Urush faxriylari hamisha eʼzozda

9-may – Xotira va qadrlash kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham karantin qoidalariga rioya qilingan holda nishonlandi.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari joylarda turib, onlayn videoaloqa orqali poytaxtimizda oʻtkazilgan Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbirida ishtirok etdi. Unda davlatimiz rahbarining tabrik nutqidagi qoraqalpogʻistonlik urush qatnashchilari haqida bildirgan fikrlari barchada gʻurur va iftixor tuygʻularini uygʻotdi.
1941–1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi qatori Qoraqalpogʻiston Respublikasidan ham 66 mingdan ziyod mard va jasur oʻgʻlon ishtirok etgan boʻlsa, shundan 34 ming nafarga yaqiniga ona Vatanga qaytish nasib etmadi. Bugun esa, urush qatnashchilaridan 11 nafarigina oramizda umrguzaronlik qilmoqda.
Shulardan biri qonlikoʻllik Orazboy ota Nametullayevdir. U fashizmga qarshi kurashda mardlik va qahramonlik namunasini koʻrsatdi. Ukraina, Moldova, Vengriya mamlakatlarini ozod etish janglaridagi ishtirokini koʻzlarida yosh bilan eslaydi. Yuz yoshga yaqinlashgan otamizga bugungi tinch va osuda hayotni koʻrish nasib etdi.
Urush faxriysiga Prezidentimizning shaxsan yoʻllagan bayram tabrigi oʻqib eshittirildi. Bundan soʻng davlatimiz rahbarining joriy yil 30-martdagi ”Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmoni asosida 10 000 000 (oʻn million) soʻm miqdorida pul mukofoti, Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining “1941-1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida erishilgan gʻalabaning 75 yilligi” medallari, “Oʻzbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga qoʻshgan hissasi” nomli kitob-albomi, “Oʻzbekistonlik Ikkinchi jahon urushi qahramonlari” nomli kitob topshirildi.
Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan Nukus shahridagi Xotira maydonida Motamsaro ona haykali poyiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi, huquq-tartibot idoralari, harbiylar nomidan gulchambarlar qoʻyildi. Karantin sabab ushbu tadbirlarda xalqimiz ishtirok etmagan boʻlsa ham har bir xonadonda bayram kayfiyati hukmron. Zero, urush maydonlarida mardlik koʻrsatgan, front ortida mehnat qilgan faxriylarimiz hamisha xalqimiz eʼzozida.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Yerniyazov ishtirok etdi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA