Koronavirus pandemiyasi insoniyat boshiga ogʻir va murakkab kunlarni solyapti. Dunyo iqtisodiyoti abgor ahvolga kelib qoldi. Epidemiya “yurishi”dan qoʻshni Qozogʻiston ham ogʻir talafot koʻrdi.
Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Favqulodda holat boʻyicha davlat komissiyasining soʻnggi majlisidagi nutqida oxirgi ikki oy mamlakat uchun oson boʻlmaganini qayd etdi. Pandemiya hali bartaraf etilmadi. Ammo uning yuqori choʻqqisidan oʻtilgan. Favqulodda vaziyat rejimini taʼminlash boʻyicha hukumat komissiyasi qozogʻistonliklarning salomatligini asrash, daromadi va biznesini qoʻllab-quvvatlashga oid 500 ga yaqin qaror qabul qilgan. Endi mazkur komissiya iqtisodiy oʻsishni tiklash boʻyicha davlat komissiyasiga aylantirildi.
Tan olish kerak, mamlakatning ayrim mintaqalarida epidemiologik vaziyat keskinligicha qolmoqda. Pandemiya hamon xavf solib turibdi. Shuning uchun karantin choralari mintaqalardan har biridagi vaziyat yaxshilangani sari olib tashlanadi. Shunga qaramay, iqtisodiyotning koʻplab tarmoqlari faoliyati qayta tiklanmoqda. 1 million 100 ming qozogʻistonlik ishga qaytgan.
– 11-maydan boshlab butun mamlakat boʻylab ayrim doʻkonlar, goʻzallik salonlari, taʼlim markazlari va boshqa obyektlar oʻz faoliyatini boshladi. Park va xiyobonlar ochildi. Yoʻlovchi aviatashuvchi qatnovlar yoʻlga qoʻyildi. Ammo kundalik turmushda ehtiyotkorlik choralariga rioya qilish lozim, – deydi Q.Toqayev. – Kichik, oʻrta va yirik kompaniyalar yangi tavsiyalarga koʻra ishlashga majbur. Ijtimoiy masofa, jamoat joylarida niqob taqish oddiy holga aylanmogʻi kerak. Viloyatlar oʻrtasidagi qatnovlarga cheklovlar saqlab qolinadi. Albatta, virus tarqalishining ikkinchi toʻlqini tahdidi mavjud. Shuning uchun hammasi odamlarning oʻziga bogʻliq boʻlib qolmoqda.
Maʼlumki, Qozogʻistonda inqirozga qarshi choralarning ikkita turkumi amalga oshirilmoqda. 4,5 milliondan ziyod qozogʻistonliklarga 42 ming 500 tengedan yordam puli toʻlandi. 1 milliondan ziyod kishi oziq-ovqat va maishiy toʻplamlar olmoqda. Kommunal tariflar ham pasaytirilgan. Ikki millionga yaqin qarzdorlarga kreditlari boʻyicha toʻlovlar kechiktirildi. 700 mingdan koʻproq kompaniya va tadbirkorlarga soliq yuki pasaytirilishi ularga 1 trillion tengeni tejash imkonini berdi.
Ammo pandemiyaning tez tarqalishi iqtisodiy vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Shu bois rasmiy Nur-Sulton, Prezident taʼbiri bilan aytganda, oʻz vaqtida tezkor choralarni qabul qildi. Koʻplab masalalar “eshitayotgan davlat” konsepsiyasi asosida jamiyatning faol ishtirokida yechildi.
Koronavirus pandemiyasi jahon iqtisodiy tushkunligining boshlanishiga sabab boʻldi. Aftidan, bularning bari uzoq choʻziladigan iqtisodiy inqirozga olib kelishi mumkin. Boz ustiga, dunyoda proteksionizm kuchayishi kuzatilayotgani ayni haqiqat. Iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari quladi. 400 milliondan ortiq korxonalar bankrotlik yoqasiga kelib qoldi. Xullas, ekspertlar keyingi yuz yil ichidagi global iqtisodiy qisqarishni taxmin qilmoqda.
Qozogʻiston Prezidenti Q.Toqayevning aytishicha, mamlakatning bu borada ayrim yaqqol ustunliklari bor. Eng avvalo, yetarli moliyaviy zaxiralar toʻplangan, davlat qarzi ham katta emas. Endi mamlakat mablagʻlarni barcha fuqarolar hayoti va sogʻligʻini saqlashga, aholining daromadlarini oshirishga, biznesni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, fan va taʼlim tizimini takomillashtirishga yoʻnaltirmoqchi.
Qozogʻiston yaqin vaqtlarda yechishni lozim topgan yettita dolzarb vazifani kun tartibiga qoʻydi. Birinchisi, Qozogʻiston iqtisodiyotining mustaqilligini oshirish. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida islohotlar oʻtkazish, “yashil energetika”ga oʻtish, mahalliy qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarini qoʻllab-quvvatlash. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari importini kamaytirish.
Ikkinchisi, “Bandlik yoʻl xaritasi”ga 1 trillion tenge ajratiladi. Bu mablagʻlarga birinchi navbatda yangi ish oʻrinlari yaratilishi kerak.
Uchinchisi, odamlar sotib olishga qodir boʻlgan uy-joylar qurish iqtisodiyotni rivojlantirishga, bandlikning oʻsishi va ijtimoiy qoʻllov omiliga sabab boʻlishi mumkin. Uy olishga navbatda turganlar masalasini yechish uchun “5-10-20” tartibida kreditli uy bilan taʼminlash uchun yangi loyiha ishga tushiriladi. Aksilinqiroz mablagʻlari doirasida bu maqsadlarga 390 milliard tenge yoʻnaltiriladi.
Toʻrtinchisi, oylik ish haqi va daromadlarning boshqa turlariga nisbatan soliq undirishning adolatli shkalasini koʻrib chiqish belgilandi. Prezident Qosim-Jomart Toqayevning aytishicha, endi maoshi baland boʻlmagan fuqarolar kamroq, yuqori haq oladigan xodimlar balandroq tartibda soliq toʻlaydi.
Beshinchisi, milliy biznesni dastaklash.
Oltinchisi, xorijiy kapital uchun raqobat kuchayar ekan, har bir kapital egasi bilan bevosita ishlashga oʻtiladi.
Yettinchisi, butun dunyoda boʻlgani kabi Qozogʻiston ham barcha korxona va ish oʻrinlarini saqlab qololmaydi, har bir biznesning barqarorligini taʼminlay olmaydi. Shuning uchun favqulodda holat rejimi kiritilishidan eng koʻp jabr chekkan iqtisodiyot tarmoqlari uchun normativ darajada favqulodda fors-major holati joriy etiladi. Shu bilan birga fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash va binesni rivojlantirish uchun iqtisodiy oʻsishni tiklashga qaratilgan kompleks reja va 2025-yilgacha mamlakatni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan strategiya ishlab chiqilmoqda.
Abduvali Soyibnazarov,
sharhlovchi
O’zA