Qoraqalpogʻiston va Fargʻonada 11 nafar bemor tuzaldi, bugun sogʻayganlar soni 35 nafarga yetdi

Qoraqalpogʻiston Respublikasida 8 nafar, Fargʻona viloyatida 3 nafar, jami 11 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sogʻaydi va reabilitatsiyaga kuzatildi.

Qoraqalpogʻistonda sogʻayganlarning barchasi ushbu hududdan (6 nafari Nukus shahridan, 2 nafari Qoʻngʻirot tumanidan) boʻlib, barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Bemorlarning 2 nafari erkak, 6 nafari ayol boʻlib, ular orasida eng yoshi kattasi 53 yoshda boʻlsa, eng yoshi kichigi 2 yoshda. Ayni paytga qadar Qoraqalpogʻistonda 101 nafar bemor tuzalgan boʻlsa, endilikda ular 109 nafarni tashkil etmoqda.

Fargʻonada tuzalganlarning 1 nafari (27 yoshli ayol) ushbu viloyatdan boʻlib, koronavirusga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. 2 nafari (23 yoshli ayol va 2019-yilda tugʻilgan chaqaloq) esa Andijon viloyatidan boʻlib, Istanbul – Fargʻona yoʻnalishidagi charter reys bilan kelishgan va karantinga olingan. Infeksiya aniqlangach, shifoxonaga yotqizilgan. Viloyatda shu paytga qadar 136 nafar bemor tuzalgan boʻlsa, endilikda ular 139 nafarga yetdi.

Hozirda mamlakatimiz boʻylab koronavirus infeksiyasidan sogʻaygan bemorlar 1881 nafarni tashkil etmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

 

O’zA