Tojikistonga navbatdagi insonparvarlik yordami

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga muvofiq, koronavirusga qarshi kurashda katta tajriba toʻplagan 8 nafar shifokor navbatdagi insonparvarlik yordami bilan birga 8-may kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahriga joʻnab ketdi.

Tibbiyot guruhi tarkibida anesteziolog-reanimatolog, pulmonolog, epidemiolog, infeksionist, virusolog mutaxassislar bor. Ular “COVID-19” infeksiyasining oldini olish, nazorat qilish va davolashni tashkil etishda tojikistonlik hamkasblariga yaqindan koʻmaklashadi.

Begʻaraz koʻmak yuki tarkibida esa 10 ta oʻpkani sunʼiy ventilyatsiya qilish uskunasi, turli dori vositalari, tibbiy himoya kiyimlari, qoʻlqoplar, respiratorlar bor.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qilib, mintaqa va dunyodagi mavjud epidemiologik vaziyatni muhokama qilgan edi. Ikki davlat rahbari bir-birlarini koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan mamlakatlarimizda yuzaga kelgan holatdan xabardor etib, tanglikni birgalikda bartaraf etish boʻyicha hamkorlikka tayyorligini bildirgan edi.

Oʻzbekistondan joʻnatilgan navbatdagi insonparvarlik yordami va tajribali shifokorlardan iborat guruh Tojikistonda koronavirusga qarshi kurash ishlarini samarali tashkil etishda mamlakatlarimiz hamkorligining amaliy ifodasi boʻladi.

 

OʻzA