Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni Rossiyaning “LUKOYL” kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, jahonning yetakchi energetik korporatsiyalaridan biri va Oʻzbekiston neft-gaz kompleksining muhim investori – “LUKOYL” bilan strategik sheriklikda sezilarli rivojlanishga erishilganini alohida taʼkidladi.
Bugungi kunda kompaniyaning qoʻshma loyihalarga kiritgan sarmoyalari hajmi 10 milliard dollar atrofida. Yiliga 8 milliard kub metrdan ziyod tabiiy gazni qayta ishlash quvvatiga ega Qandim gazni qayta ishlash majmuasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Janubi-Gʻarbiy Hisor va Ustyurtdagi konlarni oʻzlashtirish davom etyapti. Bundan tashqari, “LUKOYL” mamlakatimizdagi ijtimoiy dasturlarni faol qoʻllab-quvvatlamoqda.
Uchrashuvda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Kompaniyaning korporativ boshqaruv va neft-gaz tarmogʻida raqamli texnologiyalarga oʻtish borasidagi tajribasi va ilgʻor yechimlarini jalb etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston hududida geologiya-qidiruv sohasida hamda uglevodorod konlarini, shu jumladan, qazib olinishi qiyin boʻlganlarini oʻzlashtirish borasida kooperatsiyani mustahkamlash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Ilmiy izlanishlar hamda energetika sektori uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlik qilish ustuvor yoʻnalish sifatida belgilab olindi.