Suma Chakrabarti: uch yillik hamkorligimiz samarali boʻldi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti boshchiligidagi ushbu moliyaviy institut delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuvdan soʻng Suma Chakrabarti quyidagilarni soʻzlab berdi:

– Avvalo, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mamlakatingizda keng koʻlamda olib borilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash tarafdori ekanini taʼkidlamoqchiman.

Oʻzbekiston bilan uch yillik hamkorligimizni nishonlamoqdamiz. Mamlakatingiz iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyamiz hajmi 1,1 milliard AQSH dollarini tashkil qiladi. Jalb qilingan sarmoya turli sohalarda 33 loyihani amalga oshirishga qaratilgan. Birgalikda yana koʻplab qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etmoqchimiz. Oʻzbekiston, ayniqsa, xususiylashtirish sohasida yana-da jadal rivojlanishi zarur.

YETTB xususiylashtirish sohasiga yana-da koʻproq investitsiya kiritish niyatida. Bu, jumladan, korxona va banklarni xususiylashtirishga yoʻnaltiriladi. Biz tabiiy resurslar, togʻ-kon sanoati, gaz va energetika sohalarida ham qoʻshma loyihalarni amalga oshiramiz.

Ayni paytda asosiy eʼtiborni nafaqat poytaxt, balki viloyatlardagi loyihalarga qaratmoqdamiz. Andijonda vakolatxonamiz mavjud. Joriy yilda Urganch shahrida ham vakolatxona ochish niyatidamiz. Vakolatxonalarimiz mahalliy sanoatni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga har tomonlama xizmat qilmoqda. Soʻzim soʻngida, hamkorligimiz barqaror rivojlanayotganini alohida taʼkidlashni istardim.

 

Z.JONIBEKOV yozib oldi, OʻzA