Fitnes saratonning ayrim turlari rivojlanishini toʻxtatadi

Doimiy jismoniy faollik nafaqat tanani tartibga soladi, balki sogʻliqni yaxshilaydi, ayrim xastaliklarni yengishda yoki kasallikka chalinishning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Amerika onkologiya jamiyati ekspertlarining taʼkidlashicha, sport bilan doimiy shugʻullanish saratonning yetti turi rivojlanishini toʻxtatadi.

Tadqiqot davomida ekspertlar turli yoshdagi 750 mingdan ziyod kishidan olingan maʼlumotlarni tahlil qilishdi. Natijada jismoniy faollik bilan saratonning eng koʻp tarqalgan turlari oʻrtasidagi bogʻliqlik oʻrganildi, deb yozadi herpes.ru sayti.

Tajribadan aniqlandiki, jismoniy faollik saratonning 15 ta turidan 7 tasi bilan xastalanish ehtimolini sezilarli ravishda kamaytiradi. Jismoniy harakat qanchalik faollashsa, saratonga chalinish ehtimoli shunchalik pasayar ekan. Jismoniy faollik erkaklarda yoʻgʻon ichak saratonning, ayollarda esa koʻkrak bezi va endometriya saratonining oldini oladi. Shuningdek, doimo harakatda boʻlish ayollarda buyrak, jigar kabi bir qator ichki aʼzolarda saraton oʻsimtasining paydo boʻlishiga toʻsqinlik qiladi.

Olimlarning taʼkidlashicha, har qanday sport turi (jismoniy mashqlar, fitnes, kuch ishlatib bajariladigan mashqlar, raqs yoʻnalishlari, suzish, yoga va boshqa) bilan shugʻullanish yurak-kon tomiri patologiyasi va qandli diabet kabi surunkali kasalliklarga taʼsir koʻrsatadi. Shuningdek, barcha kasalliklarning kelib chiqishiga asosiy omil hisoblangan semirib ketishning ham oldini oladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur tadqiqot natijasi shuni koʻrsatmoqdaki, faol jismoniy harakat saratonning taʼsirchan profilaktikasi hisoblanar ekan.

 

OʻzA