasta tashkil etildi. Ikkinchi bosqichga muvofiq, shahar boʻylab 514 mahallada 2316 ta koʻchma savdo yarmarkasi hamda 634 turgʻun savdo doʻkoni tashkil etildi.
Sergeli tumaniga Qashqadaryo viloyati biriktirilib, viloyat fermerlari oʻz mahsulotini olib kelib sotadigan savdo joyi ochildi.
Davlatimiz rahbari Tashabbus mahallasi hududidagi ana shunday savdo shoxobchasini koʻzdan kechirdi.
– Fermerlarning mahsulot olib kelishiga yordam berib, emin-erkin sotishiga sharoit yaratilsa, Toshkentda oziq-ovqat mahsulotlari narxini 15-20 foiz tushirish mumkin. Mahsulotlar arzon va sifatliligi xalqimizga, doimiy mijozlar borligi dehqonlarga ham qulay boʻladi. Endi boshqa tumanlarga ham muayyan viloyatlarni biriktirib, mahallalarda shunday ixcham, sovutgichli shoxobchalarni tashkil etish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari Sergeli-5A mavzesidagi “MADENA SOLLECTION” masʼuliyati cheklangan jamiyat faoliyati bilan ham tanishdi. Ushbu tikuvchilik korxonasida tibbiyot xodimlari uchun yiliga 150 ming dona maxsus kiyimlar ishlab chiqarilmoqda. Korxonada shu atrofda yashovchi 100 nafar xotin-qiz ishli boʻldi.
Prezident ishchi ayollar bilan suhbatlashdi. Ularning oilaviy va mehnat sharoitlari bilan qiziqdi.
Davlatimiz rahbari Sergeli tumanida barpo etilgan ekoparkni borib koʻrdi.
Oʻtgan yil 21-mayda Uchtepa tumaniga tashrif chogʻida Toshkent shahri tumanlarida istirohat bogʻlari tashkil etib, aholining dam olishi uchun sharoitlarni kengaytirish boʻyicha topshiriq berilgan edi.
Shunga muvofiq, Sergeli tumanida umumiy maydoni 10 gektar boʻlgan “Flowers Garden Park” tashkil etildi. Shundan 5 gektari bogʻ, 5 gektari gul sotish markazidir. Boqqa yirik gulli magnoliya, fotiniya frazeri, qora sosna, igna bargli archa, “Krimson king” chinori kabi 30 turdagi 6 mingdan ziyod manzarali daraxt va 20 turdagi 60 mingdan ziyod buta olib kelib ekilgan. Aholining koʻngilli hordiq chiqarishi uchun restoran, savdo shoxobchalari tashkil etilgan.
Turkiyaning “Natural Peyzaj” shirkati bilan hamkorlikda bunyod etilgan bogʻda 200 ta ish oʻrni yaratilgan. Malakali agronom va entomologlar jalb etilgan.
Davlatimiz rahbari bogʻda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, manzarali daraxtlar va gul doʻkonlarini koʻzdan kechirdi.
Yangi ekoparkda Sergeli tumani mutasaddilari, aholi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
– Bugun bu yerga kelishimdan maqsad – koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan hozirgi murakkab vaziyatda xalqimizni nimalar oʻylantirayotgani, odamlar hayotini yaxshilash uchun yana nimalar qilish kerakligini birgalikda fikrlashib olish, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Sergeli tumani uchun shakllantirilgan investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
Jumladan, joriy yilda umumiy qiymati 1,8 trillion soʻmlik 61 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 5 mingdan ziyod ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 22 ta loyiha boʻyicha 83 million dollar miqdorida horijiy sarmoyalar oʻzlashtiriladi.
Misol uchun, Toshkent quvur zavodida joriy yilda xitoylik hamkorlar bilan birga 85 million dollar investitsiya evaziga yiliga 500 ming tonna metall list ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi.
Chirchiq daryosining Bektemir va Sergeli tumanlaridan oqib oʻtuvchi 16 kilometrlik qismidagi oʻzanlarni 65-80 metrgacha qisqartirish orqali qoʻshimcha 565 gektar boʻsh yer zaxirasi paydo boʻladi. Bu yerda yangi investitsiya loyihalarini joylashtirish orqali qoʻshimcha 160 ming yangi ish oʻrni yaratish mumkin. Mutasaddilarga bu masalani atroflicha hisob-kitob qilib, ularni amalga oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz kichik biznesni rivojlantirish, aholi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash orqali bandlikni oshirish, kambagʻallikni qisqartirish zarurligini taʼkidladi.
Transport va kommunal xoʻjalik infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan qiymati 83 million dollar boʻlgan, 7 kilometr uzunlikdagi Sergeli yer usti metrosi qurilmoqda. Uni joriy yil sentyabr oyida foydalanishga topshirish vazifasi qoʻyildi.
Oqova suv va isitish tarmoqlarini yaxshilash, markaziy issiqlik tizimini yopiq tizimga oʻtkazish orqali modernizatsiya qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

 

OʻzA