Ko‘ksaroyda Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda.

Davlatimiz rahbari kengash doirasida to‘rtta yo‘nalishda ishchi guruhlarni tashkil etish va ularni to‘liq amalga oshirishda faol ishtirok etishga taklif etdi.

Birinchidan, kapital bozorini rivojlantirish. Bu yo‘nalishda xorijiy investorlarning talablariga to‘la javob beradigan xalqaro moliya markazini rivojlantirish uchun ichki va tashqi kapitalni keng jalb etishga asosiy e’tiborni qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Ikkinchidan, mas’uliyatli biznes yuritish. Bu borada iqtisodiyot barqarorligi, shaffofligi va ochiqligini ta’minlashga qaratilgan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tegishli tamoyillarini keng joriy etish dolzarb vazifadir.

Uchinchidan, muqobil investitsiyalarni rag‘batlantirish. Bunda startap, innovatsion loyihalar, birgalikdagi sarmoyalarni ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Venchur investitsiyalar to‘g‘risida”gi yangi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish katta ahamiyatga ega.

To‘rtinchidan, investorlar bilan ishlash tizimini raqamlashtirish. Xorijiy investorlar bilan davlat organlari o‘rtasidagi barcha xizmatlarni amalga oshirish uchun mukammal elektron platformani ishlab chiqish va amaliyotga keng joriy etish vaqti kelgani ta’kidlandi. Bu investorlarni qiynayotgan kompleks muammolarni o‘z vaqtida va tizimli hal etishga imkon beradi.

O‘zA