1000 nafarga yaqin yoshlar ishli boʻldi

Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Moʻynoq kelajagi bunyodkorlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati tashkil etilib, unga yer maydoni ajratildi. Bu koʻplab yoshlarni ish bilan taʼminlash imkonini bermoqda.
– Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori ijrosi doirasida “Moʻynoq kelajagi bunyodkorlari” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga boʻsh turgan yer uchastkalari va zaxira yerlar ajratilmoqda, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi raisi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Abatboy Daniyarov. – Qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yuritishga ixtisoslashgan masʼuliyati cheklangan jamiyati ustav fondiga jami 75 dona har xil turdagi avtotransport vositasi, qishloq xoʻjaligi texnika va mexanizmini ajratish nazarda tutilgan. Yoshlarni ish bilan band qilish maqsadida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun belgilangan tartibda jami 10 ming gektar yer uchastkasi, shundan Moʻynoq tumanidan 5000 gektar, Qoʻngʻirot tumanidan 3000 gektar, Taxtakoʻpir tumanidan 2000 gektar yer maydoni ajratib berildi.
Ajratilgan yer maydonlariga sabzavot ekinlarini ekish, issiqxonalar tashkil etish hamda chorva mollari uchun ozuqabop ekinlarni yetishtirish belgilangan. Jumladan, Moʻynoq tumani hududidan ajratilgan yer maydonlarida 1 gektar issiqxona tashkil etish hamda 100 gektar maydonda eksportbop sabzavot, shuningdek, 60 gektar maydonda beda va ozuqabop ekinlarini ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Shularning hisobidan bugungi kunga jami 600 nafarga yaqin yosh ish bilan taʼminlandi. Ular asosan, agronom, suvchi, traktorchi, yuk va yengil avtotransport vositalari haydovchilari, veterinar va zootexnik, shuningdek, dehqonchilik bilan shugʻullanuvchi kasblarda faoliyat olib bormoqda.
– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi, sektor rahbarlari, Favqulodda vaziyatlar boʻlimi bilan hamkorlikda yoshlarning bandligini taʼminlash maqsadida ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Xoʻjayli tumani kengashi raisi Aziz Xudaybergenov. – Tuman hududidan “Moʻynoq kelajagi bunyodkorlari” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun 503,4 gektar yer maydani ajratilib, 50 nafardan ziyod yoshning bandligini taʼminlash rejalashtirilgan. Bugungi kunga 70 gektar maydonga turli ekinlar ekilgan boʻlib, 10 nafar yoshning bandligi taʼminlandi. Bundan tashqari, tuman hokimining joriy yil 20-apreldagi qarori bilan Eldarjon Masharipovga “Poliz-savzabotchilik qishloq xoʻjaligi” kooperativini tashkil etish boʻyicha “Samankoʻl” ovul fuqarolar yigʻini hududidan 25 gektar yer maydoni ajratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashining yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni kasbga oʻrgatish va ish bilan taʼminlashga qaratilgan tashabbusi joylarda qoʻllab-quvvatlanmoqda. Qaror ijrosini taʼminlash doirasida Orolboʻyi qolgan tumanlarining har biridan 500 gektar yer maydoni ajratilib, yoshlarning bandligi taʼminlanmoqda.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA